O`qish materiali. Avvalo ikki atama farqini aniqlab olish kerak: o`quv materiali va o`qish materiali. Birinchisi ko`pchilikka tushunarli, ta’lim mazmuni ma’nosida
qo`llanadigan metodik atamadir. Uning mazmuni tarkibiga o`quvchi o`rganadigan til materiali (leksika, grammatika, talaffuz hodisalari va ular zaminida shakllanadigan nutq hosilasi— matn), nutq mavzulari hamda vaziyatlari kabilar kiradi. Ikkinchi – «o`qish materiali» tushunchasi qamroviga matn va, qolaversa, uning qismlari bo`lmish so`z, so`z birikmasi, gap, gap birikmasi, abzas ham kiradi. Matn o`qishning nutq faoliyati turi sifatidagi materialidir, ikkinchi toifa birliklar esa o`qish texnikasi uchun manba hisoblanadi.
Turli ilmiy sohalar uchun tadqiqot ob’ekti bo`lgan matn har xil ma’no bildiradi. Tilshunoslikda «tekst lingvnstikasi», «tekstual lingvistika», «tekst grammatikasi» kabi murakkab atamalar keng ishlatiladi. Til o`rgatish metodikasida esa tekst lingvodidaktik izlanishlar ob’ekti hisoblanadi. Tekstni o`qish muammolari ko`rib chiqilgan, lekin u ta’limiy atama-tushuncha maqomida ilmiy tekshirilmagan.
Fanda «tekst» ta’rifida ikki - psixologik va lingvistik jihatdan yondashiladi. Har ikkalasida ham mushtarak tomon sifatida matnni nutq oqimining parchasi, deb tan olinishidir.
«Tekst» lotincha «textum» o`zagidan bo`lib, aynan «aloqa», «birlashish» ma’nosini bildiradi («matn» arabcha so`z bo`lib, «tekst» bilan sinonim termindir). Lug‘atlarda unga qator ta’riflar berilgan: «Yozma yoki bosma shaklda bayon etilgan muallif fikri, ijod mahsuli ... » yoki (1) «Nutqiy hosila, (2) Yozuvda qayd qilingan nutq mahsuli» kabilar. Inglizcha leksikografik manbalarda «tekst»ni «(1) Kitobda bosma harflar bilan berilgan so`zlar, (2) Muallif so`zlari..., (3) Qisqacha parcha, gap va hkz.» ma’nolarda talqin qilinadi.
Umuman olganda, turli ta’rif-talqinlardan qat’i nazar, «tekst (matn)» deganda, «nutqiy hosila» tushunchasi deyarli barcha olimlar tomonidan e’tirof etiladi. Ta’lim nuqtai nazaridan uning lingvodidaktik ta’rifi quyidagichadir: axborot almashishga manba hisoblanadigan nutqiy hosiladir. Lingvodidaktik tekst og‘zaki (gapirishda) va yozma (yozuvda) yaratiladi va axborot eltish xususiyatiga ega. Grafik tekst va audiotekst axborot olish uchun asos bo`ladi. Shunday qilish o`quvchi (matnxon) tekstni «ishlab chiqaruvchi» va «iste’molchi» vazifasini bajaradi.
Matndan olinadigan axborot o`quvchi uchun «bilim» maqomida bo`lishi yoki uning ma’lum qismi o`quvchi faoliyatini boshqarish, tartibga solishga xizmat qilishi mumkin. Binobarin, tekst o`quvchilar uchun, majozan aytilganda, «axborot ombori»dir. Undan bahramand bo`lish me’yori o`quvchining o`ziga havola.
Ta’lim jarayonida qo`llanadigan matnning metodik muammolari hozirgacha munozaralarga sabab bo`lib keladi. Masalan, matn va nutq faoliyati turlari degan masalani olib ko`raylik. Produsent (gapiruvchi va yozuvchi) muayyan xabarni nutqiy hosila sifatida yaratib, boshqalarga yetkazishga erishsa, og‘zaki yoki yozma matn vujudga keladi. Agar u chet tilda gaplar majmuasini aytish va yozish chog‘ida til materialini qo`llab, axborot berishga intilmasa, matnni emas, balki gaplarni aytish va yozish mashqi bajariladi, xolos.
Resipient (tinglovchi va o`quvchi) matnni idrok etib, yangi yoki shartli tarzda yangi axborot oladi.
Endi matn va axborot yuzasidan qisqacha fikr bayon etiladi. O`rta umumta’lim maktabi o`quvchilariga mo`ljallanadigan axborot o`quv dasturi doirasidagi nutqiy mavzular bo`yicha chegaralab beriladi (yoki, hunar-texnika o`quv yurtida, aytilganga qo`shimcha, kasbiy axborot ham beriladi. Oliy o`quv yurtlari talabalari uchun tegishli axborot yetkazilishi ham ularning o`quv dasturida belgilab qo`yilgan). Informativ yo`nalish matn mazmuni va hajmini belgilovchi mezondir.
Maktab o`quvchisi uch toifa yirik mavzu («Tevarak-atrof», «Mamlakatimiz» va «Tili o`rganilayotgan mamlakat») chegarasida matnlarni o`qiydi.
Matn va mashq tushunchalari metodikada chalkash, mujmal hisoblanadi. Aslida ular alohida ilmiy-ta’limiy kategoriyalarni tashkil etmaydi. Matn mashqning materiali bo`lib, ayni chog‘da u o`qish uchun ham materialdir. O`qish mashqining materiali matn, axborot esa o`qishdan olinadigan nutqiy hosiladir, o`quvchi uchun ma’naviy ozuqadir.
Matn tanlashga doir metodik shartlar ishlab chiqilgan. Ularning matn mazmuniga va tiliga oid ikki guruhi ajratilgan.
O`qishga mo`ljallanmish matn mazmuniga quyidagn talablar qo`yiladn: 1) matnning tarbiyaviy ahamiyati bo`lishi kerak (chet til o`rgatish maqsadlaridan biri
tarbiyalashdir, jamiyat axloq qoidalarini singdirish, ya’ni manaviy (axloqiy) tarbiya berishga qaratilgan matnlar tanlanadi); 2) o`quvchining hayotiy bilimini oshirish, ya’ni dunyoqarashini boyitishga xizmat qiladigan matnlar saralanadi. Bu o`quvchining bilish faoliyatini o`stirishda muhim shartlardandir. Aniq ma’lumotlarni aks ettiruvchi matnlarni o`qish umumiy ta’lim olishning ajralmas qismidir. Axborotga boy matnni o`qish har qanday kishini qiziqtirishi muqarrar. Chunki inson bolasi bilishga oshiqadi, bilishga moyilligi rag‘batlantirilsa, ushbu o`quv predmetiga uning qiziqishi oshadi; 3) o`qishga tavsiya etiladigan matnning mazmuni ilmiy jihatdan sifatli, ya’ni undagi ma’lumotlar voqelikni aks ettiradigan bo`lishi talab qilinadi. O`quvchiga qandaydir faraziy yoki taxminiy ma’lumotlarga asoslangan matnlar o`qitilmadi; 4) tanlanayotgan matn o`quvchi yoshiga mos tushishi talab etiladi. O`quvchi ehtiyojini qondirish chet tilda nutqiy faoliyatga undashning muhim chorasidir. Xullas, matn mazmuni o`quvchining manaviy saviyasiga muvofiq bo`lishi, bilish va hissiy talablariga javob berishi kerak.
Yuqori sinfda o`qiladigan matnlarning eng qiziqarlilari quyidagilar: badiiy adabiyotdan saralangan matnlar; tengdoshlar, do`stlik, muhabbat haqida fikr uyg‘otadigan muammoli matnlar; mazmunan jozibador (yumor, sarguzasht, detektiv, hazil, fantastik) matnlar; tarixiy ma’lumotlar beradigan, kashfiyotlar va sayohatlarga oid «Bilasizmi...?» toifasidagi matnlar. Mabodo matn mazmuni boshqa o`quv predmetlarining materialini bevosita takrorlasa, undan o`quvchining ixlosi qaytishi hollari tajribada isbotlangan. Yosh xususiyati e’tiborga olinmay o`qitiladigan matnlar ham kutilgan darajada qiziqish uyg‘otmaydi.
O`qiladigan matnlar tiliga mansub talablar ham qo`yiladi: 1) Matndagi til materiali tanlangan o`quv minimumiga muvofiq bo`lishi kerak. Leksik va grammatik hodisalarning sinfma-sinf taqsimoti hisobga olinadi. 2) O`quvchilar o`zlashtirgan til birliklari zaminida o`qishlari uchun matn tavsiya qilinadi. Matnni o`qish oldidan undagi texnikaviy va tiliga oid qiyinchiliklarning bartaraf etilishi zaruriy metodik tadbirdir. 3) Matn tilining uslubiy tomoniga qo`yiladigan talab: hozirgi zamon adabiy tili me’yorlari saqlanishi kerak.
Matnlarni tanlash va tuzish o`ta dolzarb metodik masaladir. «Tuzish» atamasining ma’noviy doirasi turli-tuman talqinlarga sabab bo`ladi. Avvalo, tuzish va tanlash orasidagi farq aniqlanishi zarur. «Tanlash» deganda, mazmuni yozuvchi tomonidan shakllangan, til va hajm jihatidan muallim yoki darslik/o`qish kitobi tuzuvchisi maktab sharoitiga moslashtirgan matnlarni saralash tushuniladi. Demak, asliyatdagi material yoki uning moslashtirilgan nusxasi o`qishga taqdim etiladi.
«Tuzish» atamasi og‘zaki o`rganilgan til materiali asosida va og‘zaki nutq mavzulari doirasida muallim yoki darslik/o`qish kitobi muallifi tayyorlagan matnlarga taalluqlidir. Shu munosabat bilan metodikada «tuzilgan» va «tanlangan» matn tushunchalari qo`llaniladi. Har ikkala toifadagi matnlar ham o`qish uchun material vazifasini o`taydi.
Material so`zi ishtirokida hosil qilinadigan «o`quv materiali», «o`qish materiali», «til materiali» atamalari bir-biri bilan «daraxt—mevali daraxt—olma»ga qiyos jins— tur munosabatini tashkil etadi. O`quv materiali tarkibiga o`qish materiali kiradi, o`z navbatida unda til materiali bo`ladi.
Matn bilan ishlashning uch bosqichi tadqiq qilingan va maktab tajribasida tatbiq etilgan: (1) tayyorlov, (2) o`qib tushunish va (3) matndan keyingi bosqich.
Birinchidan, matn oldi tayyorlov mashqlarida leksik-grammatik material va o`qish texnikasi o`zlashtiriladi.
Ikkinchi bosqich matnni o`qib tushunishga qaratilgan bo`lib, axborot olish va tushunganlikni tekshirish mashqlarini o`z ichiga oladi.
Matndan keyingi bosqichda uning leksikasi va axboroti asosida gapirish, tinglab tushunish va yozuv malakalarini o`stirish bo`yicha mashqlar o`tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |