O‘quvchini psixologik xususiyatlariga mos keladigan kasb-hunarga yo‘naltirish kerak. Inson ruhiyatini o‘rganish, tadqiq qilish va rivojlantirishga jiddiy e’tibor berish masalasi barcha davrlarda ham ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yetakchi vazifalaridan biri bo‘lib kelgan.
Bugun barcha taraqqiy etgan mamlakatlar birinchi navbatda, o‘z fuqarolarining ma’naviy, intellektual, jismoniy va ruhiy barkamolligiga, undan ijtimoiy manfaatlar uchun samarali foydalanish yo‘llarini izlashga e’tibor qaratayotganini
86
ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, ota-onalar farzandlarining ilk qadamlaridanoq uning kelajagi to‘g‘risida o‘ylaydi. Farzandlarining qiziqishi va qobiliyatini kuzatish orqali ularning kelajakda qanday kasb egasi bo‘lishini aniqlashga harakat qiladi. Shunday ekan, maktab jamoasi va ota-onalar o‘quvchi-yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishda turli yosh davrlariga oid psixofiziologik bilimlarga ega bo‘lishlari uchun maktab amaliyotchi psixologlari psixologik ma’rifat ishlarini talab darajasida olib borishlari hamda yosh davrlariga xos amaliy bilimlarga tayangan holda faoliyatini tashkil etishlari kerak.
Jumladan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini erta yoshdan kasb-hunarga yo‘naltirish umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya ishlari bilan birgalikda olib boriladigan uzluksiz jarayonlardan biri sanaladi. Boshlang‘ich sinflarda kasbga yo‘naltirish ishlari dars va darsdan tashqari soatlarda o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda kasb turlari bilan tanishtirish hamda o‘yinlar orqali ularda turli kasblarga bo‘lgan ilk qiziqishlarini aniqlashdan iborat. Shuning uchun 1-sinfda kasbga yo‘naltirish mashg‘ulotlari o‘yin tarzida tashkil etilishi lozim. 6-7 yoshga kelib bola biror-bir buyumni qismlarga bo‘lib, ularni yana qayta yig‘a oladigan bo‘ladi. Ammo bu qobiliyatning rivojlanishi boladagi badiiy, ijodiy faoliyatning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Shuni inobatga olgan holda mashg‘ulotlarni bolalarning qiziqishlariga qarab rejalashtirish kerak. Bolalarga ertaklarni tinglash va muhokama qilish, unga o‘z fikrini bildirishi, rebus, turli boshqotirmalarni yechish bilan, ularning aqliy-intellektual qobiliyatini rivojlantirish orqali kasbga bo‘lgan ilk qiziqishi rivojlantirib boriladi.
12-13 yoshga kelib esa o‘quvchilarni ko‘plab mashhur insonlar – olimlar, yozuvchilar, bastakorlar, rassomlarning ilm-fanga, adabiyot, musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini shakllantirib borish mumkin.
15-16 yoshlarda o‘quvchilarni kasbiy ma’lumotlar, kasblarning insonlarga qo‘yadigan talablari, mehnat jarayonlarining xususiyatlari, mazkur kasblarni egallash borasida o‘quvchilar o‘rtasida har xil so‘rovnomalar, suhbatlar tashkil etish maqsadga muvofiq. Ularni o‘ziga yoqqan kasbga qat’iy qiziqish hosil qilishi uchun zarur ma’lumotlar bilan tanishtirish, to‘g‘ri maslahatlar berib, o‘zining individual-psixologik xususiyatlariga mos keladigan kasb-hunarga yo‘naltirish foyda beradi. Mazkur ishlarning dastlabki bosqichi albatta, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan psixologlar, kasbga yo‘naltiruvchilar, fan o‘qituvchilari, sinf rahbarlari tomonidan olib boriladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, kasb-hunarga tayyorlash o‘quvchilarni barkamol shaxs sifatida tarbiyalash, ijodkorlik qobiliyatlari, ko‘nikma va shaxsiy sifatlarining shakllanishida muhim bosqich bo‘lib, o‘quv fanlari va darsdan tashqari mashg‘ulotlarga ijodiy yondashish, ta’lim jarayoni hamda kasbiy tarbiyani muammoli ta’lim asosida umumlashtirishga asos bo‘ladi.
87
Do'stlaringiz bilan baham: |