Birinchidan, Respublika milliy iqtisodiyotning kuchli eksport bo’g’inini tashkil etuvchi va uni jahon bozorida munosib o’ringa ega bo’lishini ta’minlovchi sohalarni aniqlash.
Ikkinchidan, iqtisodiyotning eksport bo’g’inida davlat tomonidan qo’llabquvvatlash usullaridan keng foydalanish. Bu usullar quyidagilar:
> eksportga yo’naltirilgan ishlab chiqarishni kengaytirish uchun imtiyozli foizlar bo’yicha ko’p muddatli kreditlar ajratish, investitsiyalarni sug’urtalash;
> davlat tomonidan respublikamizga ilg’or texnologiyalar, tajribalar, bilimlarning kirib kelishiga subsidiyalar ajratish:
> eksport va importni litsenziyalash yoki chetga tovar chiqarishga va chetdan uni olib kirishga ruxsatnoma berish;
> ishlab chiqarish jarayonida qatnashuvchi, xorijdan keltiriladigan xom ashyo va materiallar, asbob-uskunalar va jihozlar ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish va boshqalar.
SHu bilan birga, tashqi iqtisodiy siyosat milliy valyutani mustahkamlash va uning boshqa valyutalar bilan erkin almashuvini ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatining me’yoriy va umumiy asoslarini xalqaro talablar darajasiga yetkazishni nazarda tutadi. Hozirgi paytda O’zbekiston sanoatining aksariyati umuman tijorat faoliyatiga va xususan, xalqaro raqobatga tayyor emas: hozircha talabning deyarli barcha sohalarida import mahsulot mahalliy tovarlardan, ayniqsa iste’mol tovarlaridan ustun kelmoqda. O’zbekistonda yuzaga kelayotgan iste’molning o’ziga xos modelida sifat asta sekin andoza bo’lib qolmoqda. O’zbekiston «ochiq» milliy iqtisodiyot sharoitida jahon xo’jaligi tsikllarining bevosita ta’siriga duch kelmoqda.
Buning ustiga, uning hozirgi eksportining nosanoat tuzilmasi bunday tsikllarni xushlamay qabul qilmoqda. Respublikada iqtisodiyotini erkinlashtirishning hozirgi sharoitida «Mamlakat eksport salohiyatini oshirish, uning xalqaro mehnat taqsimotida teng yutuqli va o’zaro manfaatli shartlar asosida ishtirok etishi, iqtisodiyotimizning jahon iqtisodiy tizimiga keng ko’lamda integratsiyalashuvini yanada kuchaytiradi» Respublika tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishda iqtisodiyotga xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun qulay sharoit yaratishga hamda zarur bo’lgan tashkilot va muassasalar tuzishga katta ahamiyat berilmoqda. Bular jumlasiga tavakkalchilik xatarlari keltiradigan zararni qoplaydigan «O’zbekinvest» milliy sug’urta kompaniyasini, turli sug’urta kompaniyalarini, Vazirlar Mahkamasi huzurida BMT bilan birgalikda tashkil qilingan investitsiyalarga ko’maklashuvchi xizmatni, Davlat mulk qo’mitasi huzuridagi ko’chmas mulk va xorijiy investitsiyalar agentligi kabilarni kiritish mumkin.
O’zbekistan Respublikasi ko’p tomonlama xalqaro iqtisodiy hamkorlik tashkilotlari faoliyatida qatnashmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqtisodiy muassasalari, Jahon banki, Xalqaro Valyuta Fondi, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Iqtisodiy taraqqiyotga ko’maklashuvchi tashkilot, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon sog’likni saqlash tashkiloti kabi va boshqa obro’-e’tiborli xalqaro moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo’lib kirdi hamda ularda faol siyosat o’tkaza boshladi.
Ko’pgina xalqaro tashkilotlar - BMT, XVF, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi va boshqa tashkilotlar Respublikada o’zlarining mintaqaviy vakolatxonalarini ochdilar va o’zbekistonlik sheriklar bilan faol hamkorlik qilmoqdalar. Xalqaro Valyuta Fondi, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida ishlab chiqilgan hamda, jumladan, respublikada kichik va o’rta biznesni rivojlantirishga ko’maklashuvchi bir qancha loyihalar, shuningdek iqtisodiyotning eng manfaatli sohalaridagi loyihalarni moliyaviy jihatdan ta’minlash dasturi amalga oshirilmoqda.
Respublikada tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug’ullanishdagi zarur bo’lgan barcha muassasalar amalda yangidan barpo etildi. Tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning mustaqilligini oshirish, marketing tizimini takomillashtirish va mamlakat tovarlarini xalqaro bozorlarga keng ko’lamda kiritish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi etib qayta tashkil qilindi. Bundan tashqari tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, bojxonalar xizmati tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasida, vazirliklar va idoralarda, korporatsiyalar, kontsernlar, uyushmalarda va mahalliy boshqaruv idoralarida tegishli tashqi iqtisodiy bo’limlar tuzildi va ish olib bormoqda.
Mustaqillikning dastlabki yillarida tashqi aloqalarni kengaytirish, respublikaning eksport imkoniyatlarini rivojlantirishni rag’batlantirish maqsadida butun tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish uchun huquqiy negizlarini yaratib bergan asosiy qonun hujjatlari qabul qilindi. Prezident Farmonlari va hukumat qarorlari chiqdi. Bular, avvalo, «Tashqi iqtisodiy faoliyat to’g’risida», «CHet el investitsiyalari va xorijiy sarmoyadorlar faoliyatining kafolatlari to’g’risida»gi qonunlar hamda boshqa qonuniy va me’yoriy hujjatlar bo’lib, ular tashqi iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida xalqaro shartnomalar tuzish va ularni bajarish uchun asosiy shart - sharoitni yaratishga imkon berdi. Xorijiy sarmoya ishtirokida korxonalar barpo etish, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini ro’yxatdan o’tkazish va chetga chiqariladigan mahsulot uchun ruxsatnoma (litsenziya) berish tartibini anchagina soxalashtirish, eksport va import tarkibini yaxshilash choralari ko’rib borilmoqda.
Mamlakatimizda olib borilgan islohatlarning ilk davridan e’tiboran respublikaning eksport salohiyatini rivojlantirish va yanada mustahkamlash, eksportga yo’naltirilgan iqtisodiyotni shakllantirishga asosiy e’tibor qaratildi. Binobarin, O’zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy siyosati mustaqillikning dastlabki bosqichlarida quyidagi vazifalarni hal etdi:
eksport-import operatsiyalarini markazlashtirishdan chiqarish;
davlat extiyojlari uchun tovarlar eksport va importi ustidan nazoratni kuchaytirish;
davlat uchun strategik muhim hisoblanmaydigan tovarlar eksportini soddalashtirish;
strategik muhim tovarlar eksportidan olingan valyuta tushumi ustidan nazoratni kuchaytirish;
davlat siyosatining barcha choralarini qo’llab chet el investitsiyalari jalb etilishini va eksport salohiyatini rivojlantirishni rag’batlantirish;
SHu tariqa bozor iqtisodiyotiga o’tishining murakab sharoitlarida jahon bozoriga chiqishni erkinlashtirish va protektsionizm chora tadbirlari bilan birikkan izchil puxta o’ylangan tarkibiy va sanoat siyosatiga tayanadigan siyosat bo’ldi. Umuman respublika tashqi iqtisodiy aloqalarinnig erkinlashtirish va tashqi iqtisodiy majmuini yanada takomillashtirish borasida quyidagi masalalarni hal etish maqsadga muvofiqdir:
O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari manfaatlarini ham ichki ham tashqi bozorda himoya qilish;
milliy iqtisodiyotning rivojlanishi va uning jahon iqtisodiyoti tizimiga integratsiyalashuvini rag’batlantirishga qaratilgan zaruriy shart-sharpoitlarni yaratish;
tashqi iqtisodiy faoliyatning davlat tomonidan tartibga solish tizimlarini yanada rivojlantirish;
eksport salohiyatini rivojlantirishga qaratilagn davlat dasturlarni ishlab chiqish va ularni amalag oshirishni ta’minlash;
ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlar faoliyatini har tamonlama qo’llab quvatlovchi tizimlarni yanada takomillashtirish;
xorijiy mamlakatlar bilan zamonaviy texnologiyalarni standartlashtirish, metrologiya va sifatni sertifikatsiya qilish sohasida hamkorlik qilish ko’lamini yanada kengaytirish;
to’g’ridan to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va xalqaro standartlarga javob beradigan hamda jahon bozorida raqobatbardosh bo’lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida mamlakatning turli hududlarida qo’shma korxonalar tashkil etishni ta’minlash;
O’zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar va boshqa xalqaro huquq sub’ektlari bilan savdo-iqtisodiy va moliyaviy hamkorliklarini yanada kengaytirish;
xalqaro transport komunikatsiyalarini rivojlantrish orqali eksport tovarlarining transportda tashish xarajatlarni kamaytirish va hokazo.
Fikrimizcha tashqi iqtisodiy aloqalarining geografik tarkibini takomillashtirish va yanada rivojlantirishga to’sqinlik qilib kelayotgan masalalarning o’z vaqtida bartaraf etilishi O’zbekistonning jahon iqtisodiy hamjamiyatida samarali ishtirok etish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |