Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘G‘risida



Download 38,5 Kb.
Sana18.12.2021
Hajmi38,5 Kb.
#113174
Bog'liq
17.61qaror


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI


MALAKALI PEDAGOG KADRLAR TAYYORLASH HAMDA O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MUASSASALARINI SHUNDAY KADRLAR BILAN TA’MINLASH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISHGA OID CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

Qayd etib o‘tilsinki, respublikamizda Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun oliy ma’lumotli o‘qituvchi kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi vujudga keltirilgan.

Buning natijasida hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi 1537 ta o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida 214 ta talab etilayotgan yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha 115,8 ming nafar pedagog xodimlar kadrlar tayyorlashni amalga oshirmoqdalar, ularning 90,6 foizi oliy ma’lumotga ega, o‘qituvchi kadrlarning 70 foizdan ko‘prog‘i 40 yoshgacha bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislardir.

Shu bilan birga maxsus komissiyalar tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlanishicha, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarning rahbar va pedagog kadrlarini tanlash tizimida, avvalambor, ularning malakasi yetarli emasligi hamda qo‘yilayotgan talablarga muvofiq emasligi bilan bog‘liq jiddiy kamchilik va nuqsonlar mavjud.

Kasb-hunar kollejlarini o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari bilan ta’minlash ko‘p jihatdan ularning tegishli bazaviy tayyorgarligini, pedagogik va amaliy ish tajribasi mavjudligini hisobga olmasdan rasmiy ravishda amalga oshirilmoqda.

Natijada o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimida o‘quv jarayoni tegishli darajada tashkil qilinmagan, mashg‘ulotlar asosan an’anaviy maktab ta’limi uslublariga tayangan holda o‘tkazilmoqda. Zamonaviy ilg‘or pedagogik va yangi kompyuter, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shu jumladan, Internet ta’lim jarayoniga sust joriy etilmoqda. Kasb-hunar kollejlarini xorijiy tillardan dars beruvchi malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga yetarlicha e’tibor berilmayapti.

Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning rahbarlar tarkibini pedagogik ish sohasida yetarlicha tajribaga ega bo‘lgan kasb mahorati yuqori mutaxassislar bilan yanada mustahkamlash talab etiladi.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining rahbar hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida tarkib topgan tizim zamon talablariga javob bermayapti.

Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallagan, kasbiy tayyorgarlikka ega, zamonaviy fikrlovchi kadrlarni tanlash va ular bilan ta’minlash tizimini tubdan yaxshilash, o‘sib borayotgan zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda maxsus komissiyalar tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar davomida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin, ularni kasbiy tayyorgarlikka ega, zamonaviy fikrlovchi kadrlar bilan ta’minlashga, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’lim jarayoniga keng tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilsin.

Ko‘rilgan chora-tadbirlarning natijalari to‘g‘risida 1-sentabrga qadar va 2012-yil yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot berilsin.

2. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi boshqaruv organlarining rahbar kadrlarini tanlash, tayinlash va attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Respublika komissiyasining yangilangan tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 1-ilova berilmaydi

3. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi boshqaruv organlarining rahbar kadrlarini tanlash, tayinlash va attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Respublika komissiyasi (Sh.M.Mirziyoyev) O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda kasb-hunar kollejlarining rahbar kadrlar bilan ta’minlanganligini tanqidiy ko‘rib chiqsin, ushbu masalada ishlarni tegishli darajada tashkil etilishini ta’minlamagan shaxslarni javobgarlikka tortsin hamda kollejlarning rahbarlar tarkibini yetarlicha pedagogik ish tajribasiga ega bo‘lgan kasb jihatdan tayyorlangan mutaxassislar bilan mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijalari to‘g‘risida 1-avgustga qadar va 2012-yil yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.

4. Amaldagi qonun hujjatlari bo‘yicha o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning direktorlari ikki yilda bir marta, o‘qituvchi kadrlar esa, har uch yilda kamida bir marta attestatsiyadan o‘tkazilishlari kerakligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirliklar va idoralarni jalb etgan holda, ikki oy muddatda o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘qituvchilari hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalarini attestatsiyadan o‘tkazish hamda malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin va o‘zgartirishlar kiritsin. Bunda o‘qituvchilar tarkibining kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, Internet tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishligi majburiy ekanligiga alohida e’tibor qaratilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi:

ta’lim jarayonida ilg‘or pedagogik uslub va texnologiyalari (“case study” uslubi, loyihalar uslubi, hamkorlikda o‘qitish, “amaliy o‘yin”, interfaol ta’lim uslubi va boshqalar), axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta’lim resurslari va multimedia taqdimotlaridan foydalanish borasida chet el tajribasini chuqur va har tomonlama o‘rganib chiqsin;

chet el tajribasini inobatga olgan holda, uch oy muddatda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun yangi o‘quv rejalari va dasturlarini qaytadan ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin, ularda an’anaviy maktab ta’limi uslublaridan voz kechib, amaliy mashg‘ulotlar va ishlab chiqarish amaliyoti bo‘yicha soatlar ko‘paytirilishini nazarda tutsin;

ikki oy muddatda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng ko‘lamda joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.

Vazirlik, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va uning hududiy tuzilmalarining rahbarlari mazkur chora-tadbirlar amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar bo‘lishlari to‘g‘risida qattiq ogohlantirilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tarmoq (bazaviy) kasb-hunar kollejlari huzurida o‘qituvchi kadrlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini qo‘llash asosida ilg‘or pedagogik texnologiyalarni egallashlari bo‘yicha doimiy faoliyat yuritadigan seminarlarni tashkil qilsin.

Ushbu seminarlarni o‘tkazish uchun mazkur texnologiyalarni egallagan mutaxassislarni shtat asosida taklif qilishga ruxsat berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi vazirlik va markazning mansabdor shaxslari, oliy o‘quv yurtlarining yetakchi o‘qituvchilari ichidan ushbu seminarlarni o‘tkazish uchun mas’ul shaxslarni biriktirib qo‘ysin, seminar ishini muntazam nazorat qilib borsin, zarur o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy ta’lim muassasalari tomonidan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun o‘qituvchi kadrlar tayyorlash saviyasi va sifati ustidan qattiq tizimli nazorat o‘rnatsin, bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi bilan bir qatorda, ularning zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, xorijiy tillarni egallashlariga, pedagogik amaliyotni kollejlar va litseylarda majburiy ravishda o‘tishlariga alohida e’tibor qaratsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining 2012-yil 1-sentabrdan boshlab kasb-hunar kollejlari ishlab chiqarish ta’limi ustalarining mehnat haqi bo‘yicha bazaviy tarif stavkalarini, malaka toifalariga qarab, kasb-hunar kollejlari tegishli malaka toifalaridagi o‘qituvchilarining mehnat haqi bo‘yicha bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda, bir oy muddatda, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risidagi mavjud Nizomga hamda kasb-hunar kolleji, ishlab chiqarish ta’limi ustalarining mehnat haqi bo‘yicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlariga tegishli o‘zgartishlar kiritsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi manfaatdor idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda, ikki oy muddatda, kasb-hunar kollejlarini o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun sarflanadigan materiallar hamda zarur xomashyo bilan ta’minlash me’yorlari va mexanizmini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.

10. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti zimmasiga kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarning rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha yagona me’yoriy-uslubiy bazani ishlab chiqish hamda o‘quv jarayonini tashkil qilish yuzasidan bosh muassasa vazifasi yuklansin.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash to‘g‘risidagi Nizomni;

hozirgi zamon talablarini hisobga olgan holda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash Institutining yangilangan tuzilmasini tasdiqlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2012-yilgi Davlat budjetida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash Institutini kerakli mebel, zamonaviy o‘quv uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlagan holda uning 450 o‘rinli o‘quv binosini va 150 o‘rinli yotoqxonasini mukammal ta’mirlash uchun budjetdan yetarli mablag‘lar ajratsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari direktorlarini attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida” 2005-yil 28-fevraldagi F-2146-son farmoyishi 2-bandining ikkinchi xatboshi va uning 1-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2012-yil 28-may,

PQ-1761-son


(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 22-son, 241-modda; 2013-y., 23-son, 300-modda, 47-son, 616-modda; 2017-y., 24-son, 490-modda, 37-son, 981-modda)
Download 38,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish