3.3. Harakat bildiruvchi so`zlarda grammatik antonimiya. Antonimiyada fe`l antonimlar ham kattagina o`rin egallaydi. Jamolxonovning ko`rsatishicha, antonimiya fe`llarda ancha kuchli tarzda yuz beradi. Bu, asosan, a) qarama-qarshi harakat ma`nolarini ifodalovchi fe`llarda: bormoq va kelmoq, kirmoq va chiqmoq; b) sifat yoki ravishdan yasalgan fe`llarda: kengaymoq va toraymoq, ko`paymoq va ozaymoq, sekinlashmoq va tezlashmoq kabi.
Ba`zan fe`lning sifatdosh shakli sifat turkumidagi leksema bilan antonimik munosabatlarga kirishishi mumkin: o`qigan va bilimsiz, o`qimagan va bilimli kabi. Fe`l antonimlar asosan quyidagi ma`nolarni bildiradi:
1) qarama-qarshi tomonga bo`lgan yo`nalishni ifoda qiladi: kelmoq-ketmoq, bormoq-qaytmoq, kirmoq-chiqmoq, ochmoq-yopmoq;
Arzon bo`lsa, oluvchidan insof ketar,
Qimmat bo`lsa — sotuvchidan.
2) kishilarning o`zaro aloqasini bildiradi: olmoq-bermoq, olmoq-sotmoq;
Olgan mard emas, Bergan mard.
Boyning olari ko`p, Yo`qning — berari.
3) kishilarning ruhiy holatini ifodalaydi: kulmoq-yig`lamoq, sevinmoq-qayg`urmoq, rohatlanmoq-azoblanmoq;
Aqlli qizni yig`latish ham qiyin, kuldirish ham. (Maqol)
Zal kuldi, yig`ladi mahoratingdan,
Men ham burchagimda yig`ladim, kuldim. ( U.Azim “ Suflyor monologi”)
Nazar Eshonqul ijodida insonlar o`rtasidagi nutqiy muloqot holatlarini ifodalashda to`g`ridan-to`g`ri tasvirlashdan qochish, nutqiy vaziyatlarni muloqotchilarning milliy ijtimoiy xususiyatlarini hisobga olgan holda talqin qilishga intilish kuchli ekanligi sezilib turadi. Masalan, uning “Urush odamlari” qissasida antonimik holatlar ifodalangan quyidagi parchada so`zlovchining samimiy munosabati yaqqol aks etgan:
Pechka atrofida esa kampirlar o`ng tomonda o`tirgan chollar tomon engashgancha qizg`in suhbatga berilgan edilar; gohida chollar shumlik qilib, sekin chimchilab olsa, ular o`shshayib qolgan, ajin bosgan yuzlariga uyalgan tusini berishgancha tillarida “hey, o`l qarib suyulmay, soqoling ostida qolgur”, deb tishsiz og`izlarini ochib hihilar, o`zlari esa cholga yaqinroq surilib o`tirar, xotinlar ham go`yo bu yerga bir-biri bilan chug`urlashish uchun kelishganday edi: goh ajablanganini, goh xursand bo`lganini, goh qayg`urishayotganini bildirish uchun yuzlarini burishtirib, qoshlarini yozib, yoqalarini ushlab, yana qo`yib yuborishib, lablarinining bir chetidan “cho`lp” yetib tovush chiqarib, hayratlangan bo`lishar, hamishagidek kimlarnidir g`iybat qilishga kirishib ketishgan edi. (N.Eshonqul “Urush odamlari”)
4) kishilarning fiziologik holatini bildiradi: semirmoq-ozmoq, yosharmoq-keksaymoq;
5) kishilarning o`zaro munosabatini ifodalaydi: urishmoq-yarashmoq, ajrashmoq-yarashmoq, eslamoq-unutmoq, salomlashmoq-xayrlashmoq; Xotindan kuygan Samandar xotinidan ajrashib do`stiga arzi hol qilganida, Tursunali qulay fursat kelganini fahmlab, kayfi oshib chuldirab qolgan oshnasiga Nafisani ro`para qildi. Nafisa yig`ladi, tarang qildi, so`ng tayinli bir erga, yana to`g`ri Moskva bilan gaplashadigan olim erga ega bo`lishini anglagach, ko`ndi... Xullas, “gilam qo`shniga sotildi”, “bir chekkasida rohat ila o`tirmoq” esa davom etdi. (T.Malik, “Murdalar gapirmaydilar” romani).
6) narsa hajmi va holatidagi o`zgarishni bildiradi: kengaymoq-toraymoq, kattalashmoq-kichiklashmoq, og`irlashmoq-yengillashmoq, isimoq-sovimoq, tezlamoq-sekinlashmoq kabilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |