So'fi Ollohyorning ijodiyoti. So'fi Ollohyor — diniy adabiyotning yirik vakili. Uning butun ijodi islomiy ma'rifat bilan sug'orilgan bo'lib, unda islom aqidalari, tasavvuf ta'limoti barq uradi. "Maslakul - muttaqin", "Siroj ul-ojizin", "Sabot ul -ojizin", "Murod ul- orifin", "Mazxan ul-mute'in", "Najot ul-tolibin" kabi asarlar So'fi Ollohyor ijodiy merosini tashkil qiladi. Bulardan tashqari shoir o'zining forscha asari "Maslakul-muttaqiyn"ga turkiy tildagi "Hidoyat ul-muttaqin" nomli nasriy tarjima kitobini yozdi. Kitobda haj masalasiga bevosita to'xtab, haj qilish ishtiyoqi ko'nglida borligi, ammo bunga imkon topa olmaganini aytib o'tadi.
Shoir So'fi Ollohyor she'riyatining tili sodda, samimiy va falsafiy.
Insonning ma'naviy faoliyatini uning ruhiyati boshqaradi. Ruhning mazhari esa ko'ngil. Demak, inson ma'naviy yuksaklikka erishish uchun, avvalo, ko'ngilni poklash va uni to'g'ri yo'lga sola bilish lozim. Shuning uchun shoir ko'ngilga muro-jaat qiladi va ko'ngilni, ruhiyatni tozalash zarurligi, buning uchun esa ko'ngildan bu o'tkinchi dunyoning barcha savdolarini, g'amlarini chiqarib tashlash, o'lmasdan burun havolanib, dunyoga havaslanmaslik lozimligini uqtiradi, zero, ortiqcha havasga berilish nafsni chaqiruvchi omil, shunday ekan, havas tikonini ko'ngulning toza bir bog'iga yo'latmaslikni uqtiradi va badiiy talqinini shunday beradi:
Kel, ey ko'ngil, jahon savdosidin kech,
Qadam g'am kishvarina urmag'il hech.
Jasad qolmasdin ilgari nafasdin.
Havo ko'p qilmag'il kechgil havasdin.
Poklangan ko'ngulda esa ma'naviy kamolotning asosiy omili bo'lgan muhabbat paydo bo'ladiki, u - " ko'ngil mulkining oliy bir sifati, har qanday ezgulikning elchisi.
Uning bog'ida ma'rifat unadi va qalbiga bunday muhabbatni singdirgan, uni ko'ngil mulkiga aylantirgan "qalb"da esa bu o'tkinchi dunyoning hoyu havaslariga zarracha e'tibor qolmaydi. Bu, albatta, Allohga muhabbatdan tug'iladi:
Ko'ngil mulkiga bir oliy sifatdur,
Muhabbat bog'i ganji ma'rifatdur.
Aningdek mulkini sultoni bo'lsang,
Ne hojat yer yuzini xonai bo'lsang.
Zotan, Allohga bo'lgan muhabbat "ganji ma'rifat'ni tug'diradi. Islom ta'limotida ilm va ma'rifatga yuksak nazar ila birinchi darajali masala sifatida qaralgan. So'fi Ollohyor ham bu boradagi falsafiy fikrlarining badiiy umumlashmasini berar ekan, haqiqiy ilm egasi, eng avvalo, kamtar bo'lmog'i, murodga yetay desa "Haq rizosi" uchun ilm egallamog'i lozimligini tubandagi shaklda beradi:
Agar chandiki bo'lsang qutbi abror,
Degil ne donishim, ne donishim bor.
Niholim mehnati bersin desang bar,
Rizoyi Haq uchun ilm et muyassar.
Islom va tasavvufdagi nafsga munosabat masalasi So'fi Ollohyor ijodiyotida bosh o'rinda turadi. Tubandagi pandnomaga e'tibor bering:
Аgar nafsing murodin izlamaksan,
Agar saksonga umring yetsa, saksan,
— deya shoir nafs ofatidan ogohlantiradi. Bu nafs nimalarni hohlamaydi, deysiz?! Nafsning murodini tilab, uning istagi bilan yurgan kishi yoshi saksonga yetganda ham ko'zi och bo'lib, har narsadan ko'zi o'tib, "sak" — it kabi har nimarsaga va har qayoqqa o'zini urib, "iskalanuvchi" bo'lib qoladi, ya'ni nafs uni qattiq balolarga bo'ysundiradi.
Shoirning mahorati shundaki, u "sakson" — inson yoshi, "saksan" — itsan ma'nosidagi so'zlar vositasida tajnis san'atini qo'llab, fikrning go'zal badiiy ifodasini bera olgan.
Ma'naviy kamolotga erishishning yana bir sharti — o'zlikni tanish. Shoirning falsafiy-islomiy qarashlari bo'yicha, o'zligini anglagan kishi Ollohni taniydi, o'zligidan kechib, Haqni tanimoqlik, uning "mushtoqi bo'lmoq'lik esa abadiy saodatdir. Tangrini tanigan kishini o'z-o'zidan manmanlik, kibr-u havoyu nafs balosi tark etadi, o'rnini hokisorlik, halimlik , tavoze', sabr egallaydi:
Nedur qulluq, aning mushtoqi bo'lmoq,
O'zidin foniy, Haqg'a boqiy bo'lmoq.
Do'stlaringiz bilan baham: |