"Tuya bilan Bo'taloq". Bu masalda erksiz jamiyat qoralanadi, ya'ni o'z ixtiyori o'zida bo'lmagan, zulmdan ezilgan, biroq "hayot shu ekanda" deb chidab kelayotgan kishilarning obrazi berilgan. Voqeaning qisqacha mazmuni: Farg'onada bir sarbon-tuyachi yashardi, u ko'p bolali bo'lib, tirikchiligi - shu birgina tuya edi. Shu tuya orqali yuk tashib, hammollik qilib ro'zg'orini bazo'r tebratar edi. Kunlarning birida sarbon doimgiday tuyaga og'ir yukni ortib, yo'lga tushadi. Tuyaning orqasida emadigan yosh bo'talog'i ham ergashib boradi. Bechora bo'taloq onasini emolmay, onasining ketidan zorlanib ketaveradi. Bo'taloqning nolalaridan ona tuya eziladi, ammo bolasining istagini bajarish uchun iloj qilolmaydi, chunki "burunduq sarbonning qo'lida":
Aydi onosi bolasig'a boqib,
Ko'zlarining yoshlari suvdek oqib.
Ko'rki burunduq kishining qo'lida,
Bu kishining ko'zlari o'z yo'lida.
Menda agar zarra kabi ixtiyor
Bo'lsa edi, bo'lmas edim zeri bor.
Ko'rinadiki, muallif qisqa syujetli bu voqea orqali o'z manfaati evaziga o'zgalarni jabrlamaslik kerakligini uqtiradi. Buning uchun tuya yetaklovchi kishi, uning hukmi ostida bo'lgan tuya, tuyaning orqasidan zorlanib boruvchi Bo'taloq obrazlarini yaratadiki, har biriga alohida ma'no va maqsad yuklatilgan, ya'nikim, mehnatkash xalqning og'ir va zahmatli hayoti, huquqsizligi, ilojsizligi ularning birgina yo'l safari orqali ochib beriladi. Masalni o'qir ekanmiz, tuyaning og'ir mehnatda qolganidan, ilojsizligidan, Bo'taloqning zorlanishlaridan ularga rahmimiz keladi. Masaldagi qisqa metrajli bo'taloqning zorlanib borishi tuya obrazini to'ldiradi, tuya obrazi esa o'z-o'zidan sarbon obrazini to'ldiradi, bu obraz esa jamiyat hayotining to'la qonli portreti bo'lib namoyon bo'ladi.
"Maymun bilan Najjor". Mazkur masal ibratli-tarbiyaviy ahamiyatga ega. Unda hunar, uning ahamiyati haqida so'z boradi, shuningdek, har bir ishda ustoz ko'rishlikni, "ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alur" maqomida ish tutmaslikni, o'zboshimchalik bilan boshlangan ish oxir-oqibatda yaxshilik bilan tugamasligini maymun va najjor obrazlari orqali tushuntiradi. Masal Kashmir o'lkasining go'zal tabiati, xushbo'y gullariyu rohatbaxsh suvlarini ta'rif - tavsif etish bilan boshlanadi:
Bor edi Kashmir navohsida tog',
Bog'i eram rashkidin ko'ksida dog'...
Zulf kabi sunbuli xushbo'lari,
Rohatijon erdi oqar suvlari
Shunday go'zal tabiat qo'ynida asar qahramoni maymun istiqomat qiladi. Yozuvchi asarning yana bir bosh qahramoni duradgor bilan ham shu yerda o'quvchilarni uchrashtiradi: bu duradgor o'z ishiga mohir va dono, "shahrning zindonidan ozod o'lub", ya'ni shaharning dimiqtiruvchi havosidan qochib, "belga suqib tesha bilan arrasin" tabiatning toza havosiga borib, bu yerda ham o'z hunarini qiladi. Duradgorlik asboblarini olib toqqa chiqqan duradgor tog'ning bir joyida teshasini unutadi va te-shasini olib kelgani ketadi. Ana shu paytda maymunning ko'zi fona qoqilgan yog'ochga tushadi, ustani boshlagan ishidan hayratlangan maymun "men daxi najjorlig'i o'rganay, bolalarim barchasiga o'rgatay" deya o'zboshimchalik bilan yog'ochning qolganini yormoqchi bo'ladi, qo'lidan kelmaydigan ishga qo'l uradi, oxir oqibat shunday voqea yuz beradi:
Jahd qilib turdi ravon borg'ali,
Ya'ni yag'och qolmishini yorg'ali.
Mindi yag'och ustiga najjordek,
Kosibi purkardai purkordek.
Ketdi hunar shavqi bila g'ussasi,
Tushdi yag'och ayrisig'a dumchasi.
Maymun "qissai pur zar emish elga hunar" deya hunarni ahamiyatini anglab, bolalariga ham o'rgatmoqchi bo'ladi. Bu yaxshi, ammo bunga ko'r- ko'rona erishib bo'lmaydi. Maymun esa ana shu yo'lni tutadi, kaltafahmligi, farosatsizligi oqibatida dumi yog'och orasiga qisilib qoladi va dumidan ayriladi. Demak, qissadan hissa shuki, "Hunar, hunardan gul unar", ammo "Ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alar", shuning uchun "Qo'lingdan kelmagan ishga qo'l urma".
Do'stlaringiz bilan baham: |