Tayanch iboralar: So`z turkumlari, ularning leksik-grammatik xususiyatlari. Otning Grammatik kategoriyalari: son, egalik, kelishik qo`shimchalari, izchillik, kim?, nima? va b.
1. So`z turkumlari haqidagi ko`nikmalarning shakllantirilishi
So`z turkumlari ustida ishlash metodikasining lingvistik asosi so`zlarning leksik-grammatik, morfologik va sintaktik belgilariga ko`ra turli guruhlarga ajratilishi-so`z turkumlari haqidagi ilm hisoblanadi.
So`zlarni leksik-grammatik turkumlarga ajratishda uch belgiga: 1) leksik ma’nosi (nimani ifodalashi, ya’ni shaxs, narsa harakat yoki holat, belgi kabilarning umumlashtirilgan ma’nolari), 2) morfologik ( so`zning turli formalar sistemasi) va 3) sintaktik (turli morfologik formalarning sintaktik funksiya bajarishi) belgilariga asoslaniladi. Demak, so`z turkumlari ustida ishlash o`quvchilarning muayyan guruhdagi so`zlarning umumlashtirilgan ma’nolarini, kishilarning aloqa vositasi sifatidagi rolini tushunib olishlariga qaratilishi zarur.
Boshlang`ich sinf o`quvchilari so`z turkumlari (ot, sifat, son, olmosh, fe’l) bilan umumiy tanishtirilgandan so`ng har bir leksik-grammatik guruh alohida o`rganiladi. Bu so`z turkumlarini o`rganishning boshlang`ich bosqichidayoq ularni taqqoslashga qulay sharoit yaratadi va bu bilan shakllantiriladigan grammatik tushunchaning asosiy tomonlarini aniqroq ajratishga imkon beradi. Boshlang`ich sinf o`quvchilari ot, sifat, son, fe’lning quyidagi xususiyatlarini bilib oladilar: 1) so`z nimani bildirishi (shaxs, narsa belgisi, shaxs, narsa sanog`i va tartibi, shaxs, narsa haraqati yoki holati), 2) qanday so`roqlarga javob bo`lishi, 3) o`zgarish-o`zgarmasligi, qanday doimiy kategoriyalari mavjudligi, 4) gapda, asosan, qanday bo`lak vazifasida kelishi. O`quvchilar mana shu o`rgangan belgilari asosida so`z turkumlarini taqqoslaydilar.
O`quvchilar nimani o`rganganlariga qarab, har bir so`z turkumining grammatik belgilari haqidagi bilimlari asta kengaya, chuqurlasha boradi. Dasturga ko`ra, 1- sinfda so`zlar javob bo`ladigan morfologik so`roqlariga qarab guruhlanadi. III- sinfda “so`z turkumi” tushunchasi shakllantiriladi. O`quvchilar har bir so`z turkumiga xos ayrim belgilar (so`z turkumlarining umumlashtirilgan leksik ma’nolari, otlarning birlik va ko`plikda qo`llanishi, bo`lishli va bo`lishsiz fe’llar, ot, sifat, son va fe’lning gapdagi vazifasi) bilan tanishtiriladi. IV-sinfda so`z turkumlarining morfologik-sintaktik xususiyatlari haqidagi bilim chuqurlashtiriladi: o`quvchilar otlarning egalik va kelishiklar bilan o`zgarishini, sifat va sonning gapdagi vazifasini, kishilik olmoshlari va ularning kelishiklar bilan turlanishini, fe’llarda shaxs-son va zamonni o`rganadilar. Quyidagi jadvalda boshlang`ich sinf o`quvchilarining so`z turkumlari yuzasidan bilimlari hajmi ko`rsatilgan (139-betga qar.): O`quvchilarda so`z turkumlarini bilish ko`nikmasi ularning belgilari yig`indisini egallashlari asosida shakllantiriladi. Masalan, gul, guldor; gulladi so`zlarining qaysi so`z turkumiga kirishini bilish uchun II-sinf o`quvchisi quyidagicha fikr yuritadi: n i m a?-gul, bu so`z narsani bildiryapti, ko`plikda qo`llanadi-gullar, bu ot; guldor so`zi q a n d a y? So`rog`iga javob bo`lyapti, narsaning belgisini bildiryapti, bu-sifat; gulladi so`zi nima q i l d i? So`rog`iga javob bo`lyapti, narsaning holatini bildiryapti, bo`lishsiz shaklda qo`llanadi-gullamadi, bu-fe’l.
Do'stlaringiz bilan baham: |