§ 8.2. Prognoz, gipoteza va reja xaqida tushunchalar
Gipoteza umumiy nazariya dairasidagi ilmiy bashoratni tavsiflaydi. Bu shuni anglatadiki, gipotezani tuzish dastlabki bazaviy nazariya va u asosida tadqiq etilayotgan ob’ektlarning faoliyat ko‘rsatishi va rivojlantirishning ochilgan qonuniyatlari hamda sabab-oqibat aloqalarini tashkil etadi. Gipoteza darajasida harakatlarning umumiy qonuniyatlarini ifodalovchi ushbu ob’ektlarning sifat jihatidan tafsiloti beriladi.
Prognoz gipotezadan farqli ularoq yanada yuqori aniqlikka ega, chunki nafaqat sifat o‘lchamlariga, balki miqdoriy o‘lchkamlarga asoslanadi, shu bois ob’ektning kelajakdagi holatini miqdoriy jihatdan ham tavsiflashga imkon beradi. Prognoz aniq amaliy nazariya darajasida bashoratlashni nazarda tutadi. SHunday qilib, prognoz gipotezadan noaniqlik darajasi past hamda yuqori darajali haqqoniyligi bilan farq qiladi. SHu bilan birga prognozning tadqiqot qilinayotgan ob’ekti, hodisa bilan bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi mavjud emas: prognoz ehtimollik tavsifiga ega.
Reja aniq muayyan maqsadlarni qo‘yish va tadqiq etilayotgan ob’ektning aniq hodisalarini bashoratlashni ko‘zda tutadi. Unda belgilangan vazifalarga muvofiq tarzda rivojlanishning yo‘llari va vositalari qayd etiladi, qabul qilingan boshqaruv qarorlari asoslanadi. Uning eng asosiy farq qiluvchi jihati - topshiriqning aniqligi va ko‘rsatmali ekanligidadir. SHunday qilib, rejada bashoratlash yanada aniq holda namoyon bo‘ladi. Prognoz kabi reja ham aniq amaliy nazariya natija va yutuqlarga asoslanadi.
Prognozlash shakllari o‘z mohiyatiga ko‘ra boshqarish va rejalashtirish tizimida bir-biri bilan va tadqiq etilayotgan ob’ekti bilan uzviy bog‘liqlikda bo‘lib, ob’ektning o‘zining aniqliligi bilan istiqboldagi harakatlarini bilish bosqichlarining ketma-ketligini ifodalaydi. Ushbu jarayonning dastlabki qadami – ob’ektni u uchun yangi belgilangan holatiga o‘tkazish rejasini tuzish hisoblanadi. Buning uchun eng muhim vositasi umumilmiy bashoratlash va reja o‘rtasida bog‘lovchi zanjir sifatida ishtirok etuvchi prognoz xizmat qiladi.
Gipotiza umumiy tavsilotiga ega bo‘lsa ham, usiz hech qanday ilmiy boshqarish va rejalashtirishni amalga oshirib bo‘lmaydi. Gipoteza ushbu jarayonga ta’sir etib, uni tuzish uchun muhim axborot manbasi hisoblanadi. Ko‘p holatlarda gipotiza bevosita rejalarni ishlab chiqishda ham huddi shu vazifani bajaradi.
Rejalashtirish bilan prognozlash bir biri bilan chambarchas bog‘liq. Reja va prognoz o‘z mohiyatiga ko‘ra rejaning ijtimoiy ishlab chiqarishini boshqarishda etakchi bug‘in sifatida hal qiluvchi rol uynayotgan sharoitda bir-birini o‘zaro to‘ldiruvchi rejalashtirish bosqichlarini ifodalaydi. Bunda prognoz mavjud amaliyotning istiqbolda rivojlanish imkoniyatlariga qaratilgan omil sifatida xizmat qiladigan bo‘lsa, prognozlash - rejalarni ishlab chiqish dastagi sifatida namoyon bo‘ladi. Prognoz va rejaning muvofiqlik shakllari turli xil bo‘lishi mumkin: prognoz rejani ishlab chiqishdan oldin (odatda shunday), undan keyin (qabul qilingan qarorning oqibatlarini prognozlash), shuningdek rejani ishlab chiqish jarayonida amalga oshirish mumkin.
SHunga qaramay prognoz va reja o‘rtasida farqlar ham mavjud. Ularning eng asosiysi shundan iboratki, reja ko‘rsatmali, prognoz esa ehtimolli tavsifga ega. Reja – bu qat’iy qaror, shu jumladan u variant asosida ishlab chiqiladi, prognoz esa o‘z mohiyatiga ko‘ra muqobil, variantli mazmunga ega. SHu ma’noda prognozlash rejalashtirishning tadqiqot bazasi hisoblanib, u rejalashtirishdan farqli ravishda alohida o‘zining metodologik va uslubiy asoslariga ega. Prognozlarni ishlab chiqish prognozlash usullariga asoslanadi, rejalashtirish esa yanada qat’iy va aniq balans va boshqa hisob-kitob usullariga tayanadi.
Prognozlashning rejalashtirishdan farqli jihatlaridan biri u rejalashtirishning tarkibiy qismi bo‘libgina qolmay u mustaqil ravishda mavjud. Bu xususan, shunday holatda o‘z ifodasini topadi: ijtimoiy ishlab chiqarish sohasida shunday iqtisodiy jarayonlar borki, ularni har doim ham rejalashtirib bo‘lmaydi, ammo ular prognozlash ob’ekti hisoblanishi mumkin. Bular qatoriga, masalan, demografik jarayonlar, aholining iste’mol tovarlarga bo‘lgan joriy talabi, shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarining rivojlanish darajasi, oilaning tarkibi va aholining jinsi va yoshi bo‘yicha tarkibi va h.k. Prognozlash va rejalashtirish bir-biridan yana shu bilan farqlanadiki, ular tadqiq etilayotgan ob’ektni bilishning turli pog‘onalarini tavsiflaydi, ushbu ob’ektlarning istiqboldagi holatini o‘zaro bog‘liq bo‘lsa ham, ammo har xil bashoratlash shakllariga ega.
Ob’ektlarning mos kelmasligi hamda prognozlashning rejalashtirishga nisbatan boshqa farqli jihatlari ulardagi turli xil funksiyalarni shakllantiradi. Rejalashtirish bevosita boshqaruv qarorlarini qabul qilish va amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan bo‘lsa, prognozlashning maqsadi esa ularni qabul qilish uchun ilmiy asoslarni yaratishdan iborat. Ushbu asoslar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: ijtimoiy ishlab chiqarishning rivojlanish tendensiyalarining ilmiy tahlili; shakllangan tendensiya va ko‘zlangan maqsadlarni hisobga oladigan ijtimoiy ishlab chiqarishning kutilayotgan rivojlanishini variantli bashoratlash; qabul qilinayotgan qarorlarning mumkin bo‘lgan oqibatlarning tahlili, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnik rivojlanish yo‘nalishlarini asoslash. SHunday qilib, iqtisodiy prognozlashning vazifasi, bir tomondan borliqning haqiqiy jarayonlarga amal qilgan holda tadqiqot sohasida yaqin yoki uzoq kelajagi istiqbolni aniqlash, ikkinchi tomondan, tuzilgan prognoz va prognoz davrida qabul qilingan qarorlarning oqibatlari nuqtai nazaridan ularni baholashga tayanadigan optimal joriy va istiqbolli rejalarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy prognozlash kengaytirilgan takror ishlab chiqarishning iqtisodiy jarayonlarning eng muhim qonuniyatlarini tadqiq etishga asoslangan. Uning nazariy asosi ijtimoiy ishlab chiqarishni rivojlantirishning ob’ektiv qonuni to‘g‘risidagi fan sifatida siyosiy iqtisodidan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |