ISLOMGACHA MILLIY MA’NAVIYATIMIZNING SHAKLLANISH BOSQICHLARI
Bosqichlar Tarixiy davr Asosiy ma’naviy qadriyatlar
I. Eng qadimgi ma’naviyat unsurlari Ibtidoiy jamoa a)Oilaviy munosabatlar-ning tartibga solinishi va urug` jamoaning tashkil topishi;
b)Yaratuvchilik mehnatining e’zozlanishi;
v)Tuproq, suv, olovning e’zozlanishi;
II. Ilk shahar jamoasi ma’naviyati Ilk shahar- davlatlar Ilm va imon uyg`unligining shakllanishi
III. Millat va milliy davlatning shakllanishi
Buyuk davlatlar
(imperiyalar) Millat, milliy adabiy til va milliy davlatning shakllanishi
Ajdodlarimiz merosida bayon qilinishicha, ma’naviyat ko’ngil ko’zgusidan taralgan nur, u inson qalbida yashiringan. Demak, “Ma’naviyatshunoslik” fanining asosiy vazifasi ham ruh tarbiyasi, ko’ngil ko’zgusiga sayqal berishda har bir shaxsga ko’maklashuvdir. “Ma’naviyatshunoslik” fani insonning Borliq haqiqati ga nisbatini o’rganadi. Buning uchun ma’naviyat muallimi, faylasufdan farqli o’laroq, o’z mulohazalarini sof mantiqiy mulohazalar tarzida emas, balki ma’naviy merosga, bu sohada ajdodlarimiz erishgan beqiyos yutuqlarga asoslangan holda olib boradi, ya’ni bu fan, ma’lum ma’noda, tarixiy-nazariy fandir. Uning teranligi va ko’lami ajdodlarimizning ming yillar davomida to’plagan yaxlit tarixiy-ma’naviy tajribasi bilan belgilanadi, shu bilan birga xalq donishmandligining turli suratlarda zuhur etishi ham undagi nazariy xulosalarning manbai bo’lib xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda yana bir jihatni ta’kidlab o’tish lozimki, jahon ilmida ma’naviyatga oid masalalar maxsus fan sifatida izchil o’rganilmaganligi tufayli bugungi kunda ma’naviyatning umumbashariy muammolarini keng miqyosda o’rganish uchun tadqiqiy asos yetarli emas. Shu sababli bu sohaning nazariy asoslarini ishlab chiqishda biz asosan o’z ajdodlarimiz yaratgan nazariy merosga tayanishga majburmiz. Qolaversa, hech bir xalq o’zga xalqlar madaniyati, urf-odatlari, falsafiy tizimlari, mafkura va dunyoqarashi asosida yashamaydi, ulardan ko’r-ko’rona ko’chirma qilib baraka topmaydi. “Albatta, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o’ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo’lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma’naviy meros, madaniy boyliklar, ko’hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri bo’lib xizmat qiladi”. Shunday ekan, “Ma’naviyatshunoslik” fani hozirgi kunda asosan milliy ma’naviyatimiz tarixiy tarjibasiga tayangan holda ishlab chiqilayotgani bejiz emas. Shu bilan birga milliy ma’naviyatimiz hechqachon umuminsoniy qadriyatlarga zid bo’lmaganini va uning nazariy asoslari ham umumbashariyat manfaatlarini unutmagan holda shakllantirilishi lozimligini unutmasligimiz lozim. Bu masalalar har biri ushbu kitob sahifalarida batafsil yoritiladi.
Milliy ma’naviyat o’tmish emas, u ham o’tmish, ham bugun, ham kelajakni o’zida mujassam etadi. Buning uchun uning manbai sifatida biz faqat ajdodlarimizning yozma merosiga tayanib qolmay, balki ushbu merosdan anglaganimizni bir paytning o’zida xalqning tirik xotirasi bilan, uning ma’naviy qadriyatlari bilan qiyoslab, ularning uyg’un jihatlariga e’tibor qaratishimiz lozim bo’ladi. SHu bilan birga tarix tajribasi va sinovlaridan o’tgan qiymatlarni umumbashariy qadriyatlar bilan uyg’unlashtirib, hozir va kelajak uchun ahamiyati nuqtai nazaridan baholash ko’zda tutiladi. Xullas, milliy ma’naviyat nazariyasi voqelikni faqat ong bilan, aql bilan tushunib yetish tajribasiga emas, Haqiqatni anglab yetishning barcha vositalari, e’tiqod, ibrat, taqvo, riyozat, irfon, mehr, did-farosat, amaliy yaratuvchilik faoliyatining barcha turlariga e’tibor qaratib, millatning barcha amaliy va nazariy tajribasini o’rganishga intiladi, ushbu tajribani ongli o’zlashtirishda har bir insonga ko’maklashadi, maqsad - bitta, ko’ngil ko’zgusiga sayqal berishda har bir shaxsga iloji boricha yordam berish.
Inson ruhida tabiatga nisbatan, o’zgalarga nisbatan mehr va adolat tuyg’ulari shakllanishiga uning moddiyligi bilan bevosita bog’liq bo’lgan nafsi ammorasi , ya’ni g’aflat, shahvat va kibr kabi qusurlar doimo halaqit berib turadi, shuning uchun har bir kishi hayotga, o’z faoliyatiga sergak boqishi lozim. Ushbu illatlar har bir inson fitrati bilan bog’liq bo’lgani tufayli inson moddiy mavjudot sifatida tirik ekan, uning ruhiyatidagi turli ta’sirlarni muvozanatlovchi kuch kerak. Ayni shu kuch - ma’naviyatdir.
Ma’naviyat insondagi yaratuvchilik qudratidir, insonda shu qudratni uyg’otish va harakatga keltirishga muvaffaq bo’linsa, barcha ulug’vor rejalarni amalga oshirish uchun voqe’ imkon vujudga keladi. Masalaga bugungi jahon taraqqiyotining ilg’or tamoyillari darajasida yondoshilsa, milliy ta’limning eng muhim vazifasi ham ana shu imkonni shakllantirish, ya’ni yosh avlod ruhida yaratuvchilik qudratini uyg’otib, uni bashariyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muayyan o’zanlar sari yo’naltira bilish bilan belgilanadi.
Ma’naviyat poydevori baquvvat bo’lmasa, unday insonning butun g’ayrati, jo’shqin faoliyati, oxir natijada, xalq va vatan uchun, bashariyat kelajagi uchun, qolaversa, uning o’z shaxsi uchun qanday xulosaga olib keladi, aytish qiyin. Imom Fazzoliy o’z davrida bekorga aytmaganlar: “SHuni bilsinlarki, odamzodni azbaroyi o’yin uchun yaratmamishlar, aning amali ulug’dir va uning uchun buyuk xatar bordir” . Ana shu “ulug’ amal” va “buyuk xatar” oralig’ida yo’nalishni to’g’ri belgilab olmoq ko’p jihatdan ma’naviy ogohlik va kamolotga bog’liq. “Ma’naviyatshunoslik” fanini o’qitish jarayonida asosiy e’tibor ushbu “ma’naviy ogohlik” masalasiga qaratiladi, shu bosh maqsaddan kelib chiqqan holda, imkon darajasida yosh avlodni milliy ma’naviyatimizning asosiy tamoyillari, uning ming yillik ildizlari, bosh qadriyatlari va tayanch nuqtalari qisqacha ogoh etiladi. SHu bilan birga ma’naviyatning unga yondosh keluvchi ruhiyat, madaniyat, axloq, adabiyot va san’at sohalari hamda inson va jamiyat hayotidagi qolgan muhim yo’nalishlar, jumladan, siyosat va iqtisod yo’nalishlarga nisbati masalalari ham alohida ko’rib chiqiladi.
Ma’naviyat sohasi yaxlit hodisa sifatida shu paytgacha jahon ilmida nazariy jihatdan deyarli o’rganilmagan, faqat ushbu sohaga oid ba’zi muammolar Axloqshunoslik (Etika), Madaniyatshunoslik (Kulturologiya), Falsafa, Ilohiyot (Teologiya), Ruhshunoslik (Psixologiya), Tasavvuf ilmi, Tarbiyashunoslik (Pedagogika), Nafosatshunoslik (Estetika), Adabiyotshunoslik, Insonshunoslik (Antropologiya) kabi fanlar tarkibida turli darajada o’rganib kelingan, xolos. Mustaqillikdan ilgari “ma’naviyat” tushunchasi rasmiy doiralarda deyarli ishlatilmas, hatto lug’atlarga ham kiritilmagan, ba’zan “Madaniyatshunoslik” fani doirasida rus tilidagi “duxovnaya kultura” tushunchasi o’zbekchaga “ma’naviy madaniyat” birikmasi bilan tarjima qilib ishlatilardi. Aslida ma’naviyat inson va jamiyat hayotining iqtisod va siyosat singari mustaqil va muhim bir sohasi bo’lib, insoniyat uchun bu sohaning ahamiyati boshqa sohalardan kam emas.
Mustaqillik davrida O’zbekistonning birinchi Prezidenti I.A. Karimovning bevosita tashabbusi bilan barcha darajadagi ta’lim tizimida “Ma’naviyat asoslari” alohida va maxsus fan sifatida o’qitila boshlandi. 1997 yildan butun o’quv yurtlarida “Ma’naviyat asoslari" fanini o’qitish joriy qilinishi yurtimiz ma’naviy hayotida muhim hodisa bo’ldi. To’g’risini tan olish kerak, o’sha paytda nafaqat O’zbekistonda, balki butun dunyo miqyosida shunday fan borligini birov bilmas edi. Faqat 1996 yil oxirlarida bu yo’nalishda ilk risolalar nashr etilgan bo’lib, ular bir guruh mualliflar hamkorligida yozilgan “Vatan tuyg’usi” kitobi, A.Erkaevning “Ma’naviyat – millat nishoni” va M.Imomnazarovning “Milliy ma’naviyatimiz takomil bosqichlari” risolalari edi. Oradan o’tgan 11 yil mobaynida bu sohada ancha-muncha ishlar qilindi. Birqancha kitob va risolalar, oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlari, maktablar uchun qator darslik va qo’llanmalar chop etildi. Ayniqsa, O’zbekistonning birinchi Prezidenti I.A. Karimovning ma’naviyat masalalariga alohida e’tibori, uning bu sohaga bag’ishlangan qator asarlarining nashr etilishi (1994 yildagi - “Istiqlol va ma’naviyat” kitobi, 1997-98 yillarda o’zbek va rus tillarida nashr etilgan «Ma’naviy yuksalish yo’lida» va «Na puti duxovnogo Vozrojdeniya» asarlari, 2008 yili “Ma’naviyat” nashriyotida bosilib chiqqan “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” nomli alohida asari) ushbu sohaning mustahkam oyoqqa turishida katta ahamiyatga ega bo’ldi. SHunday qilib, bugungi kunda ishonch bilan aytish mumkinki, “Ma’naviyatshunoslik” alohida fan sifatida shakllanib kelmoqda va bu sohada talay yutuqlarga erishilganini qayd etilsa mubolag’a bo’lmaydi. Ammo hali yosh avlod ma’naviy tarbiyasi yo’lida qilinishi zarur bo’lgan ishlar ko’p. Qolaversa, bu sohadagi ishlarimizning jahon fani va insoniyat ma’naviy takomili yo’lidagi ahamiyatini ham unutmasligimiz kerak. Xullas, “Ma’naviyatshunoslik” jahon ilmida o’z o’rnini egallashga dadil intilayotgan yangi fan bo’lishiga qaramay, uning rejalari - ulkan, niyatlari – ulug’. Uning mustahkam oyoqqa turib olishi, ko’p jihatdan, ilgaridan mavjud bo’lib kelgan unga yondosh va tutash turli fan egalarining xolisligi va xayrixohligiga ham bog’liq.
Hozirgi kunda nashr etilayotgan ba’zi o’quv qo’llanmalarda “Ma’naviyatning predmeti, tushunchalari...” degan jumlalar sarlavhaga chiqib qolmoqda. Ilmiy jihatdan yondoshganda bunday deyish unchalik to’g’ri emas. Albatta, ba’zan shunday holatlar uchraydiki, fan mavzusi bilan nomi bir xil bo’lib qoladi. Masalan, biz falsafani o’rganadigan fanni ham “Falsafa” deymiz, tarixni o’rganadigan fanni “Tarixshunoslik” deb o’tirmay, oddiy qilib “Tarix” deymiz, Axloqshunoslik, Iqtisod nazariyasi, Adabiyotshunoslik fanlari ham ba’zan xalq tilida qisqa qilib “Axloq”, “Iqtisod”, “Adabiyot” deb ishlatiladi. “Fizika”, “Etika” fanlarining nomi ham aslida ushbu fan mavzulari nomi bilan atalgan. Ammo baribir hayotning muayyan sohasi bilan ushbu sohani nazariy o’rganishga qaratilgan ilm yo’nalishini farq qilgan durust.
Yuqorida aytib o’tilganidek, shu kungacha jahon ilmida ma’naviyatga madaniyatning tarkibiy jihati sifatida qaralgan bo’lsa, bugunga kelib bu hodisaga yangicha qarash shakllanib kelmoqda. Bu qarashga binoan ma’naviyat moddiy ehtiyojlar hosilasi sifatida emas, balki inson va jamiyat hayotining asosini tashkil etuvchi mustaqil uch asosiy yo’nalish(iqtisod, siyosat, ma’naviyat)ning biri sifatida olib qaralmoqda. Shunday yondoshuvdan kelib chiqqanimizda, aksincha, “madaniyat” inson ma’naviy faoliyatining hosilasi, boshqa so’z bilan aytganda, inson ma’naviyatining moddiy voqelikdagi izlari sifatida namoyon bo’ladi. “Ma’naviyat asoslari” fani dasturiy tizimini belgilashda ushbu yangicha yondoshuvga tayanildi.
Umumiy ma’noda “Ma’naviyatshunoslik” fanining asosiy ob’ekti – mustaqil O’zbekiston uchun eng dolzarb muammolardan biri bo’lgan shaxs va millat ma’naviyatining takomili, asosiy qadriyatlari, shakllanish yo’llari xususidagi milliy ma’naviy merosimiz an’analariga tayanuvchi nazariy xulosalar va qarashlar tizimidan iboratdir. Ma’lumki, jahon madaniyatiga bizning ajdodlarimiz qo’shgan hissa ozmuncha emas. “Ma’naviyatshunoslik” ning maxsus fan sifatida o’rganilishi, shu ma’noda, bugungi kunda ham jahon madaniyati rivojiga muayyan ijobiy natijalar keltirish ehtimolini nazardan qochirib bo’lmaydi.
“Ma’naviyatshunoslik” fanining predmeti sifatida jamiyat va inson hayotida ma’naviyatning o’rni, shaxs va millat ma’naviyatining asosiy jihatlari, milliy taraqqiyotimizning ma’naviy-axloqiy negizlari, umuminsoniy qadriyatlar va milliy ma’naviyatimiz, ma’naviyat va ma’rifat nisbatlari, ma’naviyatning ruhiyat, madaniyat, iqtisod, siyosat, axloq, san’at va adabiyot kabi sohalar bilan o’zaro munosabatlari, mustaqil O’zbekistonda yosh avlod ma’naviy tarbiyasining dolzarb muammolari va yosh avlod tarbiyasida bosh ma’naviy qadriyatlarimizning o’rni va ahamiyati, globallashuv sharoitida ma’naviyatga tahdid va uni bartaraf qilish yo’llari kabi masalalar ajdodlarimiz yaratgan milliy ma’naviy merosimiz an’analari va O’zbekistonning birinchi Prezidenti I.A. Karimovning ma’naviyat masalalariga oid asarlari, nazariy fikr va mulohazalariga tayangan holda ko’rib chiqiladi.
Bugungi kunda yosh avlodni ma’naviy barkamol shaxs bo’lib shakllanishini ta’minlash ta’lim-tarbiya tizimining bosh maqsadi bo’lib turipti. Bu sohada ilgari mutaxassis tayyorlanmaganligini hisobga olsak, hozirga kelib pedagogik ta’limning bakalavriat va magistratura bosqichlarida bu sohalardan kadr tayyorlash masalasi nihoyatda dolzarb vazifaga aylangan. Shunga ko’ra “Milliy g’oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” maxsus bo’limi talabalariga “Ma’naviyatshunoslik” kursini o’qitishning bosh maqsadi bakalavriat talabalarini ma’naviyat sohasini o’rganishning asosiy nazariy masalalari bilan chuqurroq tanishtirishdan iborat bo’lib qoladi. Chunki yangilangan o’quv rejasiga binoan bu ixtisoslik uchun muhim bo’lgan “Ma’naviyatning rivojlanish tarixi”, “Oila ma’naviyati”, “San’atning ma’naviy asoslari”, “Milliy ma’naviy tiklanish” kabi kurslar alohida va batafsil o’qitiladi. Shu sababli ushbu o’quv qo’llanmaning mavzu doirasi oliy ta’limning boshqa ixtisos yo’nalishlarida o’qiladigan «Ma’naviyatshunoslik» umumiy kursidan sezilarli farq qiladi.
Jamiyat hayotining turli sohalarida qadr tushunchasining o’ziga xos namoyon bo’lishi
Ma’naviyat Siyosat Iqtisod
Qadr
(Alloh hech bir mavjudotni behuda yaratmagan) mavqe
(maqom) Qiymat
(baho)
Fanning o’qitish uslublari uning maqsad va vazifalaridan va ta’lim qaysi tinglovchilar (talabalar, o’quvchilar) uchun mo’ljallanayotganligidan kelib chiqib belgilanadi. Ma’ruzalar, suhbatlar, turli xil amaliy mashg’ulotlar tizimi har bir o’quv yurti ixtisos yo’nalishiga muvofiq ravishda ishlab chiqilib, ular nafaqat ushbu o’quv yurti professor-o’qituvchilari, balki mavzu taqozosiga ko’ra, respublikaning muayyan sohadagi yetakchi olimlari va mutaxassislarini taklif qilingan holda tashkil etiladi. Darslar, ayniqsa, suhbatlar faqat dars xonalarida emas, mavzuga muvofiq ravishda turli madaniyat muassasalari, jumladan, muzeylar, teatrlar, ilmiy tadqiqot institutlarida ham tashkil etilishi yaxshi samara beradi.
MA’NAVIYAT, MADANIYAT VA SIYOSATNING O’ZARO NISBATI Talabalarning fan mavzularini o’zlashtirish ustida mustaqil tayyorgarlik olib borishlariga alohida ahamiyat beriladi. Ular hosil qilgan bilim va ko’nikmalarni tekshirish referat-taqriz, erkin insho, og’zaki suhbat-seminar, kompyuter testlari, mo’’jaz ma’ruza, ijodiy ishlar tarzida amalga oshiriladi va mustaqil tayyorgarlikni tekshirishning boshqa turli usullari ham keng qo’llaniladi.
Amaliy mashg’ulotlar, asosan, seminar-suhbat, referat-taqrizlar yozish, yangi pedagogik usullardan samarali foydalanish, ba’zi mavzularni anglab yetishdagi muammolarni hal qilishga qaratilgan savol-javoblar tarzida o’tkaziladi. Axborot texnologiyalari, tasviriy-ko’rgazmali vositalarning imkoniyatlaridan keng foydalanish, bir qator mashg’ulotlarni turli ma’naviyat va madaniyatga aloqador muassasalarda o’tkazish maqsadga muvofiqdir.
Takrorlash uchun savollar:
1. Ma’naviyat tushunchasining mohiyatini izohlab bering?
2. Ma’naviyatning asosiy tushunchalariga nimalar kiradi?
3. Ma’naviyat taraqqiyotining qanday asosiy qonunlarini bilasiz?
4. Ma’naviyatni rivojlantirish hozirgi davrda davlat siyosatining ustivor yo’nalishi darajasiga ko’tarilish sabablari nimada deb bilasiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |