Mana’viyatning rivojlanish qonuniyatlari
Reja:
1. Ijtimoiy taraqqiyot qonunlari va ma'naviyatning rivojlanish qonunlari, ular o‘rtasidagi aloqadorliklar mohiyati.
2. Ma'naviyat qonunlari – ma'naviy sohaga xos narsa va hodisalar, voqyea va jarayonlar o‘rtasidagi doimiy va takrorlanib turuvchi uzviy aloqadorliklar.
3. Ma'naviy va moddiy hayot mushtarakligi qonunining umumijtimoiy xarakteri. Ma'naviyat qonunlarining inson va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni.
Ijtimoiy taraqqiyot qonunlari va ma'naviyatning rivojlanish qonunlari, ular o‘rtasidagi aloqadorliklar mohiyati.
Ma'naviyat ham o'zining bir qator kategoriyalariga – tushunchalariga va rivojlanish qonuniyatlariga egadir. Uning tushunchalariga shaxsning o'z-o'zini anglashi, bilimdonlik, qalbi tozalik, saxiylik, samimiylik, hayrihohlik, iymonlilik, halollik, e'tiqodlilik, diyonatlilik, poklik, mehr-shafqatlilik, vijdonlilik, rostgo'ylik, adolatparvarlik, ota-onaga hurmat, oilaga sadoqat, vafodorlik, to'rilik va boshqalar; millatning vakili sifatida: milliy o'z-o'zini anglash, milliy g'urur, millatparvarlik, vatanparvarlik, millat taqdiriga nisbatan mas'uliyatni, milliy manfaat ustivorligini his etish, milliy til, milliy tarix, adabiyot, san'at, urf-odatlar, an'analar, qadriyatlar, davlat tizimiga hurmat, qonunlarga hurmat va itoatkorlik, vazminlik, o'z kasbining mohir ustasi bo'lish, mamlakat ichki va tashqi faoliyatidan xabardor bo'lish va uni qo'llab-quvvatlash, mamlakat ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy hayotida faollik va boshqalar kiradi.
Ma'naviyatning yuqorida keltirilgan tushunchalaridan ko'rinib turibdiki, ma'naviyat har bir insonning millat, jamiyat, davlat hayoti, insonlararo bo'ladigan va ijtimoiy hayotga nisbatan bo'ladigan munosabatlarini o'z ichiga oladi. Yuqoridagilardan tashqari, ma'naviyatning boshqa bir qator tushunchalari ham bor. Bu yerda gap ularning hammasi ustida to'xtash haqida emas, balki ma'naviyatning ko'p qirrali, keng qamrovli ekanligi, u inson ongi, ruhiyati, ichki dunyosining salohiyati, xatti-harakatlari kabi bir qator masalalarni o'z ichiga olishini tushunib yetish haqida bormoqda. Ma'naviyatni chuqur tahlil qilishda ana shu ko'rsatilgan tushunchalarni uyg'un holda tahlil qilish maqsadga muvofiq bo'ladi.
Ma'naviyat rivojlanishi ham ma'lum qonuniyatlarga tayanadi. Garchand bunday qonuniyatlar bir necha yo'nalish va jarayonlarni o'z ichiga olsa ham, ularni yirik guruhlarga ajratish mumkin. Birinchi guruhga shaxs, millat yoki jamiyatning ichki salohiyati bilan bog'liq bo'lgan qonuniyatlar kiradi. Ya'ni shaxs, millat yoki jamiyatning ichki salohiyati mustahkam, zaminlari chuqur bo'lishi ma'naviyat rivojlanishining asosini tashkil qiladi. Agar ichki salohiyat nochor bo'lsa, shaxs barkamollik darajasiga, millatning o'z bir butunligini saqlashga va ayni paytda jamiyatning yuksak taraqqiyot pog'onasiga erishishiga salbiy ta'sir kiladi. Yana ham aniqroq qilib aytiladigan bo'lsa, ichki salohiyat asosiy tayanch va obyektiv zaruriyatdir. Ichki salohiyatning darajalari esa obyektiv va subyektiv omillar bilan bog'liq bo'ladi. Uning rivojlanishi ularning uyg'un holatda bo'lishini taqazo etadi.
Ichki salohiyatning mustahkam bo'lishi, tarixiy taraqqiyot bosqichi yoki shaxs shakllanish jarayoni qanday murakkab bo'lmasin, baribir zaruriy sharoitlar yuzaga kelgan paytda shaxs ma'naviy kamolotini va millatning yuksalishini ta'minlashga xizmat qilaveradi.
Ikkinchi guruh qonuniyatlariga shaxslar va millatlarning o'zaro munosabatlari jarayonida sodir bo'ladigan «o'zaro ta'sir» va «o'zaro boyitish» orqali namoyon bo'ladigan jarayonlar kiradi. Ya'ni shaxs ma'naviy kamoloti onadan tug'ilishi bilan yuzaga kelmaydi. Xuddi shuningdek millat ham tarixiy taraqqiyotning ma'lum bosqichlarida boshqa xalqlar, millatlar bilan hamkorlik natijasida yuzaga keladi hech qachon shaxs, inson o'zgalarsiz yashay olmaganidek, millat ham boshqa millatlar, xalqlar bilan aloqa qilmasdan taraqqiy qila olmaydi, boz ustiga bugungi kunda dunyoda «sof» millat borligiga hech kim guvohlik yoki kafolat bera olmaydi. Jamiyat ham xuddi ana shu qonuniyat asosida rivojlanadi.
Ma'naviyat ana shu o'zaro munosabatlar va «ta'sirlar» asosida rivojlanib boradi. Bu jarayonda bir tomon ikkinchisiga nimanidir «beradi» va nimanidir «qabul» qiladi. Shunday qilib, ma'naviyat rivojlanishidagi «ta'sir» va «aks ta'sir» qonuniyati mavjud bo'lib, u ma'naviyatning rivojlanib borishini ta'minlashga xizmat qiladi.
Ma'naviy yuksalishga jamiyat rivojlanishining umumiy qonunlari ta'sir ko‘rsatadi, ma'naviyatda ular o‘ziga xos tarzda voqye bo‘ladi. Jamiyat rivojlanishidan avvalo universal, dialektik qonunlar asosida kechadi. Bular qarama-qarshiliklar birligi va kurashi, miqdor o‘zgarishlarning sifat o‘zgarishlariga o‘tishi va inkorni inkor qonunlaridir. Ular jamiyat hayotida, jumladan ma'naviy hayotda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Masalan, jamiyatda savodli, o‘qimishli kishilarning ko‘payishi, aholi tarkibida sezilarli miqdorni tashkil etish ijtimoiy ishlab chiqarishni, yangi texnologiyalar bilan boyitib, xalq turmush tarzi, dunyoqarashi va ma'naviy madaniyati, ilm-fani, adabiyoti va san'ati rivojlanishini yangi sifat bosqichiga ko‘taradi. Aholining yoppa savodxon bo‘lishi yana yangi sifatga olib keladi. XIX asr boshlariga nisbatan XX asr boshlarida o‘zbeklar orasida savodli va o‘qimishli kishilar soni sezilarli ko‘paydi. Natijada jadid ma'rifatparvarligi shakllandi, milliy matbuot, teatr adabiyotda dramaturgiya, roman, qissa janrlari va h.k. shakllandi. Jadidchilik harakatining vujudga kelishiga sabab mustamlakachilikdan qutilishga urinish bo‘lsa, uning ma'naviy-intellektual negizi va harakatlantiruvchi kuchi xalqning o‘zligini anglashi, savodxonligining yuqoriligi edi. Milliy ma'naviyatimiz XX asr boshlarida yangi sifat kasb etdi. XXI boshlarida mustaqillik va xalqimizning yalpi savodxonligi sharoitida milliy o‘zlikni anglash darajasi milliy va ma'naviyatimiz yana yangi sifatlarga ko‘tarildi.
Dialektikaning boshqa qonunlari bo‘yicha ham tarli-tuman misollar keltirish mumkin. Masalan, sovet davrida milliy ma'naviyatlardan diniy qarashlar va diniy madaniyatni siqib chiqarishga ko‘p urinildi. Diniy qadriyalar inkor qilindi. Sovet davrigacha milliy ma'naviyatda diniy qadriyatlar katta o‘rin tutgan edi. Mustaqillik tufayli endi sovet davri ma'naviyati inkor inkorni inkor qilindi. Lekin sovet davrigacha va sovet davridagi milliy ma'naviyatimizning yaxshi jihatlari sintez qilindi. Bu diniy bag‘rikenglida ham o‘z ifodasini topdi. Taraqqitning dialektik qonunlaridan tashqari boshqa universal qonunlari ham bor. Narsa, predmet, hodisa va jarayonlarning oddiylikdan (soddalikdan) murakkablikka qarab rivoojlanishi, vorisiylik qonuni va h.k. ular ham o‘ziga xos tarzda jamiyat va ma'naviyat rivojlanishida yuzaga chiqadi. Masalan, ibtidoiy jamiyat va uning ma'naviyati quldorlik jamiyati va uning ma'naviyatiga nisbatan tuzilmasi va mazmuniga ko‘ra ancha qashshoq, oddiy, sodda va jo‘n. O‘z navbatida quldorlik jamiyati va ma'naviyati feodal jamiyat va uning ma'naviyatiga nisbatan xuddi shunday. Jamiyat rivojlangani sayin uning tuzilmalari, institutlari, madaniyati, ma'naviyati rang-baranglashib, murakkablashib boyib borgan.
Vorisiylik qonuni umumtaraqqiyot qonunidir. Aslida uni yuqorida qayd etilgan dialektika qonunlarining o‘ziga xos tarzdagi ko‘rinishlaridir, deya talqin qilish mumkin. Jonli organizmlarda irsiyat belgilarining saqlanishi, materiya va energiyaning yo‘q bo‘lib ketmasdan, bir turdan (shakldan) ikkinchi turga aylanishi tabiatdagi vorisiylik bo‘lsa, avlodlarning bir biridan o‘rganishi, har bir avlodning insoniyat shu paytgacha erishgan barcha yutuqlarni tayyor holda qabul qilib olishi, qaytadan g‘ildirakni kashf etmasligi, mavjud yutuqlarni boyitishga o‘z hissasini qo‘shishi vorisiylik qonunniing jamiyat hayotida va ma'naviyatida yuzaga chiqishidir.
Yuqoridagilardan tashqari, jamiyatning faqat o‘ziga xos iqtisoiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, axloqiy va boshqa qonunlari bor. Ular ham ma'naviyatda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Masan, iqtisodiy raqobat odamlarning ongiga tafakkuriga, kayfiyatiga, jamiyatga munosabatida , o‘zaro aloqalarga kuchli ta'sir ko‘rsatadi, turli g‘oyalarni, ular o‘rtasida bahs va kurashlarni, o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi me'yorlarni shakllantiradi. Jamiyat a'zolari iqtisodiy, siyosiy, boshqa ijtimoiy manfaatlaridan kelib chiqib turli partiyalar, uyushmalar, tashkilotlar tuzadi va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |