Tashkilotchi va maktab direktorining vazifalari
Reja:
Kirish
1.Maktabni boshqarish haqida tushuncha.
2.Maktabni ichki boshqaruv tizimi.
3.Maktabning ichki boshqaruviga rahbarlik .
4.Maktab ichki boshqaruvining tashkiliy pedagogik yo‘nalishlari.
5.Maktab ishini rejalashtirish.
Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar
1.Maktabga rahbarlik qilish va uni boshqarish O‘zbekiston respublikasi Konstitutsiyasi va O‘zbekiston respublikasining xalq ta‘limi to‘g‘risidagi qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi..
Maktabni davlat jamoatchilik asosida boshqarish, xalqchillik, oshkoralik, o‘z-o‘zini boshqarish prinsiplari mintaqa xususiyatlarini hisobga olib boshqariladi. O‘quvchilar, matab xodimlarini birlashtiruvchi maktab jamoasi o‘z vazifasini ota-onalar, mahalla qo‘mmitalari, keng jamoatchilik bilan mustahkam hamkorlikda amalga oshiradi.
Maktabni boshqarish maktab pedagoglar kengashi tomonidan jamoani o‘z-o‘zini boshqarish va bevosita rahbar tomonidan tasdiqlangan maktab Nizomiga muvofiq amalga oshiradi.
Maktab konferensiyasi maktabning o‘z-o‘zini boshqarish asosiy bo‘g‘inidir. Konferensiyalar oralig‘ida esa maktab kengashi oliy organ hisoblanadi.
Maktabning o‘quv tarbiya jarayonini va uning joriy faoliyatini maktab Nizomida belgilab berilgan direktor boshqaradi.
O‘quv-tarbiya jarayonini rivojlantirish va takomillashtirish, o‘qituvchilar va tarbiyachilarning kasb mahorati va ijodkorligini o‘stirish maqsadida maktab pedagoglar kengashi, pedagog xodimlarni birlashtiruvchi jamoa tuziladi.
Pedagoglar kengashi raisi pedagog xodimlar jamoasi tomonidan saylanadi. Uning ish tartibi maktab Nizomida belgilab beriladi.
Bolalar, o‘smirlar va yoshlar jamoat tashkilotlari matabda o‘z Nizomlari asosida amaldagi qonunchilikka muvofiq faoliyat ko‘rsatadilar.
Pedagoglar jamoasi, maktab rahbariyati va bolalar, o‘smirlar hamda yoshlar jamoat tashkilotlarining munosabati o‘zaro hurmat, ishonch, ma‘muriy va hamkorlik asosida quriladi.
Shuni alohida ta‘kidlash lozimki, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qoida, yo‘l-yo‘riq va talablar asosida maktabni ilmiy asosda to‘g‘ri boshqarish – maktab rahbarlari, maktab o‘qituvchilarining mutaxassisligi bo‘yicha tashkil etiladigan metod birlashmalarning rahbarlari, maktab kengashi va konferensiyasining rahbarlari, o‘qituvchilar va sinf rahbarlarining maktabni boshqarishning nazariy va pedagogik asoslarini, boshqarish bobidagi ilg‘or pedagogik tajribalarni qanchalik darajada egallab olganliklariga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
II.Umumiy ta‘lim maktabi – ta‘lim-tarbiya muassasasidir. Uning rahbarlari zimmasiga yosh avlodni o‘qitish va tarbiyalash, inson shaxsini hozirgi davrning g‘oyalari ruhida tarkib toptirish jarayonini boshqarish vazifasi yuklatilgan.
Jamiyatda har bir xo‘jalik tizimi va ishlab chiqarish o‘chog‘i ikki tizimchaning: boshqariluvchi va boshqaruvchi tizimchaning birligidir. Masalan, korxona tizimida direktor boshchiligidagi zavod boshqarmasining butun boshqarma apparati boshqarish tizimiga kiradi.
Maktab ichki boshqariuv tizimini tashkil qilishda ham ana shu qoidalarga asoslaniladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganimizda maktab ichki boshqaruv tizimida ham boshqaruvchi (maktab ma‘muriyati, kasaba uyushmasi tashkilotlari) va boshqariluvchi tizimchalar mavjud. Masalan, maktab ichki boshqaruvi tizimida direktor boshliq, uning o‘quv, tarbiya va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari boshqariluvchi tizimchasiga kiradi.
Boshqariluvchi tizimcha esa o‘z yo‘lida bir qancha boshqarish manbalariga bo‘linadi. Ularga quyidagilar kiradi:
1.Maktabning o‘quv-moddiy va texnikaviy bazasiga taaluqli ishlar;
2.Maktabni o‘qituvchi va tarbiyachi hamda texnik xodimlar bilan ta‘min etish, ularni joy – joyiga to‘g‘ri qo‘yish va ular bilan ishlash;
3.Maktab jamoasi faoliyatida boshlang‘ich, to‘liqsiz o‘rta va o‘rta umumiy ta‘limni amalga oshirish;
4.Maktabning o‘quv- tarbiya ( 1-11- sinflar bo‘yicha) ishlari;
5.Sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlar;
6.Maktabning metodik ishlari;
7.Sinf rahbarlari;
8.Maktab o‘quvchilari bilan olib boriladigan ishlar;
9.Maktab kutubxonasi ishlari;
10.Ota-onalar ko‘mitasi ishlari;
11.O‘quvchilarni issiq ovqat va choy bilan ta‘minlash ishlari;
12.O‘quvchilarga meditsina xizmatini tashkil qilish bo‘yicha ishlar;
13.Qishloq joylarida ( 3 km ) uzoqdan qatnaydigan o‘quvchilarga transport tashkil qilish ishlari;
14. Maktabning moliya- xo‘jalik ishlari;
15.Maktabning hamkorlikdagi ishlari. Bu hamkorlik quyidagilarni o‘z ichiga oladi: a) maktabning ota- onalar va jamoatchilik bilan hamkorligi; b) meditsina va savdo tashkilotlari bilan hamkorlik; v) otaliq va baza korxonalari bilan hamkorlik; g) kitob savdosi tashkilotlari bilan hamkorlik; d) tuman yoki shahararo o‘quv-ishlab chiqarish kombinatlari bilan hamkorlik; y) o‘rta maxsus hunar-texnika bilim yurtlari va akademik litseylar bilan hamkorlik; j) maktabdan tashqari bolalar muassasalari bilan hamkorlik; z) qurilish ta‘mirlash tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlar va hokazolar.
16. Maktab hujjatlarini yuritish ishlari;
17. Pedagog xodimlarning malakasini oshirish ishlari;
18. Maktabning pedagogik tashviqot ishlari va shu kabilar.
Mazkur mabalarni to‘g‘ri va hozirgi kun talablari asosida boshqarish va unga rahbarlik qilishning muhim sharti maktab ishini ilmiy asosda rejalashtirish, rahbarlar o‘rtasidagi ishni to‘g‘ri taqsimlash, maktab ma‘muriyati bilan jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasidagi ishni ham maqsadga muvofiq holda belgilash, boshqarishda rahbarlik bilan nazoratni uzviy qo‘shib olib borish hamda boshqarishning samarali usul va shakllarini qidirib topishdpn iboratdir.
III. Maktabni boshqarish ijodiy jarayon bo‘lib, o‘ziga xos bir san‘atdir. Bu pedagogik jarayon maktab rahbarlarining xilma-xil ish usullarida namoyon bo‘ladi. Bu usullar esa har bir rahbarga maktabshunoslikning dolzarb masalalarini nazariy va amaliy jihatdan bilib olish maktab maorif sohasidagi ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganish hamda bu sohadagi omilkor kishilarning (xalq ta‘limi organlarining xodimlari, maktab o‘qituvchilari va tarbiyachilarining) maktabni boshqarish borasidagi fikr va mulohazalarni o‘rganish hamda mazkur fikr, mulohazalardan maktab ishini boshqarish jarayonida ijodiy foydalanishni taqozo qiladi. Bu esa, o‘z navbatida maktab ishini boshqarishda va rahbarlik uslubini yanada takomillashtirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Har bir maktab rahbari ta‘lim-tarbiya ishining u yoki bu masalasi yuzasidan qaror qabul qilganida, uning bajarilishini tashkil qilganida, qo‘l ostidagi (o‘qituvchi, sinf rahbari, tarbiyachi kabilar) xodimlar ishini nazorat qilganida u o‘z vazifalariga muvofiq ish ko‘radi. Lekin har bir rahbar bunda o‘ziga xos ravishda, boshqaruv jarayoni o‘zi uchun xos bo‘lgan, o‘z rahbarlik uslubini belgilaydigan turli samarali usullar bilan ish ko‘radi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mutlaqo bir xil ikki kishi bo‘lmaganidek, rahbarlikda ham mutlaqo bir xil uslub yo‘q. Rahbarlik uslubi rahbarlarning o‘z qo‘l ostidagilar bilan bevosita aloqasida, ularning o‘zaro munosabatlarida tarkib topadi. Rahbarlik uslubi uchun demokratizm, jamoatchilik, yuksak javobgarlik va siyosiy onglilik, tashabbuskorlik kabi aqidalar xosdir.
Uslub jamoadagi ijtimoiy munosabatlarning butun yig‘indisi bilan shakllanadi, biroq uslub asosan rahbarga bog‘liq. Xuddi shu rahbar maktabning ta‘lim-tarbiyaviy va xo‘jalik ishlarining bir-biriga chambarchas bog‘liqligini amalga oshiradi. Uning faoliyatidagi muvaffaqiyat juda ko‘p omillar bilan belgilanadi.
Har bir rahbar - tarbiyachidir. U pedagogik jamoani tarbiyalash uchun yuksak javobgarlikni his etish tuyg‘usiga to‘liq ega bo‘lmog‘i lozim. Rahbar qo‘l ostidagilar shaxsiga shu qadar pedagogik madaniyatlilik bilan ta‘sir ko‘rsata bilishi kerakki, bu ta‘sir natijasida mazkur maktab pedagoglar jamoasining har bir a‘zosida onglilik shakllansin, u pedagogik mehnatga nisbatan ijodiy yondoshadigan, ijtimoiy hayotda faol qatnashadigan bo‘lsin. Maktab direktorining jamoaga tayanib rahbarlik qilish san‘ati qo‘l ostidagilarning, maktabdagi jamoat tashkilotlari vakillarining fikrlarini anglab olishi va tezda to‘g‘ri xulosalar chiqarish qobiliyati boshqaruv ishini to‘g‘ri tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maktabning ta‘lim-tarbiya va xo‘jalik masalalari kengashib muhokama qilinishi lozim, qabul qilingan qarorlarni bajarishda maktab pedagoglar jamoasining har bir a‘zosi tashabbus ko‘rsatishi zarur. Rahbarning maktabni boshqarish bo‘yicha mehnatini qaror qabul qilish uchun sarflangan vaqtga qarab emas, balki uning faoliyatidagi pirovard natijani hisobga olish bilan baholash maqsadga muvofiq ishdir.
Maktab rahbari pedagoglar jamoasida o‘rtoqlarcha hamkorlik va o‘zaro yordam munosabatlarini rivojlantirish uchun javobgardir. Maktab jamoasida yaxshi ijtimoiy psixologik muhit va vaziyatning bo‘lishi ko‘p jihatdan rahbar bilan o‘qituvchi va tarbiyachilar o‘rtasidagi munosabatlarga ham bog‘liqdir. Mustahkam intizom bo‘lgan taqdirdagina normal pedagogik ish vaziyatini va jamoada to‘g‘ri o‘zaro munosabatlarni vujudga keltirishi mumkin. Mustahkam pedagogik intizomga esa maktab rahbarining talabchanligi, tanqid va o‘z-o‘zini tanqid hamda oshkoralikni rivojlantirish yo‘li bilan erishiladi.
Maktab ishini boshqarish tizimidagi ana shu masalaning mohiyatiga to‘g‘ri tushunib, maktabning ta‘lim-tarbiya ishiga rahbarlik uslubini to‘g‘ri qo‘llayotgan va bu borada yaxshi natijalarga erishayotgan maktab rahbarlari respublikamiza ko‘plab topiladi.
Rahbar o‘qituvchi yoki tarbiyachining pedagogik mehnatiga yuzaki baho berganida, kishida mehnatga nisbatan qiziqish kamayadi. Shuning uchun maktab rahbari o‘qituvchi yoki tarbiyachining ta‘lim-tarbiya sohasidagi har bir yutug‘ini, u ko‘rsatgan yoki ko‘rsatayotgan tashabbus va epchillikni darhol alohida u yoki bu shaklda qayd qilishi katta ahamiyatga egadir. Har bir maktab rahbari xodimlar bilan ishlashning ana shu qismini hech qachon esdan chiqarmasligi lozim. Chunki, o‘qituvchi xodimlarning mehnatiga to‘g‘ri baho berish va ularni rag‘batlantirib borish maktabning o‘quv-tarbiya ishlarini yanada takomillashtirishning muhim shartlaridan biridir.
Boshqarish madaniyatining elementlari tegishli mezonlar bilan belgilanadigan axloq qoidalarini (huquq va etikani) o‘z ichiga oladi. Huquq mezonlari xalq maorifi to‘g‘risidagi qonunshunoslikni va davlat huquq-normativ aktlarida, xalq maorifi qonun asoslarida hamda o‘rta umumiy ta‘lim maktabi Nizomiga aks ettirilgan. Ularda boshqarish xodimlariga nisbatan umumiy talablar bayon qilingan. Etika (axloq to‘g‘risidagi fan) axloq mezonlarini va kundalik axloq qoidalarini ishlab chiqadi. Maktab ishini boshqarishda etika mezonlariga to‘liq rioya qilish katta ahamiyat kasb etadi, chunki bu mezonlar huquq mezonlarini aniqlashtiradi va u bilan birgalikda rahbarning xulq-atvori yo‘lini belgilaydi.
Maktab rahbarlari bu mezonlarga to‘liq amal qilishlari lozim. Ular o‘z rahbarlik ishlarida etikaning gumanizm, muloyimlik, o‘zaro yordam kabi mezonlariga tayanadilar. Shuning bilan birga, maktab rahbarining ijtimoiy ahvoli, uning o‘ziga xos etikalarini ham belgilaydi. Masalan- maktab rahbari yuqori bo‘g‘inlarga yolg‘on axborotlar (ko‘zbo‘yamachilik) berishga, statistik hisobot mezonlarini buzishga aslo yo‘l qo‘ymasligi kerak. Boshqarish madaniyatida so‘zning ustidan chiqish alohida ahamiyatga egadir. So‘z berdingmi, va‘da qildingmi, tadbir belgilandimi-aniq mo‘ljallangan muddatda bajar. Qo‘l ostingdagilar bilan bo‘lgan munosabatda ularga nisbatan odilona teng qarash, ularning o‘quv-tarbiya ishlarini to‘g‘ri baholash, muvaffaqiyatlari uchun ularni o‘z vaqtida maqtash va rag‘batlantirish boshqarish madaniyatining muhim shartlaridan biridir.
IV.Boshqaruv madaniyati ilmiy asosda ishlangan, aniq maqsadni ko‘zda tutgan reja asosida boshqaruv ishini tashkil qilish, bunda so‘z birligi bilan amaliy ish birligini ta‘minlash, maktab jamoasining, o‘quvchilar va ota-onalarning ehtiyoj talablariga diqqat-e‘tibor hamda manfaatdorlik bilan muosabatda bo‘lish, ularning birortasini izzat nafsoniyatiga tegmaslik, ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanmaslik, ishga nisbatan yuqori darajadagi intizomni joriy etish, boshqarish jarayonida yuqori darajadagi pedagogik madaniyatni saqlash, rahbarning shaxsan o‘ziga va qo‘l ostidagilarga talabchan bo‘lishi, o‘zining shaxsiy manfaatini davlat va umumjamoa manfaatidan ustun qo‘ymasligi va shu kabilardan iboratdir.
Shuni alohida ta‘kidlash kerakki, maktab rahbarlari bilan bo‘ysunuvchilar - o‘qituvchi, tarbiyachi va maktabning texnik xodimlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar o‘z qadriyatlarini yuqori darajada anglash, jamiyat manfaatlarining buzilishiga nisbatan shafqatsiz bo‘lish, jamoatchilik va o‘rtoqlarcha o‘zaro yordam, kishilar o‘rtasida insonparvarlik munosabatlari va o‘zaro hurmat, kishi-kishiga do‘st, o‘rtoq va birodar, ijtimoiy va shaxsiy hayotda halollik va rostgo‘ylik, axloqiy poklik, oddiylik va kamtarlik, adolatsizlikka, tekinxo‘rlikka, vijdonsizlikka, yulg‘ichlikka nisbatan murosasiz bo‘lish kabi axloq aqidalarini o‘z ichiga oladi.
Maktab pedagoglar jamoasi o‘rtasida ommaviy tadbirlar-turli mavzularda siyosiy, ilmiy-metodik konferensiyalar, metodik kengashlar, seminarlar, maktab doirasidagi pedagogik o‘qishlar, majlislar va hokazolar o‘tkazish madaniyati ham katta pedagogik ahamiyatga molikdir. Bunday tadbirlarning o‘ziga xos tomoni shundan iboratki, mazkur tadbirlar tufayli, nisbatan qisqa vaqt ichida muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha to‘la va har tomonlama axborot-tajriba almashish mumkin. Bundan tashqari, bu tadbirlar pedagogik jamoa faoliyatidagi g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarning eng ta‘sirchan shakllaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Bunday tadbirlar, so‘zsiz, maktabda ta‘lim-tarbiyaviy ishlarni yanada takomillashuviga o‘zining ijobiy ta‘sirini ko‘rsatadi.
Boshqaruv madaniyatini takomillashtirish uning barcha sohalariga e‘tiborni kuchaytirish demakdir. Bu boshqaruv samaradorligini oshirish, boshqarish apparati ishini (maktab ma‘muriyati ishini) aniq va puxta yo‘lga qo‘yish, pedagoglar jamoasining mehnat intizomini yanada mustahkamlash imkoniyatini beradi. Ana shuning uchun ham maktab ishini boshqarish tizimida rahbarlik uslubi va madaniyatini to‘g‘ri tashkil qilish va uni muntazam ravishda takomillashtirib borish zarur.
V. Maktab ish rejasining turlari va uning aqidalari.
Umumiy ta‘lim maktablari uchun shartli ravishda qabul qilingan ish rejalari mavjud. Ular quyidagi rejalardir:
Maktabning ma‘lum davrga mo‘ljallab (bir yoki ikki besh yillik uchun) tuziladigan ish rejasi. Buni maktabning istiqbol ish rejasi deb ataladi.
Bu ish rejasi umummaktab xalq xo‘jalik reja-ko‘rsatkichlari asosida tuziladi. Bunda maktabning ma‘lum davrga rivoji (o‘quv-moddiy va texnika bazasi, maktab qurilishi, sinflar soni, o‘quvchilar va o‘qituvchilar soni, maktabni bitiruvchilar soni, o‘quv xonalarining soni kabilar) turli raqamlar asosida ko‘rsatiladi.
Maktabning bir o‘quv yiliga mo‘ljallangan ish rejasi maktab ish turlari asosida tuziladi. Maktabning mazkur ish rejasining mazmuni va mundarijasi xususida biz keyinroq to‘xtaymiz.
Maktabning joriy ish rejasi. Mazkur reja maktabning bir o‘quv yiliga mo‘ljallab tuzilgan ish rejasi asosida ishlanadi. Bu reja turkumiga:
-maktab direktori va uning o‘rinbosarlarining bir o‘quv yiliga mo‘ljallab tuzadigan ish rejalari;
-maktabda fanlar bo‘yicha tashkil etilgan metodik birlashmalarning ish rejalari;
-sinf rahbarlarining ish rejalari;
-fan to‘garaklari va kuni uzaytirilgan guruh rahbarlarining ish rejalari;
-maktab kutubxonasining ish rejasi;
-maktab ustuxonasining ish rejasi;
-maktab ota-onalar komitetining ish rejasi;
-maktab vrachi va hamshirasining ish rejasi;
-har bir boshlang‘ich va fan o‘qituvchisining taqvim va kundalik darsni o‘tkazish rejasi kabi rejalar kiradi.
Shuni alohida uqtirish lozimki, rejani to‘g‘ri tuzish bilan ish bitmaydi. Ishning muvaffaqiyati shu rejani qanday usulda, qanday shaklda amalga oshirishga, unda belgilangan tadbirlarni hayotga tatbiq etish mahoratiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Maktab rejasini amalga oshirishda quyidagilar muhim pedagogik ahamiyat kasb etadi:
1)maorifning yuqori tashkilotlari, xalq ta‘limi bo‘limlari va maktabga yaqin bo‘lgan turli muassasalar bilan mustahkam aloqa o‘rnatganligi;
2)boshqarish va rahbarlik ishiga bilimdon, o‘ta halol, ishbilarmon va yaxshi ma‘muriy qobiliyatga ega bo‘lgan pedagog xodimlar jalb etilganligi;
3)xodimlar o‘rtasida ish taqsimotining to‘g‘ri tashkil etilganligi;
4)rahbar xodimlardan tortib eng quyi ijrochigacha umumiy rejadan kelib chiqadigan shaxsiy (joriy) ish rejasini tuzib, shu asosda ish yuritishi;
5)rahbarning maktab ish rejalarining bajarilishi yuzasidan samarali hamda uzluksiz nazoratni o‘rnatganligi.
Shuni yana alohida ta‘kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta‘limi vazirligining maktablar faoliyatini tekshirish yakunlari bo‘yicha tuzgan akt-ma]lumotnona va axborotlarni o‘rganish natijalari hamda respublika maktablarida tuzilayotgan ish rejalarining (ayniqsa bir o‘quv yiliga tuzilgan rejalarning) mazmuni va mundarijasini o‘rganish bu sohada hali jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligini ko‘rsatmoqda. Qator maktablarning ish rejalari buyruqbozlik asosida tuzilgan. Bunda direktor ishini nazorat qiluvchi tashkilotlarga yoqishi muhim mezonga aylanib qolgan. Ayrim maktablarda tadbirlar shunchaki nomiga belgilangan, tadbirlar nihoyatda ko‘p rejalashtirilgan. Ularning ko‘pi qog‘ozda qolib ketgan. Maktab ichki nazorati masalasi esa maktabning ish rejasida o‘z o‘rnini topmagan.
Maktab rejasi ustida ishlash jarayonida o‘sib kelayotgan yosh avlod taqdiri haqida, ularni aqlan va jismonan kamol toptirish haqida, maktab ishini rejalashtirishda o‘qituvchilar jamoasining ijodiy taqdiri haqida, ziyokorlarni ma‘naviy jihatdan o‘stirish va ularning ilmiy, metodik va umumpedagogik mahoratini oshirish haqida o‘ylash lozim. Zero, maktabda o‘quv dasturlarining bajarilishi, o‘quvchilar bilimining sifati, ularning tarbiyalanganlik darajasi, umuman olganda o‘quv-tarbiya ishining hamma jihatlari o‘qituvchiga, uning halol mehnatiga bog‘liq. O‘qituvchi -maktabdagi bosh siymo. Bundan keyin ham u shunday bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham maktabning ish rejasida o‘qituvchilar jamoasidagi kuchlarni shunday taqsimlash kerakki, ularning har biri topshiriqlarni bajarishga butun kuch va g‘ayratini safarbar etish imkoniyatiga ega bo‘lsin. Shunday ekan, maktabning o‘quv-tarbiya ishlarini rejalashtirishda quyidagi uchta shartga rioya qilish maqsadga muvofiqdir:
1)ishning boshlang‘ich ahvolini chuqur pedagogik tahlil qilish yo‘li bilan, ya‘ni ish rejalashtirilayotgan paytda pedagogik jarayon tavsifini aniq bilish;
2)ishning rejalashtirilishi oxirida maktab jamoasi o‘quvchilarga bergan ta‘lim va tarbiyaning darajasini aniq tasavvur qilish;
3)maktab ishini hozirgi kun talablari darajasiga ko‘tarmoq uchun, shunga imkon beradigan pedagogik vositalarning eng maqbulini tanlash.
Rejalashtirishni o‘z shakliga ko‘ra yozma, grafik va aralash (yozma va grafik) bo‘lishi mumkin. Reja qisqa, aniq va tushunarli, pedagogik maqsadlarga muvofiq tuzilib, yagona yo‘nalishlarni, qo‘yilgan masalalarni bajarish tadbirlari tizimini o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Rejaning sifati rejalashtirish qanchalik oqilona va to‘g‘ri qo‘yilishiga bog‘liqdir. Odatda, maktab ishi rejalashtirilayotganda uning tuzilishini ikki qismdan iborat deb tuzish tavsiya etiladi: 1-qism- analitik bo‘lib, unda maktab ishining o‘tgan o‘quv yilidagi yakunlarining tahlili va yangi o‘quv yilidagi vazifalari o‘z aksini topadi; 2-qism esa amaliy xususiyat kasb etib, unda bu vazifalarni bajarish tadbirlari rejalashtiriladi. Ana shundan kelib chiqib, biz quyida maktabning bir o‘quv yili uchun ish rejasining namunasini tavsiya etamiz.
I qism. Maktab ishi yakuni va uning yangi o‘quv yilidagi vazifalari: 1. mikrotumanning o‘ziga xos xususiyati va maktab ish sharoitlari. Bu yerda mikrotuman, uning aholisi, mavjud madaniyat muassasalari, maktab ishini qiyinlashtiruvchi noqulay sharoitlar haqida qisqacha tavsif beriladi.
2.O‘quv yili ish yakunlari haqida qisqacha tahlil. Bu bo‘limda rejaning barcha bo‘limlari doirasidagi ish yakunlari beriladi hamda tahlil qilinadi. Bunda o‘tgan o‘quv yili rejasi qanday bajarilgani, vazifalar qanchalik amalga oshirilgani; jamoa, pedagoglar, sinflar va boshqalarning raqam ko‘rsatkichlari keltiriladi, o‘quvchilarning bilim va tarbiyalanganlik darajasi baholanadi, maktab jamoasi ish usullari tahlil qilinadi. Kamchiliklar ko‘rsatiladi.
3.Yangi o‘quv yili vazifalari hukumatimizning maktab islohoti haqidagi qarorlaridan kelib chiqadi. Bu o‘rinda hukumatimizning ta‘lim-tarbiya sohasida maktab oldiga qo‘ygan vazifalaridan kelib chiqqan holda maktabning asosiy vazifalari shakllantirib boriladi.
Aniqlangan vazifalar orasida aniq tadbirlarni belgilash rejaning ikkinchi qismi bo‘lib hisoblanadi. Uning mundarijasi (namunaviy tuzilishi) quyidagicha bo‘lishi mumkin:
1.Tashkiliy-pedagogik ishlar.
2.Maktabning o‘quv-moddiy va texnikaviy bazasini mustahkamlash.
3.Maktab faoliyatida tayanch va o‘rta umumiy ta‘limni amalga oshirish.
4.Maktabni o‘qituvchi xodimlar bilan ta‘minlash va ular bilan ishlash.
5.Maktabning o‘quv-tarbiya ishlarini yo‘lga qo‘yish.
6.Maktabning sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlarini tashkil etish.
7.Ota-onalar va jamoatchilik bilan hamkorlikda olib boriladigan ishlar.
8.Maktabning otaliq, sog‘liqni saqlash va savdo tashkilotlari bilan hamkorlikda olib boradigan ishlari.
9.Maktab kengashi va maktab direktori olib boradigan ishlari.
10.Maktab ichki nazorati va uni amalga oshirish.
11.Maktabning moliya-xo‘jalik ishlari.
12.Maktabning metodik ishlari.
Maktab rejasining tashkiliy-pedagogik ishlar qismida umumiy ta‘lim maktabida yangi o‘quv yilini uyushqoqlik bilan boshlash hamda uni tugallash imkonini beruvchi tadbirlar bu boradagi maktabning boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikdagi ishlari belgilanadi. Ko‘pincha bu o‘rinda ish taqsimoti ham aniq ko‘rsatiladi. Xuddi shuningdek, o‘qituvchi xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, maktab rahbarlari, xodimlari va o‘qituvchilar o‘rtasida vazifa va topshiriqlarni taqsimlash (masalan: kim sinf rahbari bo‘ladi, mazkur maktabning mikromaydoniga kimlar biriktiriladi, kim to‘garak rahbari bo‘ladi, kim o‘quv-tarbiya va sinfdan, maktabdan tashqari ishlarni boshqaradi va h.k.) sinflarni butlash kabi masalalar ko‘rsatiladi. Xuddi shu o‘rinda maktab ma‘muriyati bilan jamoatchilik tashkilotlari orasida bo‘ladigan ish taqsimoti ham ko‘rsatiladi.
Shundan keyin muayyan bir ish uchun (metodik birlashmalarning yig‘ilish kunlari, maktab kengashi majlislari, kasaba uyushmasi tashkiloti majlislari va shu kabilar uchun) haftaning kunlarini aniq ko‘rsatish ham maqsadga muvofiqdir.
Ish rejasining «Maktabni o‘quv-moddiy va texnikaviy bazasini mustahkamlash» deb atalgan qismida:
A) maktab uchun ajratilgan mablag‘ va boshqa mablag‘lardan to‘la, o‘z vaqtida va unumli foydalanish;
B) o‘quv qurollari va boshqa o‘quv-xo‘jalik jihozlari, kutubxona va metodik xonalari uchun mo‘ljallangan adabiyotlarni sotib olish; mebellar, darsliklar, o‘quv-xo‘jalik ashyolarini remont qilish va saqlanishini ta‘minlash; o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar kuchi bilan maktabni yangi o‘quv yiliga tayyorlash;
V) sanitariya-gigienik rejim, texnika xavfsizligi va yong‘inga qarshi kurash tadbirlari; o‘quvchilarning o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatishi;
G) maktabning o‘quv-xonalari, texnika vositalari bilan ta‘min etish kabilar belgilanadi.
Maktab ish rejasining - maktabni pedagogik xodimlar bilan ta‘minlash va ular bilan ishlash deb atalgan qismida maktabni hozirgi kunning talablari darajasidagi o‘qituvchi va tarbiyachi xodimlari bilan ta‘min etishga qaratilgan tadbirlarni belgilash bilan birga, maktab o‘qituvchisining g‘oyaviy-siyosiy, ilmiy-metodik, pedagogik hamda umumiy madaniy saviyasini oshirishga qaratilgan qator tadbirlar belgilanadi.
Bundan tashqari maktab ish rejasining mazkur qismida pedagog xodimlar bilan ishlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan ishlar:
A) pedagoglarning bilimini mustaqil oshirishi, turli mavzularda ma‘ruza, konferensiya va suhbatlar uyushtirish, o‘quvchilar orasida ta‘lim-tarbiya ishlari olib borish bo‘yicha pedagog xodimlar o‘quvini tashkil etish kabilar;
B) o‘qituvchilar mahoratini oshirish. O‘z ustida mustaqil ishlashni tashkil etish bo‘yicha konsultatsiyalar, ochiq darslar o‘tkazish va ularga qatnashish;
V) malaka oshirish va metodik ishlar. Maktab islohoti talablari asosida yangi dastur bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish shahar, nohiya, respublika institutlaridagi kurs mashg‘ulotlariga qatnashish.
Metodik kengash, sinf rahbarlarining sinf guruhlari, fanlar bo‘yicha metodik birlashmalari ishlarini tashkil etish. Maktab metodika xonasini jihozlash va to‘ldirish. O‘qituvchilar shug‘ullanayotgan pedagogik mavzulardagi muammolar. Pedagogik konferensiyalar, ko‘rgazmalar;
G) o‘qituvchilar attestatsiyasi. Attestatsiya komissiyasi tarkibini, bu tadbirni o‘tkazish muddatini belgilash, o‘qituvchilar haqida attestatsiyaga doir hujjatlarni tayyorlash. Bu tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq tajribalarni stendda aks ettirish. Attestatsiyani o‘tkazish davomida o‘qituvchilarning darslariga qatnashish va boshqa ishlari bilan tanishish;
D) ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganish, umumlashtirish va ommalashtirish. Ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganish, umumlashtirish va ommalashtirish bo‘yicha komissiya tarkibini belgilash, muddati va mavzusini aniqlash, javobgar kishilarni ko‘rsatish. Tajribalarni umumlashtirish va ayirboshlashga doir ko‘rgazma va stendlarni tashkil etish. Shahar, nohiya va maktabdagi eng yaxshi o‘qituvchilar darslariga qatnashish hamda ularning ibratli ishlarini o‘rganish. Ilg‘or tajribalarni o‘rganish, umumlashtirish va yoyish metodikasi bo‘yicha seminar praktikum o‘tkazish;
Ye) maktab doirasida pedagogik o‘qishlar o‘tkazish kabi tajribalar belgilanadi.
Maktab ish rejasining o‘quv-tarbiya ishlarini yo‘lga qo‘yish deb nomlangan qismida o‘quv rejasi va dasturlarining o‘z vaqtida, yuqori saviyada, sifatli qilib bajarilishini ta‘minlovchi tadbirlar, maktabdagi ta‘limning asosini tashkil qiluvchi darsning samaradorligini oshirish, maktabdagi ta‘limni kabinet tizimida olib borish, ta‘lim-tarbiya jarayonida texnika vositalari va EHM dan foydalanishni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar ko‘rsatiladi. Bundan tashqari rejaning mazkur qismida fanlar bo‘yicha ta‘limiy va tarbiyaviy ishlar:
A) o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan asosiy va fakultativ dasturlar bo‘yicha o‘quv-tarbiyaviy ishlarini tashkil etishi; fan asoslarini o‘qitishning nazariy va uslubiy darajasini oshirish;
B) o‘quvchilar bilan bilimga, fanga, ta‘lim jarayoniga qiziqishni oshirish bo‘yicha tarbiyaviy ishlar olib borish. Ularni bilimlar va mustaqil ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish. Maktabda va uyda o‘quv mehnatini unumli tashkil etish;
V) iqtidoli bolalar bilan ishlash;
G) kitob bilan ishlash;
D) qobiliyatli va bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan alohida ishlash.
Ye) Imtihonlarga hozirlik ko‘rish va ularni o‘tkazish. Yozda o‘qish uchun topshiriqlar olgan o‘quvchilar bilan ishlashni tashkil etish. Kuzgi imtihonlarni o‘tkazib, bilimlarni o‘zlashtirgan o‘quvchilarni sinfdan-sinfga ko‘chirish.
Maktab kitob fondini yaratish va to‘ldirish, o‘quvchilarni darsliklar bilan ta‘minlash.
O‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan olib boradigan o‘quv ishlarini (tematik va har bir darsga rejalar tuzish va ularni o‘rganish, nazorat, ijodiy, laboratoriya va amaliy ishlar, o‘quv ekskursiyalarini o‘tkazish hamda mashg‘ulotlarda texnika vositalaridan foydalanishga doir rejalarni ishlab chiqish) rejalashtirish.
Sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlarda:
O‘quvchilar jamoat tashkilotlari (o‘quvchi-yoshlar tashkiloti) faoliyatiga pedagogik rahbarlik. O‘quvchilarning jamoatchilik faolligini tarbiyalash va rivojlantirishda axloqiy tarbiya, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi, baynalmilal tarbiya, huquqiy tarbiya, mehnat tarbiyasi, kasb tanlash, iqtisodiy tarbiya, estetik tarbiya, ekologik tarbiya, sanitariya-gigiena maorifi kabi masalalarni amalga oshirish o‘rinlidir. Xuddi, shuningdek, o‘quvchilarni mustaqil ishlashga o‘rgatish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirib borish, ularning og‘zaki va yozma nutq madaniyatini o‘stirib borish, texnikaga oid ta‘limni amalga oshirish, fanlarni o‘qitishda o‘quvchilarga amaliy malakalar berish kabi tadbirlar belgilanadi.
Ish rejasining o‘quvchilar bilan olib boriladigan sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlarini tashkil qilish bo‘limida o‘quvchilar o‘rtasida turli mavzularda konferensiyalar, kechalar, o‘tkir zehnlilar mushoirasi va ekskursiyalar o‘tkazish, kino va teatrlarga jamoa bo‘lib borish, zavod va fabrikalarda ishlab chiqarish veteranlari bilan uchrashuvlar tashkil qilish, devoriy gazetalar chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi ishlar belgilanadi.
O‘rta umumiy ta‘lim maktablari ish rejasidagi bu kichik bo‘limchaning eng muhim vazifasi umummaktab tarbiya jamoasi tashkil etish tizimini ochib berishdan iboratdir. Umummaktab jamoasi sinflarning shunchaki yig‘indisidan iborat bo‘lmay, balki bu jamoa bir necha o‘quv yillari davomida butun pedagoglar jamoasining katta kuch-g‘ayrat ishlatishi tufayli yuzaga keladi.
Respublikamizdagi ko‘pgina maktablar tajribasida sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlarni bir necha yillar davomida ayrim o‘qituvchilarga biriktirib qo‘yish kabi usul o‘zini oqlamoqda, zotan, sinfdan tashqi bu tarbiyaviy ishlarning barcha yo‘nalishlari o‘qituvchidan maxsus bilim va malaka talab etadiki, bunday bilim va malakalar tezlikda hosil bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, maktabda olib boriladigan sinfdan va maktabdan tashqi tarbiyaviy ishlarning bir shaklini uzoq vaqt bir o‘qituvchiga topshirish orqali uni amalga oshirish muhim pedagogik ahamiyat kasb etadigan masaladir. Bu masalaga maktab rahbarlari alohida ahamiyat berishlari lozim.
Maktabning ish rejasidagi ota-onalar va jamoatchilik bilan olib boriladigan ishlar bo‘limida o‘qituvchilarning ota-onalar bilan olib boradigan ishlarining turli shakllari (ota-onalar majlisi, ota-onalar bilan guruh bo‘lib va alohida suhbat va konsultatsiyalar o‘tkazish, mahalla va aholi yashaydigan qishloqlarda, zavod, fabrika va qurilish tashkilotlarida olib boriladigan turli tarbiyaviy mavzulardagi pedagogik tashviqot ishlari hamda jamoatchilik va ota-onalarning maktabga qachon va qanday yordamini tashkil qilish kabi masalalar ko‘rsatiladi).
Ish rejasidagi maktabning otaliq tashkiloti bilan hamkorlikda olib boradigan ishlari bo‘limida maktab binosini remont qilish, o‘quv xonalarini jihozlash ishiga otaliq tashkilotining ishchi va xizmatchilar uchun turli tarbiyaviy mavzularda suhbatlar olib borish kabi ishlar rejalashtiriladi.
Maktab ish rejasining maktab kengashi va maktab direktori qoshidagi yig‘ilish degan bo‘limida, maktab kengashi va direktor qoshidagi yig‘ilishning ish dasturi, kengash ishining mavzusi va mundarijasi aniq ko‘rsatiladi. Shu joyning o‘zida yig‘ilishlarni o‘tkazish muddati va kun tartibi, kengashning maktabdagi metodik birlashmalar va boshqa tashkilotlar bilan aloqasi, bu birlashmalarga rahbarlik qilish shakllarini ko‘rsatish o‘rinli bo‘ladi. Xuddi shuningdek, direktor qoshidagi yig‘ilishlarning mavzusi yig‘ilish shakli, uni o‘tkazish kuni kabi masalalarni ham maktab ish rejasining shu bo‘limida ko‘rsatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ish rejasining pedagogik jarayonni boshqarish va nazorat qilish deb nomlangan bo‘limida maktab ishlarini boshqarish va pedagogik jarayonga rahbarlik qilishning asosiy shakllari belgilanadi va bunda:
-O‘quvchilar bilimining sifati va o‘qituvchilarning o‘quv dasturlarini bajarishi (darslarga kirish va tahlil qilish, laboratoriya va amaliy ishlar, ekskursiyalar; kontrol, ijodiy ishlar, ishlab chiqarish mehnati, maktab maydonidagi tajriba ishlarining natijalarini tahlil qilish; o‘quvchilar bilan alohida ishlashning ahvolini aniqlash, daftar tutish, sinf jurnallarida o‘quvchilar bilimini qayd etish va baholash; o‘quv fanlari bo‘yicha o‘quvchilar bilimi, tushuncha va ko‘nikma darajasi; maktab ma‘muriyatining nazorat ishlari; darslik, o‘quv jihozlari va boshqalarning qanday holatda ekanligi) tekshiriladi.
-Fakultativlar ishini nazorat qilish, metod birlashmalar, o‘qituvchilarning o‘z ustida mustaqil ishlashi, sinf rahbarlari, kutubxonachilar, laborantlar faoliyatini kuzatish, maktab hujjatlarining qay tartibda yuritilayotganligini nazorat qilib borish kabi qator masalalarni belgilash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa
Shuni ta‘kidlash kerakki, pedagogik jarayonni boshqarishning muhim manbalaridan biri ulgurmovchi va ikki yil bir sinfda qoluvchi o‘quvchilar bilan muntazam hamda aniq maqsadga qaratilgan ish olib borishdir. Rejaning mazkur bo‘limida quyidagi masalalarni ham ko‘rsatish mumkin:
A) qobiliyatli, iqtidorli bolalarni aniqlash va ular bilan ishlash; Bunday o‘quvchilar bilan alohida olib boriladigan ishlarni belgilab olish va bu ishlarga ota-onalarni ham jalb etish.
B) ulgurmovchi, yordamtalab o‘quvchilarni o‘z vaqtida aniqlab olish;
ana shunday o‘quvchilarni o‘zlashtiruvchi o‘kuvchilar qatoriga qo‘shib olib borish borasida ota-onalar va ular ishlab turgan korxona bilan hamkorlikda olib boriladigan ishlarning samarali shakl va usullarini qidirib topish kabi qator masalalarni belgilash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ish rejasining - maktabning moliya-xo‘jalik ishlari deb atalgan bo‘limida maktabni shu o‘quv yilida va undan keyingi davrda o‘quv-moddiy bazasini yanada mustahkamlash, davlat va otaliq tashkiloti tomonidan ajratiladigan mablag‘larni to‘g‘ri, maqsadga muvofiq holda sarflash, moliyaviy hisob-kitoblarni tartibga solish tadbirlari belgilanadi.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, maktablarning ish rejalarida o‘quvchilar bilan olib boriladigan ta‘lim-tarbiya ishini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirish, maktabning o‘quv-moddiy bazasini mustahkamlash, ta‘lim-tarbiya ishining dolzarb masalalariga qaratilgan turli mavzularda seminarlar, konferensiyalar o‘tkazish, maktab o‘qituvchilarining pedagogik o‘qishlarini tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Adabiyotlar ro'yxati.
I. А. Kаrimоv. Yuksаk mа`nаviyat еngilmаs kuch. T. Shаrq 2008.
2. I. А. Kаrimоv. Bаrkаmоl аvlоd O’zbеkistоn tаrаqqiyotining pоydеvоri. T. 1997.
3. Kаdrlаr tаyyorlаsh milliy dаsturi T. 1997.
4. Оchilоv M. Оliy mаktаb pеdаgоgikаsi.T. 2008.
5. Оchilоv. M. Muаllim қаlb mе`mоri. T. 2003.
6. Munаvvаrоv. Pеdаgоgikа. T. O’qituvchi 1996.
Do'stlaringiz bilan baham: |