Vaziyatga huquqiy baho bering
7-kazus
Arizachi Raxmonova Gulnora Erkinovna Ma’muriy sudga murojaat qilib, Termiz shahar “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhning 2020-yil 26-dekabr kungi 1-sonli qarorini haqiqiy emas deb toppishni so‘ragan. Jizzax tumanlararo Ma’muriy sudi majlisida arizachi Raxmonova arizani quvvatlab 2020-yil 25-dekabr kuni “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh raisi N.Safarova unga telefon qilib MFY raisligiga nomzodi qo‘yilganligini, saylov 26.12.2020 yil soat 16:00 da MFY binosida bo‘lishini aytib, zudlik bilan saylovoldi dasturini taqdim etishini so‘raganligi, shu kuni MFY binosiga borib, nomzod sifatida saylov komissiyasi raisi nomiga ariza berganligini, saylovchilar bilan tanishib, ularga o‘z dasturini e’lon qilishga vaqt berilmaganligi, saylov o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh a’zolarini tanimasligi, saylov kuni soat 16-17 lar orasida mahallaga kelib, dastur bilan saylovchilarni tanishtirganligi, saylovda 60-70 nafar odam qatnashganligi, saylov kuni 247 nafar fuqaro kelmaganligini, saylov qonun talablariga zid o‘tkazilganligini bildirib, arizasini qanoatlantirishni so‘radi.
Termiz shahar, “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inining 26.12.2020 yilgi 03-1/5-sonli yig‘ilish qaroriga asosan bo‘shab qolgan “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha N.Safarova raisligida 7 nafar a'zodan iborat ishchi guruhi tuzilgan. “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga ikki nafar, ya'ni Raxmonova Gulnora Erkinovna hamda Raxmonova Dildora Umaralievnalar nomzod sifatida ko‘rsatilgan. Ishchi guruhning 2020-yil 26-dekabr kungi 1-sonli qaroriga asosan Raxmonova Dildora Umaralievna mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylangan.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Ma’muriy hujjatning qonuniyligi va asoslanganligini tahlil qiling.
8-kazus
Fuqaro Boykuvatov Alisher Tuymaevich Ma’muriy sudga murojaat qilib, hokim tomonidan chiqarilgan qarorni bekor qilishni so‘ragan. Vaziyatdan ma’lum bo‘lishicha, Chiroqchi tuman hokimining 12.09.2013 yildagi X-738/09-sonli qarori bilan unga o‘zi yashab kelayotgan "Paxtaobod" MFYga qarashli "Sohibkor" fermer xo‘jaliklari hududidagi tuman hokimligini zahira yer fondidan "issiqxona" qurish uchun xo‘jalik yerdan foydalanish xaritasining 69q-konturidan jami 1,0 gektar qurigan tutzor yer maydoni ajratib berilgan bo‘lib, hozirgi kunda ushbu yer maydonidan dehqon xo‘jaligi hisobida foydalanib kelganligini, u ushbu yer maydoniga issiqxona qurishi lozim bo‘lsada, lekin yer maydoni eski qabriston joyi va toshloq joydan iborat bo‘lganligini, davlatdan bir so‘m ham kredit olmasdan oila a’zolari bilan birgalikda o‘z yonidan o‘zlashtirib, tekislab, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan pomidor va shunga o‘xshash boshqa ekinlarni ekib, parvarishlab, foydalanib kelganligini, yerdan noqonuniy ravishda foydalanmaganligini, 2014-yil
9-iyul kuni №219-son bilan “Karimova Dilshoda Shermamatovna” nomi bilan dehqon xo‘jaligi hisobida ro‘yxatdan o‘tganligini, dehqon xo‘jaligi nizomini
1.1-bandida dehqon xo‘jaligi oilaviy mayda tovar xo‘jaligi bo‘lib, oila a'zolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan doimiy egalik qilish uchun oila boshlig‘iga berilgan tomorqa yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsuloti etishtirishi va realizasiya qilishligi, 1.3 bandida dehqon xo‘jaligi davlat majburiyatlari yuzasidan davlat esa dehqon xo‘jaligi majburiyatlari yuzasidan javob bermasligi, 2.1 bandida dehqon xo‘jaligi o‘z tomorqasida etishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan oilasini ta’minlashligi va ortiqcha qismini sotishligi ko‘rsatilganligini, Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan tuman hokimi nomiga 2020-yil 24-iyul kuni protest kiritilgan bo‘lib, tuman hokimi o‘zining 2020-yil
1-dekabr kunidagi HQ-2005/12-sonli qarori bilan tuman prokurorining protestini qanoatlantirib, tuman hokimligini 12.09.2013 yilgi X-738/09-sonli qarori bekor qilinganligini, tuman hokimi qarorni bekor qilishda holatni atroflicha o‘rganmasdan, uni tinglamasdan, shoshma-shosharlik bilan barvaqt xulosaga kelganligini, tuman prokuraturasi va hokimligi bu holatlarni atroflicha o‘rganmasdan oddiy bir holdek uning mehnatlarini inobatga olmasdan qarorni bekor qilib yuborganliklarini, shu sababli suddan shikoyat arizani qanoatlantirishni so‘radi.
Do'stlaringiz bilan baham: |