MA’NAVIY TARBIYA – O’QUVCHILAR MA’NAVIYATINI YUKSALTIRUVCHI OMIL
Saidova Parvina Mirzo qizi TerDU Ijtimoiy fanlar fakulteti magistranti
Yangi islohotlar amalga oshirilib rivojlanayotgan bir davrda mamlakatimiz miqyosida ta’lim-tarbiya sohasiga qaratilayotgan e’tiborni alohida ta’kidlamoq joiz. Tarbiya va ta’limni bir-biridan alohida ajratib bo‘lmaydi, bu ikki jarayon o‘zaro uyg‘un, uzluksiz asosda tashkil etilgandagina odobli, axloqiy fazilatlarga ega, yuksak ma’naviyatli, shu bilan birga bilimdon, zukko, ruhan va jismonan sog‘lom, keng dunyoqarash va tafakkurga ega, zamonaviy kasb-hunar egasi bo‘lgan vatanparvar yoshlarni yetishtirib beradi. O‘zbekistonda yoshlar tarbiyasini zamonaviy asosda ilmiy-texnologik isloh qilish borasida olib borilayotgan ishlar uni bugungi kun ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ilmiy asoslangan tayanch kompetensiyalar, fazilatlar asosida shakllantirishni talab etmoqda. Tarbiyaga yangicha, tizimli yondashuv, bolada tayanch fazilatlarni kafolatli shakllantirishda oila, maktabgacha ta’lim, umumiy ta’lim, o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, mahallalarning ijtimoiy-pedagogik imkoniyatlarini to‘liq yuzaga chiqarishni va ular orasida ilmiy-metodik uzviylikni yangi darajaga ko‘tarishni taqozo etadi.
Hozirda ma’naviyat tushunchasiga ko’p bora duch kelmoqdamiz. “Ma’naviyat” (arabcha “ma’nolar majmui”) - kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlari va tushunchalari majmuidir. Demak, ushbu ta’rifdan kelib chiqib ayta olamizki, ma’naviy tarbiya bu – universal tarbiya demakdir, chunki u o’z tarkibiga tarbiyaning barcha turlarini qamrab oladi. Tarbiya yosh avlodni jamiyatda yashashga maqsadli tayyorlash jarayoni bo’lib, maxsus tashkil etilgan davlat va jamoat insitutlari orqali amalga oshiriladi, jamiyat tomonidan nazorat qilinadi va tuzatishlar kiritib boriladi. Ma’naviy-axloqiy tarbiya yagona ijtimoiy tarbiya jarayonining tarkibiy qismidir. O’quvchilarda ma’naviy-axloqiy tarbiyani shakllantirish ularning ma’naviy dunyosini, ongini, axloqiy hislarini, shaxsiy sifatlari va xulqini tarbiyalash hamda rivojlantirishni taqozo etadi. O’quvchilarni ma’naviy tarbiyalashning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
O’quvchilarning axloqiy his-tuyg’ular va xatti-harakatlarini tarbiyalash;
Xulq madaniyati va ijobiy his-tuyg’ularini tarbiyalash;
Axloqiy xulq-atvor ko’nikmalarini shakllantirish;
Tarbiya jarayoni homiladorlik davridan boshlanib, insoni to umrining oxirigacha bo’lgan tadrijiy va uzluksizlik tamoyillari asosida davom etadi. Bola tarbiyasi dastavval oiladan boshlanadi. Oilalarda yoshlarning ma’naviy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan innovatsion ijtimoiy-pedagogik sog‘lom va barqaror muhitni ota-onalar farzandlari uchun yaratib berishlari lozim. Bola tarbiyasida milliy va zamonaviy pedagogikaning ilg’or yutuqlaridan samarali foydalanishi ta’lim-tarbiya jarayoning sifat ko’rsatkichlarini yanada oshiradi. Bu jarayonda tarbiyalanuvchilar bilan birga tarbiyachilarning ham bilimi va malakasini muntazam oshirib borilishi muhim ahamiyatga ega. Ma’naviy tarbiyani shakllantirishda oila, mahalla va ta’lim muassasalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va boshqa ijtimoiy tuzilmalar o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yilishi samaradorlikning yuqori bosqichlariga erishilishiga zamin yaratadi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasini amalga oshirish jarayonini muvofiqlashtiruvchi “Ma’naviy tarbiya” respublika jamoatchilik kengashi tuzilgan. Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilaviy qadriyatlarimizga zid bo‘lgan turli ma’naviy tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni tashkil etish, hududlar bo‘yicha oilalarda sog‘lom tarbiyaviy muhitni yaratish va ota-onalarga tarbiya usullarini o‘rgatishga qaratilgan maqsadli va manzilli targ‘ibot tadbirlari va treninglar o‘tkazilishi ko’zda tutilgan.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya metodlarini shartli ravishda quyidagicha tasnif etish mumkin: 1) ma’naviy-axloqiy ongni shakllantiruvchi metodlar: hikoya, tushuntirish, etik suhbat, izohlash, nasihat, o’git, ko’rsatma, namuna va h.k. 2) ma’naviy-axloqiy xulq-atvorni shakllantiruvchi metodlar: mashq, o’rgatish, pedagogik talab, tarbiyalovchi vaziyat, topshiriq va h.k. 3) ma’naviy-axloqiy motivatsiyasini hosil qilishga doir metodlar: rag’batlantirish, musobaqa, tanbeh va h.k.
Bolalarda orzuga intilish, ijodiy fikrlash, yaratuvchanlik, ichki qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan aqliy va harakatli o‘yinlar, konstruktorlik o‘yinlari va o‘yinchoqlarning milliy xususiyatimizdan kelib chiqqan milliy va zamonaviy ko’rinishdagi qiyofasini ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish orqali milliy o’zligimizga xos bo’lgan fazilatlarni eng kichik yoshlik davrlardanoq o’quvchilarga singdirib borish lozim. Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlari o‘quvchilarda yoshiga mos tayanch ma’naviy-axloqiy fazilat (kompetensiya)lar — Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, mas’uliyatlilik, tolerantlik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik shakllantiriladi. 2020/2021-o’quv yilidan boshlab umumiy o’rta ta’lim maktablarida “Tarbiya” fani yangi o’quv fani sifatida o’qitilib kelinmoqda. “Tarbiya” fani orqali o‘quvchilarda ma’naviy tarbiya indikatorlari va kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi bilim, ko‘nikma va malakalarni ta’lim mazmuniga keng singdirish tarbiyachilar zimmasiga quyidagi talablar yuklatildi: O‘quv fanlari doirasidagi ma’naviy tarbiya indikatorlarini amaliyotga joriy etish, ularni amaliyotda qo‘llay olish imkonini beruvchi amaliy mashq va topshiriqlar bilan boyitish (ma’naviy-axloqiy kompetensiyalar), muvaffaqiyatga erishishga intilish motivining shaxs ustuvor xususiyati sifatida mustahkamlanishi, bolaning o‘z xulq va faoliyatini ongli nazorat qilishini kuchaytirish, o‘zining va atrofdagilarning xulqi, xatti-harakatlariga munosabat bildirish, mehnatsevarlikka o‘rgatish, bilimlarning kengayishi, chuqurlashuvi, ma’naviy-axloqiy ko‘nikma va malakalarning rivojlanishi, ijtimoiylashuv jarayonida talab etiladigan yoshiga mos shaxsiy fazilatlarni shakllantirish, kasblar to‘g‘risida tasavvurlarni kengaytirish, kasbga va mehnatga qiziqtirish, vijdonan mehnat qilish ko‘nikmalarini o‘rgatish, mehnatning inson va jamiyat hayotidagi ahamiyatini ko‘rsatish, muvaffaqiyatga erishish motivlarini kuchaytirish, o‘zini-o‘zi baholashga o‘rgatish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni o‘rganish va h.k.
Ta’lim muassalarida o‘quvchilarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, davlat ramzlariga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan tantanali marosimlarning yangi, ta’sirchan shakllarini tashkilashtirish ulardagi vatanparvarlik tuyg’usini shakllantiradi. Ma’naviy tarbiyani o’quvchi-yoshlar ongiga singdirish orqali o‘g‘il bolalarda ona Vatanga muhabbat, milliy g‘oyaga sadoqat, mardlik, jasorat, fidoyilik, halollik, rostgo‘ylik, hojatbarorlik, vijdonlilik, vazminlik, yigitlik g‘ururi, or-nomus, mehr-oqibatlilik kabi fazilatlar, tadbirkorlik va oilaparvarlik malakalari shakllanib boradi. Qiz bolalarda esa, milliy g‘oyaga sadoqat, mehnatsevarlik, jonkuyarlik, oilaparvarlik, ibo, hayo, nafosat, did-farosat, qanoat, vafodorlik, mehribonlik, rahmdillik, kamtarlik, ziyraklik, mehmondo‘stlik, bolajonlik, murosalilik, orastalik, saranjomlik, xushmuomalalik, pazandalik kabi malakalarni shakllanib boradi. Bizning ertangi kelajagimiz bunyodkorlari bo’lgan yoshlarga bilim, ko’nikma va malakalarini egallashga nazariy va amaliy ko’maklashish ertangi yanada farovon yashashimiz uchun katta zamin hozirlaydi. Biz yangi O’zbekistonda yangi g’oyalar va rejalar bilan hamohang qadam qo’ymoqdamiz. Bu ildam qadamlarimiz yaqin kelajakda o’zining istiqbolli natijalarini ko’rsatadi. Jamiyatimizdagi keng qamrovli islohotlar o’zining samarasi ko’rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |