Topshiriq: “Bahs - munozara” mashqi. Mavzu: Shifokorlar nima uchun oq xalat kiyishadi va nima uchun qasam ichishadi?
Sana:_________________________
25-Mavzu:“Milliy qadriyatlar va an’analarimiz (21 mart – Navro‘z bayrami munosabati bilan).
Kun shiori: “Umrimizning har daqiqasi Navro`zga aylansin!”
Maqsad:O`quvchilarda vatanparvarlikni singdirish, milliy bayramimiz Navro`zga bo`lgan hurmatni, milliy urf-odatlarimizga g`ururni rivojlantirish.
Natija:O`quvchilarning erkin fikrlashi, tassurotlari va olgan xulosasi.
Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi — jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisa va jarayonlarga daxldorlikni his etish va ularda faol ishtirok etish, o‘zining fuqarolik burch va huquqlarini bilish, unga rioya qilish, mehnat va fuqarolik munosabatlarida muomala va huquqiy madaniyatga ega bo‘lish layoqatlarini shakllantirish.
Milliy va umummadaniy kompetensiya — vatanga sadoqatli, insonlarga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lish, badiiy va san’at asarlarini tushunish, orasta kiyinish, madaniy qoidalarga va sog‘lom turmush tarziga amal qilish layoqatlarini shakllantirish.
Foydalanadigan ko`rgazmali qurollar:shiorlar, plakatlar, devoriy gazetalar, slaydlar, tarqatma materiallar.
Doskada: Vasli aro ko`rdim, teng emish bo`yi – yu sochi,
Tun – kun ekan, zohir o`lur bo`ldi chu Navro`z.
Alisher Navoiy
O`qituvchi:
Avvalambor, ota-bobolarimizdan qolgan qadriyatlarimizga amal qilib, bizni shu mo`tabar kunlarga – yangi yilga, Navro`z ayyomiga yetkazgani uchun Yaratganimizga shukrona va hamdu sanolar aytishimiz darkor.
O`zining buyuk fazilatlariga hamisha sodiq bo`lib, murakkab sinov davrlarida ham Navro`zdek noyob urf-odatini ko`z qorachig`iday asrab, e’zozlab kelgan ajdodlarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi, albatta. Asrlar bo`yi, ming yillar davomida Navro`zi olam xalqimizda, har bir oilada, har bir xonadonda eng orziqib kutiladigan xursandchilik, go`zallik va nafosat kuni, bahor faslini namoyon qiladigan bayram bo`lib kelmoqda. Navro`z – tabiatning uyg`onish, yasharish fasli. Tabiat uyg`onar ekan, inson ruhi ham yangilanadi. Shu bilan birga inson bilagiga kuch, yuragiga yangi intilish, hayotiga yangi umid va orzular kirishi tabiiydir. Barchamizning ezgu niyatimiz – yurtimiz tinch va obod, dasturxonimiz to`kin va barakali bo`lsin, oilamiz va farzandlarimiz, yoru birodarlarimiz sog`-salomat, baxtli-saodatli bo`lsin. Tinchlik barqaror bo`lgan yurtga bayram yarashadi. Halovatli elning bahori ham, yozi ham, kuzi-yu qishi ham-qo`yingki, har bir kuni fayzli-tarovatli bo`ladi. Totuvlik, osudalik bo`lgan joydan balo-qazolar yiroq yuradi. Navro`z yana bir xislati bilan bizning milliy tabiatimizga yaqin. Shu kunlarda eski gina-kuduratlarni, har xil yomonliklarni sedan chiqarish, mehr-oqibatli, muruvvatli bo`lish, beva-bechralarning holidan xabardor bo`lish, yetim-yesirlarning ko`nglini olish singari, Allohning o`zi el-yurtimizga ato etgan ota-bobolarimizdan meros bo`lib kelayotgan fazilatlar ham Navro`zning olijanob mohiyatidir. Umrimizning har daqiqasi Navro`zga aylansin!
(Islom Karimov. Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo`lida. )
Navro`z qiz – juvonlarga alohida ko`rk beruvchi bayramdir. Bayram munosabati bilan ular qo`llariga xino, qoshlariga o`sma qo`yadilar. Arg`imchoqlarda uchishib, turfa o`yinlar o`ynashib, keng yam – yashil dalalarda sayr etishib, qizg`in gurunglar qiladilar.
Navro`z bayrami bolalar va o`spirinlar uchun olam – olam quvonch, shodlik keltiruvchi tantanadir. Unga yosh bolalar ham, o`smir yigit – qizlar ham alohida tabrik bilan keladilar. Ular uchun Navro`z udumlari, an’analari va rasm – rusumlari juda qiziqarli bo`lib, diqqat bilan kuzatadilar, o`zlari ham zavq – shavq unda ishtirok etishga harakat qiladilar.
O`zbek xalqi asrlar davomida o`ziga xos va xilma-xil urf-odatlar, marosimlarni yaratdi. Bular doimiy takrorlanishi va ularga amal qilib kelinishi natijasida vujudga kelgan. Biroq urf-odat va marosimlar ham jamiyat taraqqiyoti tufayli o`zgarib, ularning ayrimlari amaliyotdan chiqib unutilgan. Turmushga, zamonga qarab, yangi-yangi urf-odatlar va marosimlar kirib, takomillashib boradi. Xalqchil odatlar zamonlar osha davr sinovlariga bardosh berib, avloddan avlodga o`tib kelmoqda. Asrlar davomida bir makonda aralash yashab kelgan Markaziy Osiyo xalqlarining an’analari va urf-odatlarida o`xshashliklar ko`p. Turli tarixiy davrlarda O`zbekistonning tub yerli turg`un aholisiga kelib qo`shilgan qabila va elatlar o`rtoqlashib, o`zbeklarning udumlarini qabul qilganlar va ayni vaqtda unga o`z hissalarini qo`shganlar. Har bir xalqning tarixan tarkib topgan o`ziga xos urf-odatlar va an’analari e’zozlanib, avlodga meros qoldiriladi. Shu tariqa avlodlar an’analarni davom ettirib, ularning barqarorligini ta’minlaydilar. Ijtimoiy tarbiyaviy ahamiyatga molik odat va marosimlar jamoatchilik boshqaruvida bo`lgan. O`zbeklarning an’ana va urf-odatlari tarixan tarkib topgan ijtimoiy munosabatlar mahsuli bo`lib, xalqning yashash sharoiti, muhiti natijasida vujudga kelgan. Navro`z Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining qadimiy, an’anaviy Yangi yil bayrami. Navro`z bayrami bahor oyiga – qishloq xo`jalik ishlarining boshlanishiga to`g`ri kelgan. Qadim zamonlarda Navro`z kunlari odamlar bir-birlariga qand hadya qilishgan. Odamlar mehnat orqali erishilgan har bir yutuqdan ruhlanib, mehnat samarasini tantana bilan nishonlash an’ana tusini olgan. O`zbekistonda ilgari keng tarqalgan va Navro`z bilan bog`liq marosimlardan yana biri “Go`ja oshi” yoki “Yil boshi go`ja oshi” deb atalgan. Bu taom xonadonlardan ixtiyoriy ravishda yig`ilgan har xil masalliq – don, mosh, loviya, no`xat, yog`-go`shtdan tayyorlangan. O`zbekiston mustaqilikka erishgach, muhim sanalar bilan bog`liq umumbashariy, milliy bayramlar bilan bir qatorda Ro`za va Qurbon hayitlari, Navro`z bayramlari tiklanib, nishonlanib kelinmoqda. Bulardan tashqari respublikamiz, viloyatlarida turli etnik mazmunga ega qadriyatlarga asoslangan marosimlar xalq sayillari shakllarida o`tkaziladi. Masalan: “Asrlar sadosi”, “Mingta sunnat, mingta nikoh to`yi ” , Ro`za oylarida iftorliklar berilayapti. Bular ham zamonaviy an’analarimizga aylanib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |