Mahmud Koshg‘ariy
Markaziy Osiyoda ilk o‘rta asr madaniyatining buyuk arboblaridan bo‘lib, tilshunoslik sohasida, xususan, turkiy tillarni o‘rganish sohasida mashhur bo‘ldi va tarixda o‘chmas iz qoldirdi.
Mahmudning otasini ismi Husayn, bobosiniki Muhammad bo‘lib, kelib chiqishi va tiliga ko‘ra Koshg‘ariy nisbatini olgan. U yashab ijod etgan davrda Movarounnahrda Somoniylar o‘rnini Qoraxoniylar sulolasi egallagan, turkiy adabiy til mintaqada keng urf bo‘la boshlagan edi. Hatto Abbosiylar xalifaligi markazlarida, azaldan arab va boshqa somoniy xalqlar yashab kelgan o‘lkalarda turkiy elatlar namoyandalari ko‘payib, turkiy tilga e’tibor oshgan edi. Mahmud Koshg‘ariy ham o‘zining uzoq yillar davomida yaratgan “Devonu lug‘atit turk” kitobini 1075 yilda tugallagan. Asarning asosiy matni o‘sha davrda keng mintaqa musulmon Sharqida, butun YAqin va O‘rta Sharkda din, fan tiliga aylangan arab tilida yozilgan bo‘lib, turkiy tilning boyligini, mazmundor va rang-barangligini tushuntirish uchun yozilgan.
Mahmud Koshg‘ariy Balasog‘unda tug‘ilib, shu yerda yigitlik chog‘larini kechirgan bo‘lsa ham, uzoq yillar Qoshg‘ardan boshlab butun Movarounnahr, Xorazm, Farg‘ona, Buxoro, hozirgi Shimoliy Afg‘onistonga qadar cho‘zilgan turkiy o‘lkalarni, turkmanlar, o‘g‘uzlar, chigillar, yag‘molar, qirg‘izlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini kezib chiqdi, turli sheva va lahja xususiyatlarini o‘rgandi, ularni adabiy til bilan chog‘ishtirdi, o‘z ishi uchun nihoyatda boy material to‘pladi. Lug‘at tuzishda arab tilshunoslari yaratgan an’anadan unumli foydalangan holda, ishga ijodiy yondashdi, turkiy til qonuniyatlarini birinchi navbatda inobatga olib kitobiga tartib berdi.
Koshg‘ariy asari, o‘zi ta’kidlashicha, “… oldin hech kim tuzmagan va hech kimga ma’lum bo‘lmagan alohida bir tartibda” tuzilgan. Unda ko‘p shevashunoslikka oid qiyosiy qoidalar, grammatik, morfologik, leksik, semantik alomatlar ko‘rsatilgan. Asar foydalanuvchilarga osonlik tug‘dirish uchun sodda yozilgan. Unda qadim turk alifbosi, fonetik qonuniyatlar va orfografik qoidalar puxta tushuntirib berilgan. Lug‘atda turkiy so‘z tuzilishi an’analari, jumladan so‘z tartibi, fe’l shakllari, so‘z etimologiyasiga oid fikrlar bayon etilgan.
Muallif ko‘rsatishicha, kitob bo‘limdan, muqaddima va xulosadan iborat. Har bir bo‘limda ot-ism so‘zlar, fe’llar qulaylik uchun alohida ajratib berilgan. Asarda 7500 dan oshiq turkiy so‘z va iboralar izohlangan. “Devonu lug‘atit turk” ham adabiy til, ham asosiy turkiy shevalarni qamrab olgan bo‘lib, undagi adabiy til, sheva unsurlari nisbati o‘rtacha adabiy tildagi 10–12 so‘zga, shevaga oid bir so‘zga to‘g‘ri keladi, ya’ni umumturkiy adabiy tilga ayricha ahamiyat ajratilgan. Bu holat o‘sha davr islom mintaqasida turkiy adabiy til qancha keng tarqalgani va mustaxkam mavqyega ega bo‘lganini tasdiqlovchi qat’iy dalildir.
Lug‘atda yuzlab kishi ismlari, shahar va qishloq, o‘lka nomlari, daryo, tog‘, yaylov, vodiy, dara, yo‘l, dovon, ko‘l, soy kabi geografik atamalar, turli qabila, urug‘, elat, sayyora, yulduzlar, fasllar tilga olinadi. Asarga Mahmud Qoshg‘ariy tuzgan dunyo xaritasi, dunyoning doira shaklidagi tasviri ham ilova qilingan. Uning markazida Markaziy Osiyo joylashgan. XI asr geografiya ilmining namunasi bo‘lmish bu xarita Qoshg‘ariyning qomusiy olimligining dalilidir.
Turkiy xalqlar tarixiga oid qadimiy afsona va rivoyatlar, 300 ga yaqin maqol va matallar, hikmatli so‘zlar, 700 satrdan oshiq she’riy parchalar ushbu asar sahifalaridan o‘rin olgan. She’riy parchalarning ko‘p qismi turkiy xalqlar og‘zaki ijodiga xos to‘rtliklardan iborat. Ammo “Devon”da keltirilgan she’riy satrlardan 150 satrga yaqini islom davri she’riyatiga xos bo‘lgan “bayt” tipidagi masnaviy, qasida, g‘azal, qit’a parchalari bo‘lib, ularni Koshg‘ariy o‘zi ham ko‘pincha “bayt” deb ataydi
Kitobda 7 ta epik doston, ishqiy qo‘shiqlar, pandnomalar, koinot yaratilishiga oid asotir, she’rlar, tabiat manzaralari tasviri, madhiyalar, falsafiy mushohadalar uchraydi. Koshg‘ariy devonda keltirilgan VIII–XI asrlarga oid turkiy she’riyat namunalarida u yoki bu darajada aruz vazniga o‘tish moyilligi seziladi.
Mahmud Koshg‘ariyning islomdan ilgarigi va ilk islom davri turkiy madaniyat obidalarini tadqiq etish, to‘plash va avlodlarga yetkazib berishdagi xizmatlari nihoyatda ulkandir.
Uning tarix, etnografiya, geografiya xususidagi keng bilim doirasi, til va adabiyot sohasidagi qomusiy salohiyati, tadqiq qudrati bugungi kunda ham hayratlanarli darajadadir. Uning kitobida jamlangan aniq-ravshan ma’lumotlar VIII–XI asrlar ham turkiy adabiy til va badiiy adabiyotning, ham og‘zaki xalq ijodi va turli lahjalarning boy manbai sanaladi. “Devonu lug‘atit turk”ni o‘sha davrlarda Markaziy Osiyo mintaqasida yashagan turkiy xalqlar hayoti haqidagi qomusiy asar deb atash mumkin.
Devonu lugʻotit turk“ (arabcha: ديوان لغات الترك; tarjimasi „Turkiy soʻzlar devoni“) — Mahmud Koshgʻariyning turkiy tillar haqidagi qomusiy asari (1071—72).[1][2] Bu asarda 11-asrning 2-yarmida Markaziy Osiyoda va Gʻarbiy Xitoy hududida istiqomat qilgan turkiy urugʻ va qabilalar, ularning ijtimoiy ahvoli, tili, tarixi, bu hududning geogr.si, metrologiyasi va astronomiyasiga oid qimmatli maʼlumotlar yozib qoldirilgan. „Devonu lugʻotit turk“ning qoʻlyozmasi 1914-yil Turkiyaning Diyorbakr sh.dan topilgan. 319 sahifali bu qoʻlyozma hozirgi Istanbulda saqlanadi. Bu nusxa „D.t.l.“ yozilganidan salkam 200 yildan keyin, yaʼni Mahmud Koshgʻariyning oʻz qoʻli bilan yozilgan nusxadan 1266-yilda kotib Muhammad ibn Abu Bakr ibn Fotihal-Soviy aldamashqiy tomonidan koʻchirilgan.
„Devonu lugʻotit turk“ arab tilida yozilgan, 8 mingdan ortiq turkiy soʻzlarni toʻgʻri talaffuz qilish maqsadida arabcha hara-katlar (harflardagi ost-ust ishoralar)dan foydalanilgan. Bunda, albatta, muallif ancha qiyinchilikka uchragan, chunki arabcha harf va alif, vov, yo ishoralari bilan turkiy tovushlarni berib boʻlmas edi.
Turkiy tildagi choʻziq va qisqa unlilar, yumshoq va qattiq tovushlar uchun Maxmud Koshgʻariy maxsus belgilar (harakatlar)ni qoʻllaydi yoki soʻz boshidagi choʻziqlikni ikki alif bilan koʻrsatadi yoki 2 xil talaffuz qilinadigan soʻzlarga 2 xil ishora qoʻyadi: azuqluq, eritmak soʻzlaridagi 3 va R harflari ustiga ham kasra, ham damma ishorasini qoʻygan, demak, bu soʻzlar oʻsha davrda ikki xil talaffuz etilgan: azmqluq — azuqluq, eritmak — erutmak kabi. Arabcha harf bilan koʻrsatish mumkin boʻlmagan turkiy talaffuzni „Devonu lugʻotit turk“da izohlab, taʼriflab oʻtgan. „Devonu lugʻotit turk“da, avvalo, otlar, soʻng feʼllar izohlanadi. Soʻzlar tartibi ularning tarkibidagi harflarning orta borishiga (2 harfdan 7 harfgacha) qarab amalga oshirilgan.
Mahmud Koshgʻariy „Devonu lugʻotit turk“ga oʻzi tuzgan dunyo xaritasi (dunyoning doira shaklidagi tasviri)ni ilova qilgan. Xaritada mamlakat, shahar, qishloq, togʻ, choʻl, dovon, dengiz, koʻl, daryo va h.k.ning nomlari yozilgan. Xaritaga yozilmay qolgan bir qancha nomlar asar matnida izohlangan. Harita, asosan, hozirgi Sharqiy yarim sharga toʻgʻri keladi. Asarda 11-asrdagi shaharlar, qishloqlar, dengiz, koʻllar, turkiy qabilalar va urugʻlar haqida, urugʻlarning ijtimoiy ahvoli, kelib chiqishi, nomlanishi, ichki urugʻ va toifalari, ularning joylanishi, urf-odatlari, til xususiyatlari haqida batafsil maʼlumotlar beriladi.
Bundan tashqari, hayvonot va oʻsimliklari, ularning nomlanishiga toʻxtalib oʻtadi, astronomik maʼlumotlar, burj va muchal haqida ham maʼlumotlar bor. „Devonu lugʻotit turk“da ayniqsa qabila va urugʻ tillariga oid lingvistik maʼlumotlar ancha batafsil berilgan. Bunda har soʻzning maʼnolari (polisemiya, omonim, sinonim, antonim va arxaik soʻzlar) chuqur tahlil qilinadi, ayrim soʻzlarning etimologiyasiga toʻxtalib oʻtadi. Tovushlar (fonemalar)ning taxlili ancha mukammal: unli va undosh fonemalar, choʻziq va qisqa unlilar, ularning urugʻ tillaridagi talaffuzi va orfografiyasi, tildagi fonetik hodisa va qonuniyatlar batafsil izohlangan. Morfologiya sohasida soʻz turkumlarini, davr anʼanasiga koʻra, 3 soʻz turkumiga: feʼl, ism, bogʻlovchiga boʻlib, ularning yasalish va turlanish yoʻllarini koʻrsatib oʻtadi. „Devonu lugʻotit turk“da 250 dan ortiq maqol va matallar, oʻnlab sheʼriy parchalar keltirilgan.
V. V. Bartold „Devonu lugʻotit turk“dan oʻz ilmiy ishlarida keng foydalanganini sharqshunos S. Volin koʻrsatib oʻtgan. Til-shunos olim V. I. Belyayev „Devonu lugʻotit turk“ haqida shunday yozadi: „Biz bu asarga nihoyatda yuksak baho berishimiz kerak, chunki u kitoblardan olib yozilmagan, balki jonli materialni shaxsan kuzatishga asoslangan… Muallif bergan maʼlumotlar… arxeologik kashfiyotlar bu maʼlumotlarning aksariyatini isbot etmoqda“.
Nemis sharqshunosi K. Brokkelman „Devonu lugʻotit turk“ asarini 1928-yil nemis tiliga tarjima qildi. „Devonu lugʻotit turk“ qoʻlyozmasining fotonusxasi Istanbulda Kilisli Rifat (3 jildli; 1915—17) keyinchalik Besim Atalay tomonidan (3 jildli; 1939—41) turk tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. „Devonu lugʻotit turk“ ning turk tilidagi keyingi qayta nashri 1957-yil amalga oshirildi. „Devonu lugʻotit turk“ ikkinchi boʻlib oʻzbek tiliga tarjima qilinib, muhim izoh va tafsirlari bilan 1960—63-yillari Toshkentda „Fan“ nashriyotida 3 jildda chop etilgan. Bu tilshunos olim, filol. fanlari dri, prof. Solih Mutallibovning 35 yillik mehnati natijasi edi. Ushbu nashr faqat tarjima boʻlmay, turkcha tarjimaga munosabat, baho, atamalar, shaxs nomlari, shahar va joy nomlariga izoh, va tafsir hamdir. Oʻzbekcha nashrining muqaddima qismida 11-asr filologlari, „Qutadgʻu bilig“ asari, Maxmud Koshgʻariyning lingvistik qarashlari, turkiy qabilalar, ularning shakllanishi, bu urugʻ va qabilalar, tillarning hozirgi turkiy xalqlar va ularning tiliga munosabati, tarjima transkripsiyasi toʻgʻrisida maʼlumotlar berilgan. „Devonu lugʻotit turk“ oʻzbekcha nashrining oxirida turkiy urugʻ, qabila, shaharlar va boshqalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar bor, asarning har bir jildida havolalar berilib, unda uchragan soʻz va iboralar keng taʼriflanadi, izohlanadi. Oʻzbekcha nashrining muhim tomonlaridan biri, uning har bir jildi asosida tuzilgan koʻrsat-kichdir. Unda „Devonu lugʻotit turk“da uchragan soʻzlar alifbo tarzida keltirilib, soʻzning oʻzbek va rus tilida tarjimasi beriladi. Mazkur soʻzning „Devonu lugʻotit turk“ ning qaysi betlarida uchrashi (oldin oʻzbekcha, soʻng turkcha nashrlarining beti, satri) koʻrsatib oʻtiladi.
„Devonu lugʻotit turk“ oʻzbekcha nashrining oxirida turkiy urugʻ, qabila, shaharlar va boshqalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar bor, asarning har bir jildida havolalar berilib, unda uchragan soʻz va iboralar keng taʼriflanadi, izohlanadi. Oʻzbekcha nashrining muhim tomonlaridan biri, uning har bir jildi asosida tuzilgan koʻrsat-kichdir. Unda „Devonu lugʻotit turk“da uchragan soʻzlar alifbo tarzida keltirilib, soʻzning oʻzbek va rus tilida tarjimasi beriladi. Mazkur soʻzning „Devonu lugʻotit turk“ ning qaysi betlarida uchrashi (oldin oʻzbekcha, soʻng turkcha nashrlarining beti, satri) koʻrsatib oʻtiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat !
Do'stlaringiz bilan baham: |