Bu qismda darsni tugallash uchun quyidagi vazifalar qo’yiladi: Sportchi organizmining tez tiklanishiga ko’maklashish. Asta-sekin jismoniy va fiziologik yuklamalarni susaytirish. Darsda shiddatli va uzoq harakat faoliyati o’quvchilarni charchatadi, ularning ish qobiliyatini susaytiradi. Agar mashg’ulotlar orasidagi vaqt bir kunga (24-soatdan ortiq) teng bo’lsa, organizmning barcha funksiyalari to’liq tiklanadi. Agar bu oraliq bir necha soatdan iborat bo’lsa, navbatdagi dars o’quvchi organizmining to’liq tiklanmaslik cho’qqi- siga to’g’ri kelishi mumkin. Bunday holda kasallikka chalinmaslik uchun tez tiklanish ni ta’minlaydigan choralar ko’rilishi lozim.
Gimnastika mashqlarini sifatli bajara olmaslik o’quvchilarning o’z kuchiga ishonmaslikka olib kelishi mumkin, qo’rqish hissini bartaraf etish uchun irodasini zo’rlash ularni ruhan charchatadi. Shuning uchun darsning yakunlovchi qismida muvaffaqiyatli bajarish mumkin bo’lgan tinchlantiradigan yengil mashqlar berish zarur.
Darsga yakun yasash va navbatdagi darsga topshiriq berish. O’qituvchi darsga yakun yasar ekan, u mashg’ulotda sodir bo’lgan barcha hodisa (o’quvchilarning intizomi, ularning faolligi, mashg’ulotda belgilangan va uning amaliy natijasi) haqida o’z fikrini aytishi kerak. Keyingi mashg’ulotda nimalar bajarilishini aytish bilan birga o’quvchilarga mustaqil ish uchun topshiriqlar berish maqsadga muvofiqdir.
Vositalar. Darsning yakunlovchi qismida qo’yilgan vazifalarni yechish uchun quyidagi mashqlar turidan foydalanish mumkin:
Tinchlantiruvchi mashqlar: yurish, sekin yugurish, silkinish, bo’sh yurish, uqalash. Faol dam olish vositasi bo’lgan bu mashqlar o’quvchi organizmida tiklanish jarayonini tezlashtiradi. Chalg’ituvchi mashqlar: diqqatni tortadigan xotirjam o’yinlar, musiqa topshiriqlari va boshq. Bu mashqlar o’quvchilarni bo’lajak faoliyatga tayyorlashga ko’maklashadi.
O’quvchilarning kayfiyatini ko’tarishga ko’maklashadigan mashqlar: sport o’yinlari va estafetalar, raqs harakatlari, qo’shiq aytib yurish va boshq. Mashg’ulotning bu qismida o’quvchilarning kayfiyatini ko’taradigan mashqlar qo’llash lozim. Bu mashqlardan foydalanganda, yurak-tomir urishi hamda nafas olish tezlashishi nazorat qilib borilishi kerak, chunki ular mashq bajarganda yoki o’ynaganda o’rtacha bo’lib, tezda o’z holiga qaytadi. Bu mashqlarning pedagogik ahamiyati juda kattadir. Ular jamoani uyushtiradi, kishilarga tetiklik, xushchaqchaq kayfiyat bag’ishlaydi, eng asosiysi, o’quvchilarda gimnastika mashg’ulotlariga qatnashish ishtiyoqini kuchaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |