Naql qilinishicha, hajni niyat qilib uzoq yurtdan yoʻlga chiqqan bir guruh darvishlar oʻz shayxlari hamkorligida Gʻijduvonga kelib, Hazrat Abdulxoliqning mehmoni boʻlibdilar. Hazratning kichkina hujralariga hamma sigʻibdi, doʻppidaygina qozondagi ovqat barchaga yetib ortibdi. Hazrat Abdulxoliqning suhbatlari darvishlarga manzur boʻlib, hatto safarni ham unutishibdi. Shayx safarni eslatganda, Hazrat Abdulxoliq Gʻijduvoniy: “Kaʼbaga boraman deb riyozat chekmang. Marhabo, mana bu narvonga koʻtariling! Kaʼbatulloni koʻrasiz va shu yerning oʻzidan uni ziyorat etgaysiz”, debdi. Darveshlar qirq zinali narvonga chiqib, Kaʼbatulloni koʻribdilar. Shayx: “Bizda ham karomat bor!” deb Gʻijduvoniy Qalʼasi ustiga chiqib, chuh deyishi bilan Qalʼa butun Gʻijduvonni harakatga keltirib, sudray boshlabdi. Shayx: “Men sizlarni butun shahringiz bilan Kaʼbatulloga eltaman!” debdi. Shunda Hazrat Abdulxoliq Gʻijduvoniy oʻz muridlaridan biriga qarab: “ Qalʼaga langar oting!” deb buyuribdi. Langar otilgandan soʻng, Qalʼa uzilib, shahar taqqa toʻxtab qolibdi.
Langar otilgan joy hozir Uzildi qishlogʻi deb ataladi. Langar otgan murid esa keyinchalik Xoja Langar Ato nomi bilan mashhur boʻlgan ekan”.
Ushbu afsonada ikkita tarixiy shaxs (Abdulxoliq Gʻijduvoniy va Xoja Langar ota) nomi tilga olinayotir. Shu jihatdan u tarixiy shaxslar haqidagi afsona sifatida taassurot uygʻotadi. Biroq unda Uzildi qishlogʻining kelib chiqishi ham izohlangan. Shunisiga koʻra, u toponimik afsona sifatida qaraladi. Demak, bu holat shuni anglatadiki, birgina afsona tarkibida tarixiy va toponimik afsonalarga xos xususiyatlar qoʻshilib kelishi mumkin.
Afsona syujetida ulugʻ avliyoning oʻz muridlari bilan qirq pogʻonali sehrli narvon vositasida koʻz ochib yumguncha haj ziyoratiga yetishishi motivi yetakchilik qilgan. Bunda sehrli narvon murakkab manzilni zabt etish vositasi sifatida talqin etilgan.
Maʼlumki, qirq zinali narvon obrazi, odatda, sehrli ertaklarda uchraydi. Ammo qiziq tomoni shundaki, ertaklarda u gʻaroyib emas, oddiy koʻrinishda tasvirlanadi. Masalan, “Ota vasiyati” ertagida oshiq yigit malika belgilagan shart boʻyicha qirq pogʻonali baland zinadan oq tusli gʻaroyib oti yordamida yuqoriga koʻtarilib, koʻshkda oʻtirgan malikaning qoʻlidan olmasini olib tushgani uchun unga uylanadi, baʼzi ertaklarda esa malikaning uzugini olib tushadi.
Bizningcha, ertak va afsonalarga sehrli narvon obrazi bejiz kiritilmagan. Uning genetik asosi xalq marosim va udumlari bilan tutashadi. Binobarin, narvon, ayniqsa, motam marosimining muhim atributlaridan biri sanaladi. U marhumni oʻzga dunyoga koʻchirish vositasi boʻlib xizmat qiladi. Yaʼni odamlar marhumni tobut-narvonda oʻliklar saltanatiga kuzatib boradilar.
Misol keltirilgan bu matnning afsona janriga mansubligi uning syujeti xayoliy uydirmaga asoslanganligidan yaqqol bilinib tursa-da, berilgan manbada u “Naql qilishlaricha” deya boshlangan. Aslini aytganda, afsona bilan naql folklorning alohida, mustaqil epik janrlari boʻlib, ular ijro maqsadi, sababi, ijro tarzi, janr kompozitsiyasi va tabiati jihatidan bir-biridan oʻzaro farq qiladi. Aytaylik, naqllardagi obrazlar oʻta umumlashma xarakterda boʻladi. Afsonalarda esa har bir obraz oʻziga xos individual xususiyati bilan namoyon boʻladi. Shuningdek, naqllardagi obrazlar maʼlum bir axloqiy fazilatni ochib berishga yoʻnaltirilgan boʻladi va ular ramziy timsol sifatida gavdalanadi. Qolaversa, naqllar oʻgit berish maqsadida aytiladi, ularning yechimi kutilmaganda sodir boʻladi. Mazmuni ibratliligi bilan ajralib turadi. Afsonalar bilan naqllarning baʼzida qorishtirib yuborilishiga, bizningcha, quyidagilar sabab boʻladi:
Birinchidan, naql ham, afsona ham besabab aytilmaydi. Naql muhokamaga sabab boʻlgan biror voqea yoki hodisani tasdiqlash uchun aytilsa, afsonalar uni izohlash uchun aytiladi. Ikkinchidan, naql oʻgit berish vazifasini bajarsa, afsona axborot berish vazifasini bajaradi. Uchinchidan, naql mazmuni ibratomuz boʻlsa, afsona xabar-darak mazmunida boʻladi. Toʻrtinchidan, naqllardagi obrazlar ramziy va majoziy xususiyat kasb etsa, afsonalardagi obrazlar xayoliy uydirmaga asoslanganligi yoki realligi bilan farq qiladi. Beshinchidan, naqllarning soʻngida, yaʼni xulosa qismida, albatta, qissadan hissa beriladi. Oltinchidan, naql va afsonalarning syujeti sodda va qisqa boʻladi. Har ikkalasida voqealar axborot shaklida bayon etiladi. Shuningdek, ularda obraz va tushunchalarni bir-biriga zid qoʻyish usuli yetakchilik qiladi. Biroq, naqllar afsonalardan keyin shakllanganligiga shubha yoʻq. Chunki naqllar shakl va mazmuniga koʻra ikkiga – sinkretik va sof naqllarga boʻlinadi. Sinkretik naqllarning ayrimlari esa afsonalar bilan munosabatda, ularning taʼsirida yuzaga kelganligi kuzatiladi. Shuning uchun bunday naqllarda afsonaga xos ayrim xususiyatlar koʻzga tashlanadi. Eng muhimi, ularda syujet voqeligi xayoliy uydirmaga asoslanadi.
Alisher Navoiy asarlarida afsona, ertak, naql atamalari oʻrnida bittagina «choʻrchak» soʻzi ishlatilgan. Bu shuni bildiradiki, afsona, ertak, naql janrlari orasiga chegara qoʻyish masalasi ancha kech hal qilingan. «Choʻrchak» atamasining ularga nisbatan umumiy tarzda qoʻllanishiga shu narsa sabab boʻlganki, kishilar kichik koʻrinishdagi barcha ogʻzaki hikoyalarni shu nom bilan atayverishgan. Maʼlumki, ertaklar kishilarda, asosan, badiiy zavq uygʻotish maqsadini koʻzlaydi. Afsonalar esa kishilarga axborot berish vazifasida aytiladi. Shu jihatdan ularning badiiyati oʻrtasida katta farq borligi seziladi.
Xullas, oʻzbek xalq afsonalari voqelikning xayoliy uydirma asosida oʻta fantastik ruhda bayon qilinishi, obrazlar silsilasida tarixiy shaxslarning badiiy timsollari bilan bir qatorda mifologik tasavvur va epik tafakkurga aloqador personajlar, mifik obrazlar ham salmoqli oʻrin tutishi, syujet tizimidagi anʼanaviy motivlarning muayyan bir qismi tarixiy-genetik jihatdan qadimgi eʼtiqodlarga borib taqalishi bilan xarakterlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |