Aholisi. Markaziy Osiyo aholisi so`nggi oltmish yil ichida, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi katta yo`qitishlarga qaramay, salkam 3 baravar ko`paydi hamda 2013-yilning iyul oyiga nisbatan 70,0 mln. kishiga yaqinlashdi. Bu jahon aholisining o`rtacha o`sish sur`atlaridan birmuncha yuqoridir. Mintaqa aholisining son jihatdan o`sishida tabiiy ko`payish jarayoni asosiy omildir. Unda migratsion harakatlar ham muhim rol o`ynaydi. Mintaqa respublikalarida demografik holat bir xil emas. Aholisining tarkibida ruslar va boshqa yevropalik millatlar hissasi katta bo`lgan Qozog`iston va Qirg`izistonda tug`ilish ko`rsatkichlari ancha past. Aholisi tub milatlardan tarkib topgan Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekiston respublikalarida aholining tabiiy o`sish ko`rsatkichlari ancha yuqoridir. Bu holat mazkur respublikalar aholisining dinamikasiga katta ta`sir ko`rsatmoqda.
Mintaqa davlatlarida aholining o`rtacha zichlik ko`rsatkichlari ham turlichadir. Aholining bu ko`rsatkichlari har 1 km.kv maydonga O`zbekistonda 67 kishini, Tojikistonda 54 kishini tashkil qilgani holda, Qozog`iston (7 kishi) va Turkmaniston (12 kishi) ancha past ko`rsatkichga ega. Shu bilan birga aholisi eng zich (Farg`ona vodiysida 650 kishi) va eng siyrak (Markaziy Qozog`istonda 1-2 kishi) hududlar orasida ham katta tavofutlar bor.
Markaziy osiyo mintaqasida urbanizatsiya darajasi ham yuqori emas. Shahar aholisining salmog`i Qozog`istonda 58,8% dan, Tojikistonda 26,4% gacha farqlanadi. Unda aholisi milliondan ortiq shaharlar faqat Toshkent (2,3 mln.) va Almati (1,3 mln.) dir. Urbanizatsiya darajasining pastligi (mintaqa bo`yicha o`rtacha 49,3%) respublikalarda industrial rivojlanish holati va iqtisodiyotda agrar tarmoqlar ahamiyatining qay daradaligi bilan bog`liqdir.
Xo`jaligi. Sobiq Ittifoq davrida Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida iqtisodiyot uchun eng zarur bo`lgan xomashyo va yarimxomashyo mahsulotlar ishlab beruvchi tarmoqlarni rivojlantirishga erishildi. Ular, eng avvalo, tog`-kon sanoat tarmoqlari, qishloq xo`jalik (avvalo, paxta, g`alla) mahsulotlari yetishtirish va ularni dastlabki qayta ishlash sohalari edi. Markaziy Osiyo ishlab chiqarish hajmiga ko`ra sobiq Ittifoqning paxta, pilla, qorako`l terilari, sholi, quritilgan mevalar, mis, volfram, xrom, simob, uran, oltin, qo`rg`oshin kabi sanoat va qishloq xo`jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi birinchi rayoni bo`lib keldi. Neft, tabiiy gaz, elektr energiyasi, paxtachilik majmuasida xizmat qilishga mo`ljallangan mashina va uskunalar yetkazib berishda ham regionning salomog`i ancha edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |