Madaniyat va ma'naviyat dialektikasi. Agar madaniyat inson zotining sifat belgisi (shakli) bo‘lsa, ma'naviyat insonning o‘z-o‘zini yaratish va o‘zgartirish faoliyatining mazmunidir. Bas, shunday ekan, madaniyat va ma'naviyat bir butunlikni tashkil etadi: madaniyat – voqyelik, ma'naviyat mohiyat bo‘ladi. Ma'naviyat madaniyatda «moddiylashadi», mujassamlanadi, to‘planadi va avloddan-avlodga uzatiladi. Ma'naviyatsiz madaniyat, madaniyatsiz ma'naviyat yo‘q. Ular bir birini taqozo etadi.
Insondagi insoniylikni madaniy hodisalarni mexanik iste'mol qilish emas, balki, eng avvalo, madaniyat mazmunida aks etgan ma'naviyat shakllantiradi. Turmushda o‘qimishli, keng bilimli, jamiyatda rasm-rusum bo‘lgan talablarni yaxshi o‘zlashtirgan, ammo tamagir, vijdonsiz, xudbin – ma'naviy qashshoq kishilar kam uchramaydi. Demak, ma'naviyat shunchaki tashqi «madaniylik» darajasi emas, balki madaniyatning insonning ichki e'tiqodiga, dunyoqarashiga, ichki ehtiyojiga, ijobiy fazilatlariga aylangan, o‘zlashtirilgan asl mazmunidir. Masalaga bunday yondashsak, ma'naviyat madaniyatning g‘oyaviy, mohiyatli mazmuni, madaniyat ma'naviyatning ichki tashkillashgan va tashqi mushtaraklashgan universal shaklidir. Zero, ezgulik, insonparvarlik, adolat, axloqiylik, go‘zallik kabi tushunchalar madaniyatning asl, umuminsoniy (mohiyatli) mazmunini tashkil qiladi. O‘z navbatida bu g‘oyalarning madaniyatda ifodalanishi ma'naviyatni muayyan ko‘rinishda voqye qiladi, yuzaga chiqaradi, “predmetlashtiradi”.
Shu bilan birga madaniyat hodisalarida insonning ongi, amaliyoti, intilishlari, irodasi birlashadi, mushtaraklik kasb etadi, sintezlashadi. Bundan tashqari, alohida olingan bir san'at asarida jamiyatning axloqiy, estetik, ilmiy, diniy, falsafiy, siyosiy qarashlari, badiiy tajribasi aks etishi mumkin. Ushbu ma'noda madaniyat ma'naviyatning nafaqat voqyelik shaklini, shuningdek nisbatan mustaqil faoliyat ko‘rsatuvchi funksional shaklini ham tashkil etadi. Haqiqatan, fan, adabiyot, san'at, axloq, huquq ijtimoiy ong shakllarigina bo‘lib qolmasdan, ular ayni paytda ijtimoiy faoliyat turlaridir. Ya'ni ma'naviyatning muayyan aniq ijtimoiy vazifani bajaruvchi nisbatan alohidalashgan shakllaridir. Bu madaniyatning manaviyatga aylanishiga ham misoldir.
Masalan, A. Oripovning «Jannatga yo‘l» dramatik dostonini olaylik. Unda bir qator axloqiy, falsafiy muammolar ko‘tarilganini, umuminsoniy g‘oyalar: yashashdan maqsad nima, do‘stlik va unga sodiqlikning hatto ota-ona mehridan ustunligi, savob va gunoh tushunchalarining yangi talqini (iste'dod insonga yuklatilgan burch, shunchaki ilohiy marhamat emas, undan xalq manfaati uchun samarali foydalanmaslik Olloh oldidagi gunoh va h.k.) olg‘a surilganini ko‘ramiz.
«Jannatga yo‘l»da bevosita ijtimoiy amaliyot, turmush tarzi, diniy tasavvurlar, jamiyatda mavjud illatlar ham qalamga olingan. O‘z-o‘zidan ma'lumki, asar o‘zbek adabiyotining ma'lum tajribasini umumlashtiradi va imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Badiiy asar sifatida u biz uchun ijtimoiy amaliyotning mustaqil nafosat durdonasi, qadriyatidir, ma'naviyatimizning bir bo‘lagidir va har tomonlama estetik jihatdan tahlil qilinishi, baholanishi mumkin, chunki u adabiy asar sifatida mustaqil faoliyat ko‘rsatadi.
Asar bizning go‘zallikka, so‘z san'atiga, badiiylikka bo‘lgan talablarimizni – estetik ehtiyojimizni qondiradi. Bu uning birinchi ijtimoiy vazifasidir. Asar bizning tuyg‘ularimizni, hissiyotimizni tarbiyalaydi, axloqiy va estetik jihatdan ongimizni, tafakkurimizni takomillashtiradi. Boshqacha aytganda, tarbiyaviy vazifani bajaradi. Bu uning ikkinchi ijtimoiy vazifasidir. Va, nihoyat, uning uchinchi ijtimoiy vazifasi – bu bilim berishidir. Biz kishilar o‘rtasidagi munosabatlar, insonning ichki kechinmalari, ezgulik va yovuzlik, mardlik va xudbinlik, inson xarakterlari, fe'l-atvorlari to‘g‘risida muayyan bilimga ega bo‘lamiz, ya'ni asar voqyelikni badiiy bilish vazifasini bajaradi.
Shunday qilib, san'at asarida (fanda ham, urf-odatlarda ham), umuman madaniyatda ma'naviyat o‘zining, bir tomondan, sintezlashgan tashkiliy shaklini topadi, ikkinchi tomondan, san'at (fan, urf-odatlar va sh.k.) ma'naviyatning tarkibiy qismi, nisbatan mustaqil funksional (vazifa bajaruvchi) shakli sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Ma'naviyat madaniyat mazmunida umuminsoniy qadriyatlarni xalqning tarixiy tajribasi bilan o‘zaro uyg‘unlashtirib hozirgi zamon taraqqiyoti zaruriyatini anglash (to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri) darajasidan kelib chiqib talqin qilinishi va zohir bo‘lishidir. Madaniyat ma'naviyatning ro‘yobga chiqishi, tashkiliy shakli hamda amaliyotga aylanishidir (funksional shakli).
Madaniyatda – moddiy buyumlarda, mehnat qurollari, mashina va mexanizmlarda, ishlab chiqarish texnologiyalarida hamda ma'naviy mahsulotlarda – ilm-fan yutuqlarida, san'at va adabiyot asarlarida, odamlarning o‘zaro aloqalari va munosabatlarida – ma'naviyat predmetlashadi, ob'ektivlashadi. Yozuvchining miyasidagi g‘oya adabiy asarga aylanadi, ya'ni predmetlashadi, ob'ektiv madaniy mahsulotga aylanadi. Endi uni o‘qib - o‘rganish, undan zavq-shavq olish mumkin. Konstruktor miyasidagi g‘oya mashina, mexanizm yoki boshqa bir qurilma sifatida predmetlashadi. Shu sababdan madaniyat ma'naviyatning tizimli predmetlashtirish, jamiyatga, insonga xizmat qildirish vositasidir.
Ma'naviyat, kelib chiqishiga, avloddan-avlodga o‘tishiga va ijtimoiy hodisa sifatidagi roliga ko‘ra, individual hodisa emas, alohida shaxs ongi va faoliyatining mahsuli emas. U ijtimoiy hodisadir. Alohida shaxs ongida ma'naviyat u yoki bu darajada aks etadi, alohida shaxs, ayniqsa u daho ijodkor bo‘lsa, uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi mumkin. Alohida shaxsning (hattoki yirik ijtimoiy guruhning) individual tajribasi jamiyat ma'naviyatini bekor ham qilolmaydi, tubdan o‘zgartira ham olmaydi, faqat bunga turtki bo‘lishi mumkin. Ma'naviyat o‘zgarishi uchun xalqning katta qismi bunga moyil bo‘lishi lozim. Bu esa xalqning turmush tarzida, siyosiy tuzumida, ijtimoiy ahvolida keskin yoki sezilarli o‘zgarishlar bilangina bog‘liqdir. Boshqacha aytganda, ma'naviyatning o‘zgarishi umummilliy tajriba orqali amalga oshadi. Lekin ma'naviyat rivojlanishiga, yangi g‘oyalar bilan boyishiga daho shaxslar, yuqorida aytilganidek, katta hissa qo‘shadilar. Ularning ilmiy va badiiy kashfiyotlari, asarlari butun insoniyatning mulkiga aylanadi.
Antik davr olimi Evklid geometriyasi, buyuk ajdodimiz o‘rta asrlik al-Xorazmiy algebrasi, XVIII asr dahosi Isaak Nyuton klassik mexanikasi, XX asr dahosi Eynshteynning nisbiylik nazariyasi butun insoniyatning ma'naviy-madaniy boyligidir. Xuddi shunday, Homerning “Iliada” va “Odessiya”si, Firdavsiyning “Shohnomasi”, Nizomiyning “Hamsa” si, Navoiyning dostonlari va g‘azallari, Shekspir tragediyalari, Balzak, Tolstoy, Dostoevskiy romanlari, Lenardo da Vinchi, Mikelandjelo, Rafael, Dyurer, Rembrand, Roden va boshqa daholar kartinalari, skulpturalari (haykallari) o‘z xalqining badiiy ongini boyitish qatorida umuminsoniy ma'naviy qadriyatlarga aylandi. Zamonlar o‘tishi bilan ularning yangi qirralari, mazmuni ochiladi. Alisher Navoiy ijodining milliy ma'naviyatni rivojlantirishdagi ahamiyatini to‘liq ochib berish qiyin. Har bir avlod, har bir davr Navoiy ijodining yangi qirralarini, ularda ifodalangan g‘oyalarni kashf etaveradi.
Madaniyat ma'naviyatning o‘ziga xos voqyeligi sifatida uning ontologik va rivojlanish xususiyatlarini aks ettiradi. Madaniyat uchun ma'naviyat kabi umumiylik, xususiylik, yagonalik xos. Milliy madaniyatni, umumiylik deb hisoblasak, sinflar, tabaqalar, ijtimoiy guruhlar madaniyati xususiylik, shaxs madaniyati yagonalik bo‘ladi. O‘z navbatida milliy madaniyat umuminsoniy madaniyatga nisbatan xususiylikdir. Korporativ (muayyan jamoa, kasb) madaniyati va submadaniyatlar ham xususiylikka misoldir.
Madaniyat rivojlanishi vorisiylik, tarixiylik va zamonaviylik asosida kechadi. Masalan, Alisher Navoiyning badiiy obrazlari, usuli, g‘oyalari, mahorat bobidagi kashf etgan yangiliklari, ijtimoiy va estetik ideallari bugungacha o‘zbek adabiyotiga ta'sir ko‘rsatib kelmoqda, bundan keyin ham shunday bo‘lib keladi. O‘zbek shoirlari va yozuvchilari Navoiyning gumanistik va poetik an'analarini davom ettirdilar. Navoiy ijodi ular uchun ulkan badiiy mahorat maktabi vazifasini o‘tadi, ilhom manbaiga aylandi. Ular o‘zlarini Navoiyning vorislari va davomchilari deb hisoblaydilar. Ayni paytda vorislar oddiy taqlidchilik qilmasliklari kerak. An'anani davom ettirish uni shaklan va mazmunan to‘liq takrorlashni bildirmaydi. Har bir avlod ajdodlardan o‘rgangan holda, ularning buyuk insonparvarlik va vatanparvarlik, ezgulik va go‘zallik g‘oyalariga sodiqlik, xolis va mohirona xizmat qilish an'analarini o‘z davri, zamonasining dolzarb muammolarini yoritish, zamonaviy yangi usullar bilan boyitish orqali davom ettiradi. Mumtoz adabiyotni, she'riyatni zamonaviy adabiyot va she'riyat bilan qiyoslasak bu yaqqol ko‘rinadi. Cho‘lpon davri uchun milliy ozodlik, istiqlol buyuk orzu va oliy maqsad edi. Shu sababdan u o‘z she'riyatini, hayotini milliy ozodlik kurashiga bag‘ishladi. U Navoiy g‘oyalarini, badiiy an'analarini o‘z davri talablari tarixiy zaruratidan kelib chiqib davom ettirdi. Alisher Navoiy turkiy tilning adabiyotdagi imkoniyatlari fors tilidan kam emasligini ko‘rsatish uchun aruzning turli vaznlarida ijod qilgan bo‘lsa, Cho‘lpon xalq ommasiga she'riyati yanada yaqinroq, g‘oyalari xalqqa tushinarliroq bo‘lishi uchun ko‘proq barmoq vaznida ijod qildi.
Kishilik jamiyatida adolat g‘oyasi hamisha dolzarbdir. Navoiy ijtimoiy adolat g‘oyasini turli tabaqalar, kasb egalari, davlat boshqaruvi (podshohlar, vazirlar, beklar, qozilar faoliyati va h.k.), odamlar xulq-atvori, ishlari va niyatlari, imon-e'tiqodi, o‘zaro munosabatlari misolida har tomonlama badiiy va falsafiy tahlil qiladi. Adolatli podshoh g‘oyasini ilgari suradi. Bu, bir tomondan, islom ijtimoiy fikrining an'analaridan biri edi. Ikkinchi tomondan, temuriylarning markazlashgan davlatini saqlab qolish, toj-taxt talashlarning, ayirmachilik kayfiyatining odini olishga harakat edi. Navoiy an'aviy “adolatli podshoh” g‘oyasini o‘z zamonasining konkret-tarixiy talablari bilan bog‘lagan edi. Cho‘lpon yashagan davrda “adolatli podshoh” g‘oyasi o‘z umrini yashab bo‘lgan edi. Cho‘lpon ijtimoiy adolatga inson va millat erkinligi g‘oyasi sifatida qaraydi. O‘tmishdan kelayotgan tarixiy an'ana (adolat g‘oyasi) zamonaviy, yangicha talqin qilinishi zarur edi. Cho‘lpon shu yo‘ldan bordi. Shunday qilib, madaniyat rivojlanishida tarixiylik va zamonaviylik, an'anaviylik va novatorlik (yangilik kashf etish) mushtarakdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |