2020 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda, 5,5 foiz (2021 yilda 5,8 foiz, 2022 yilda 6,2 foiz) miqdorda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 6,5 foiz, qurilishda 9,3 foiz, qishloq xo‘jaligida 4 foiz va xizmatlar sohasida 5,6 foiz ko‘payadi, asosiy kapitalga investitsiyalar 10 foiz, tovarlar va xizmatlar eksporti hamda import 8 foiz o‘sadi.
2020 yilga mo‘ljallangan Byudjet siyosati puxta o‘ylangan fiskal siyosatni amalga oshirishga, iqtisodiy ko‘rsatkichlarning mutanosib o‘sishiga va mamlakat moliyaviy tizimining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
“2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi bilan byudjet mablag‘larini rejalashtirish samaradorligini, ulardan foydalanish natijadorligini oshirishga hamda byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga yo‘naltirilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Byudjetni rejalashtirishning barqarorligini oshirish maqsadida prognoz yili uchun Davlat byudjeti va keyingi ikki yilga mo‘ljallangan byudjet yo‘nalishlarini tasdiqlash yo‘li bilan o‘rta muddatga mo‘ljallangan byudjetni rejalashtirish taklif qilinmoqda.
2020 yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 653,5 trillion so‘mni, Davlat byudjeti daromadlarining tushumi 128,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 19,6 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinib, bu alohida sohalar rivojiga maqsadli xarajatlarni oshirish yo‘li bilan iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishni ta’minlaydi.
2020 yilda Davlat byudjetining xarajatlari 131,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 24 foizga ko‘p bo‘lib, bunda Davlat byudjetining xarajatlari asosan ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi. Jumladan, ijtimoiy soha xarajatlari 66 trillion so‘mni yoki umumiy xarajatlarga nisbatan 50,3 foizni tashkil etadi. Bunda ushbu xarajatlarning o‘sishi avvalgi yilga nisbatan 24 foiz ko‘payadi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarini moliyalashtirishga 5,2 trillion so‘m, umumiy ta’limga 20,9 trillion so‘m yo‘naltiriladi, kadrlar tayyorlashga ajratiladigan mablag‘lar 3,9 trillion so‘mni tashkil etadi.
Sog‘liqni saqlashga 14,8 trillion so‘m, madaniyat va sportni moliyalashtirish uchun 2,3 trillion so‘m, ilm-fanga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Ijtimoiy nafaqalar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lash va kompensatsiya to‘lovlari uchun xarajatlar o‘tgan yildagiga nisbatan 27 foiz oshgan holda 6,6 trillion so‘mni tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |