Bog'liq 16-MAVZU. OCHIQ IQTISODIYOTDA MAKROIQTISODIY SIYOSAT
16.4. Erkin suzib yuruvchi valuta kursi sharoitida makroiqtisodiy siyosat. Suzib yuruvchi valuta kursi sharoitidagi budjet-soliq va pul-kredit siyosati qayd qilingan valuta kursi sharoitidagiga nisbatan mutlaqo boshqacha natijalar beradi. Endi rollarni taqsimlash muammosini to`g`ri hal qilish teskari ko`rinish oladi. Budjet-soliq siyosati savdo, demak, to`lov balansi uchun pul-kredit siyosatiga nisbatan katta ahamiyat kasb etadi. Aynan budjet-soliq siyosatidan tashqi balansga erish uchun foydalanish maqsadga muvofiq bo`ladi.
Ichki balansni ta‘minlashda esa pul-kredit siyosatidan foydalanish birinchi planga chiqadi.
Agar qayd qilingan valuta kursi sharoitida ichki pul siyosati almashinuv kursinini quvvatlab turishni ham ko`zda tutgan bo`lsa, suzib yuruvchi valuta kursi sharoitida u bunday vazifadan ozod qilinadi va ichki muammolarni hal qilish uchun samaraliroq ishlatilishi mumkin.
Pul taklifini kengaytirish foiz stavkalarini pasaytiradi va xarajatlarning oshishiga olib keladi. Ma‘lumki xarajatlarning ortishi importning o`sishini rag`batlantiradi va savdo balansini yomonlashtiradi. To`lov balansining taqchilligi yuzaga kelishiga foiz stavkasining pasayishi sababli kapitalning mamlakatdan chiqib ketishi ham ta‘sir ko`rsatadi. Lekin egiluvchan valuta kursi sharoitida taqchillik saqlanib qolmaydi. Importning o`sishi va kapitalning oqib ketishi xorijiy valutaga talab oshishiga olib keladi va milliy valuta qadrsizlanadi. Bu qadrsizlanish mamlakat eksportchilarining raqobatbardoshligini kuchaytiradi. Oqibatda savdo balansi yaxshilanadi. Eksportning ortishi mamlakatimiz mahsulotiga bo`lgan talabning o`sishini anglatadi va pul massasining dastlabki o`sishi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy yuksalishni yanada kuchaytiradi.
Demak, pul siyosati ichki daromadlarga bevosita (pul taklifining o`sishi orqali) va bilvosita (almashinuv kursining pasayishi hamda eksportning o`sishi orqali) ta‘sir ko`rsatadi.
Kapitalning oqib ketishiga va o`z navbatida milliy valutaning qadrsizlanishi darajasiga ta‘sir ko`rsatgani uchun ham kapitalning mobilligi muhim ahamiyatga egadir.
Ammo, pul-kredit siyosati murakkab etkazib berish mexanizmiga egaligi sababli uning ishlab chiqarish hajmiga ijobiy ta‘siri ishlab chiqarishni kengaytirishning ichki rag`batlari ( foiz stavkasining pasayishi) orqali emas, balki ko`proq tashqi dunyo orqali ro`y beradi deb tasavvur qilish mumkin. Boshqacha aytganda, kapitalning chiqib ketishi va valutaning qadrsizlanishi sharoitida mamlakat mahsulotlariga talabning o`sishi uning eksportiga talabning oshishi hisobiga ro`y beradi. Shu sababli pul siyosatining ichki balansga ijobiy ta‘siri o`ziga xos xususiyatga ega. Suzib yuruvchi valuta kursi sharoitida budjet-soliq siyosatining samaradorligini baholash yanada murakkabroqdir.Ma‘lumki, davlat xarajatlarining ortishi ichki va tashqi muvozanatga ikki yo`nalishda: daromad orqali va foiz stavkasi orqali ta‘sir ko`rsatadi. Daromadlarning ortishi( multiplikator samarasi orqali) importni ko`paytiradi, savdo balansini yomonlashtiradi va milliy valutaning kursini pasaytiradi. Davlat xarajatlarining ortishi, shuningdek, hukumat olayotgan qarzlarini ko`paytirayotganligini anglatadi, bu esa foiz stavkalarining ortishiga olib keladi. Yuqoriroq foiz stavkalari esa xorijdan kapital oqib kelishini rag`batlantiradi. Bu esa milliy valuta kursini oshiradi va kapital harakati schyotini yaxshilaydi. Yakuniy natija esa kapitalning mobilligi darajasiga bog`liq bo`ladi.
Kapitalning past mobiligi sharoitida budjet ekspansiyasi daromad orqali ko`proq ta‘sir ko`rsatadi. Kapitalning uncha ko`p bo`lmagan miqdorda oqib kelishi savdo balansining taqchilligini qoplay olmaydi va oqibatda valuta kursi pasayadi.
Milliy valutaning arzonlashishi eksportning o`sishi uchun qulay sharoit yaratadi va to`lov balansining taqchilligini bartaraf qilish imkonini beradi. Eksportning ortishi, shuningdek, budjet ekspansiyasining ichki ishlab chiqarishga ijobiy ta‘sirini to`ldiradi.
Shu bilan birga kapitalning mobilligi ortib borishi bilan kapital schyotining to`lov balansi va valuta kursiga ta‘siri kuchaya boradi. Kapitalning yuqori mobilligi sharoitida uning oqib kelishi sababli ro`y bergan valuta kursining ko`tarilishi tendensiyasi ustunlik qiladi. Bu eksportning qisqarishiga va savdo balansi taqchilligining ortishiga olib keladi. Kapitalning katta miqdorda oqib kelishi bu taqchillikni qoplash va to`lov balansini muvozanatlashtirish imkonini beradi. Ammo budjet ekspansiyasining ishlab chiqarish hajmiga yakuniy ta‘siri deyarli nolga teng bo`ladi. Bunga kuchli siqib chiqarish samarasi mavjudligi, ya‘ni xususiy investitsiyalarni foiz stavkasining oshishi orqali va eksportni almashinuv kursining oshishi orqali siqib chiqarilishi sabab bo`ladi.
Shunday qilib, pul siyosatining ichki daromadga aniq ijobiy ta‘siridan farqli ravishda budjet-soliq siyosati kapitalning past mobilligi sharoitidagina samarali bo`ladi.
Xulosa yasab, pul va budjet –soliq siyosatining, tashqi balansni saqlab turgan holda ishlab chiqarish hajmiga ta‘sir ko`rsatishi nuqtai nazaridan, nisbiy samaradorligini baholashimiz mumkin.
Ma‘lumki, qayd qilingan valuta kursi sharoitida ichki monetar siyosat amalda ―falajlangan‖ bo`ladi va faqat budjet-soliq siyosatigina samara beradi. Va bu samara kapitalning mobilligi ortishi bilan ko`payib boradi.
Suzib yuruvchi valuta kursi sharoitida ichki ishlab chiqarish hajmiga, shubhasiz, kapitalning mobilligi qanday bo`lishidan qat‘iy nazar pul-kredit siyosati ijobiy ta‘sir ko`rsatadi.