MA’NAVIYAT ASOSLARI
DASTURI
10-sinf
(jami:17 soat)
UQTIRISH XATI
Bugungi globallashuv jarayonlarida inson ongi va tafakkuri uchun kurash masalalari jiddiy tus olib bormoqda. Dunyoning ayrim hududlarida ana shunday harakatlar natijasida katta ma’naviy yo‘qotishlar yuz berayotgani, millatning asriy qadriyatlari, milliy tafakkuri va turmush tarzi izdan chiqayotgani, axloq-odob, oila va jamiyat hayoti, ongli yashash tarzi jiddiy xavf ostida qolayotganini kuzatish mumkin. Bunday xurujlarning pirovard oqibati odamni o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti va xalqidan tonishga, vatanparvarlik tuyg‘ularidan mahrum etishga va hamma narsaga loqayd shaxsga aylantirishga qaratilganida namoyon bo‘lmoqda.
Shu sababli Sharq yoki G‘arb mamlakatlari, olis Afrika yoki Osiyoda ma’naviyatga qarshi tahdidlar paydo bo‘lsa, bugungi va ertangi istiqbolini o‘ylab yashaydigan har bir ongli inson, har bir xalq yoki millat tashvishga tushishi tabiiydir.
Shuning uchun ham o‘sib kelayotgan yosh avlodning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish uchun qurollantirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ushbu maqsad vazifalardan kelib chiqqan holda o‘rta ta’limda «Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» turkumiga kiruvchi fanlarni o‘qitishning maqsadi o‘quvchilarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, o‘quvchilar qalbi va ongiga ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot g‘oyasining mohiyatini singdirish, ularning ma’naviy dunyosini boyitish va mafkuraviy immunitetini, tayanch va fanga oid kompetensiyalarni shakllantirishdan iborat.
«Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» turkumiga kiruvchi fanlarni o‘qitishning vazifasi esa, o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilishga o‘rgatish, ularda faol fuqarolik nuqtai nazarini, milliy g‘urur, bag‘rikenglik va sog‘lom e’tiqodni shakllantirishdan iborat.
o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilarda fanga oid kompetensiyalar bilan birgalikda tayanch kompetensiyalar shakllantirilishi belgilab berilgan. Bunga ko‘ra, «Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» turkumiga kiruvchi fanlarni o‘qitish jarayonida o‘quvchilarda fanga oid ma’naviy-axloqiy madaniyatlilik va mafkuraviy immunitetga ega bo‘lish kompetensiyalari shakllantirilib boriladi. Bu komptensiyalar oddiydan murakkablik tamoyiliga ko‘ra, A1, A2, B1 darajalari orqali amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |