Erkin konvertirlanadigan valuta – bu, amaldagi kurs bo‘yicha har qanday boshqa xorijiy valuta erkin va cheklanmagan miqdorda ayirboshlanadigan valutadir. Bunga misol qilib AQSh, Yevropa hamjamiyatiga a’zo mamlakatlar, Yaponiyalar valutalarini kiritish mumkin.
Qisman konvertirlanadigan valuta – bu, faqat ba’zi xorijiy valutalarga almashtiriladigan va xalqaro to‘lov oborotini qisman qamrab oladigan milliy valutadir.
Konvertirlanmaydigan valuta – bu, faqatgina ichki to‘lovlarga xizmat qiladigan va xorijiy valutaga ayirboshlanmaydigan milliy valutadir.
Konvertirlashni ichki va tashqi konvertirlashga ham ajratish mumkin. Ichki konvertirlash rezidentlarining mamlakat ichkarisida xorijiy valutani sotib olishi, uni saqlab turishi va u bilan ayrim operatsiyalarni olib borishini imkoniyatini aks ettiradi. Tashqi konvertirlashda xorijda to‘lovlarni amalga oshirishga va moliyaviy aktivlarni ushlab turishga ruxsat etiladi. Valutalarni konvertirlash ko‘pgina mamlakatlar olib borayotgan iqtisodiy siyosatlarning muhim maqsadi hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasida valuta siyosati uning asosiy tamoyillari, ya’ni milliy valutamiz so‘mning almashuv kursi barqarorligini hamda ichki valuta bozorida talab va taklifning mutanosibligini ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.
Bunda asosiy e’tibor inflatsion jarayonlarni jilovlashga, milliy valuta almashuv kursi keskin tebranishlarining oldini olishga hamda eksportni qo‘llab-quvvatlashga qaratilyapti.. Eksportni rag‘batlantirish maqsadida so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursini bosqichma-bosqich pasaytirish choralari ko‘rilyapti.
18.2. Valuta bozorini davlat tomonidan tartibga solish usullari
Bozordagi talab va taklif ta’siri natijasida vaqti-vaqti bilan valuta kurslari o‘zgarib turadi. Davlat valuta kurslarini barqororlashtirish uchun valuta bozorining amal qilishiga bevosita yoki bilvosita aralashishi zarur. Buning bir qator usullari mavjud:
1.Zahiralardan foydalanish. Valuta kursini mustahkamlashning ko‘proq qo‘llaniladigan usuli - rasmiy zahiralar bilan bozorda manipulyasiya qilish hisoblanadi. O‘z-o‘zidan aniqki, valuta zahiralari alohida mamlakatlar ixtiyoridagi chet mamlakatlar valutalarining zahirasidir (Masalan, AQSh dollari, YEVRO va h.k.).
2. Savdo siyosati. Valuta bozoriga ta’sir ko‘rsatishning boshqa tadbirlariga savdo va moliyaviy oqimlar ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat qilishni kiritish mumkin. Masalan, AQSh dollarining etishmasligi sharoitida valuta kursini tegishli darajada importni cheklash hisobiga ushlab turish mumkin. Xususan import hajmi boj yoki import kvotalarini kiritish bilan qisqarishi mumkin. Boshqa tomondan mamlakat hukumati eksport uchun milliy ishlab chiqaruvchilarga subsidiya berib, shu orqali xorijiy valuta taklifini ko‘paytirishi mumkin. Bu tadbirlardan foydalanishda vujudga keladigan asosiy muammo shundan iboratki, u jahon savdosi hajmini qisqartiradi, uning tarkibini va savdo aloqalarini o‘zgartirib yuboradi, iqtisodiy maqsadga muvofiqlikning buzilishiga hissasini qo‘shadi. Buning oqibatlarini hisobga olmaslik mumkin emas.
3. Valuta nazorati. Boshqa muqobil variant valuta nazorati hisoblanadi. Valuta nazorati sharoitida hukumat milliy eksportyorlar olgan barcha tegishli chet el valutalarini davlatga sotish talabi bilan ularning etishmasligi muammosini hal qilishi mumkin. Keyin, hukumat o‘z navbatida chet el valutasining bu zahirasini turli milliy importyorlar o‘rtasida taqsimlaydi. Shu yo‘l bilan hukumat milliy importni, milliy eksport hisobidan olingan chet el valutasi miqdoriga cheklaydi.
Valuta nazorati tizimi bir qator kamchiliklarga ega. Birinchidan, savdo cheklashlari (boj, kvota, eksportga subsidiya) kabi valuta nazorati nisbiy ustunlik tamoiliga asoslangan xalqaro savdoning tarkib topgan aloqalarini buzadi. Ikkinchidan, etarli bo‘lmagan valuta resurslari ustidan valuta nazorati jarayoni, so‘zsiz, alohida importyorlarni kamsitilishi bilan bog‘liq. Uchinchidan, nazorat tadbirlari iste’molchining tanlash erkinligiga tajovuz qilish hisoblanadi.
4. Ichki makroiqtisodiy tartibga solish. Valuta kursi barqarorligini ushlab turishning oxirgi vositasi ichki soliq yoki pul siyosatidan shunday foydalanish hisoblanadiki, bunda tegishli chet el valutasining etishmasligi bartaraf qilinadi. Masalan, cheklovchi soliq va pul kredit siyosati tadbirlari mamlakat milliy daromadini boshqa bir davlat milliy daromadiga nisbatan pasaytiradi. Chunki, import miqyosi milliy daromad darajasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lib, bu o‘sha boshqa davlat buyumlariga va demak, xorijiy valutaga talabning cheklanishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |