Fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat:
mohiyati va mazmuni
Davlat, siyosiy hokimiyat jamiyat va uning a’zolari ustidan hukmron bo‘lgan mamlakatda emas, balki davlatga nisbatan shubhasiz ustunlikka ega bo‘lgan tom ma’nodagi demokratik jamiyatda shaxs real erkin bo‘ladi. Bunday jamiyatga o‘tish tarixan uzoq jarayon bo‘lib, u fuqarolik jamiyatining shakllanishi bilan bog‘liq.
Xo‘sh, fuqarolik jamiyatining o‘zi nima? Demokratizm, inson shaxsiga hurmat, uning huquq va erkinliklari kafolatlangan tuzumda iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va siyosiy munosabatlarga rivojlanish imkonini beradigan ichki mexanizmlar qanday?
Bu savolga javob berish uchun, avvalambor, «fuqarolik jamiyati» va «jamiyat» tushunchalari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikkina emas, jiddiy farqlar ham mavjudligiga e’tibor berish kerak. Jamiyat odamlar o‘rta-sidagi munosabatlar majmui sifatida o‘z rivojlanishining ma’lum yetuk bosqichida va ma’lum sharoitlardagina fuqarolik jamiyatiga aylanadi.
«Jamiyat» iborasi falsafiy-ijtimoiy ma’noda olib qaralganda, makon va zamonda mavjud bo‘lgan, turmush tarzi hamda manfaatlari mushtarak bo‘lgan insonlarning o‘zaro aloqador birligidir.
«Jamiyat odamlar uyushmasining maxsus shakli, kishilar o‘rtasida amal qiladigan ko‘plab munosabatlar majmuasi... Mashhur alloma Abu Ali ibn Sino o‘z davrida ilg‘or qarashlarni ilgari surib, jamiyatning paydo bo‘lishi kishilarning birdamlikka bo‘lgan tabiiy ehtiyojidan kelib chiqqanligini, ijtimoiy tengsizlik, tabiiy holat, mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi jamiyat taraqqiyotining asosi ekanligini ko‘rsatdi»1.
Jamiyat insonlarning umumiy manfaatlari hamda ehtiyojlari birligi asosida, ularni qondirish maqsadidagi birikuvi va kishilar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar, aloqadorlik, hamkorlik ifodasidir. «Jamiyat» bilan «fuqarolik jamiyati» kabi ijtimoiy kategoriyalar o‘rtasidagi muhim farqlar quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
mazkur har ikki murakkab sistema, avvalo, o‘z mohiyati va tuzilmaviy tarkibi bilan ajralib turadi. An’anaviy ma’nodagi jamiyat o‘z tarkibiga barcha ustqurma hodisalari bilan birga davlatni ham qamrab oladi. Fuqarolik jamiyatining tarkibiga, uning institutsiyaviy elementlari qatoriga davlat kirmaydi. Siyosiy davlat bilan fuqarolik jamiyati o‘zaro qarama-qarshi, lekin birga faoliyat yurituvchi,amal qiluvchi dialektik juftlikdir;
an’anaviy jamiyat muayyan mamlakatda, ya’ni bir makon va zamonda hayot kechiruvchi barcha aholini qamrab oladi. Fuqarolik jamiyati esa insonlarning xususiy hayot sohasidagi mulkiy, iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, diniy, axloqiy va boshqa manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiluvchi institutlarni (uyushmalar, ta’lim muassasalari, jamoat birlashmalari, o‘zini o‘zi boshqarish idoralari) va mexanizm-larni qamrab oladi;
fuqarolik jamiyati insonlar birligi taraqqiyotining alohida ma’rifiy darajasini, benazir sifat holatini ifodalashi bilan an’anaviy jamiyatdan farq qiladi. Bu o‘rinda fuqarolik jamiyati insonlar jamoasini, uning manfaatlarini siyosiy hokimiyat oldida, davlat apparati qarshisida muhofaza etuvchi o‘ziga xos fenomen, tegishli mexanizm (majmua) sifatida maydonga chiqadi;
fuqarolik jamiyati yuksak insoniy qiyofaga ega bo‘lgan jamiyat yoki ma’rifiy darajada uyg‘un hayot kechiruvchi insonlar jamiyatidir.1
Fuqarolik jamiyati o‘zini o‘zi boshqarish va o‘zini o‘zi tartibga solishning rivojlangan shakllariga, omma (davlat va jamiyat) va shaxs manfaatlarini maqbul tarzda uyg‘unlash-tirishga, bunda shaxs manfaatlarining ustuvor ahamiyatiga, inson huquq va erkinliklarini jamiyatning oliy qadriyati deb e’tirof etishga asoslangan yangi sifat holatini aks ettiradi.
«Fuqarolik jamiyati» tushunchasi ilk bor Qadimgi Gretsiya va Rimda vujudga kelgan hamda XVII—XVIII asrlarda J. Lokk, J.J.Russo, Sh.L.Moteskye, G.F.Gegel singari buyuk faylasuf-larning asarlarida rivojlantirilgan.
J. Lokk «absolyut monarxiya ... fuqarolik jamiyatiga mutlaqo ziddir, binobarin, u fuqarolik boshqaruvining shakli bo‘lishi mumkin emas», deb hisoblagan. N. Makiavelli monarxiya, aristokratiya va demokratiyadan tashkil topgan aralash shakldagi davlatni eng yaxshi davlat shakli deb e’tirof etgan, ularning har biri boshqasini tiyib turadi va asrab-avaylaydi deb hisoblagan. Shuningdek, u fuqarolik jamiyatining tinchlik va fuqarolarning xavfsizligi, o‘z mol-mulki va boyligidan baxramand bo‘lish, har kimning o‘z fikriga ega bo‘lish va uni himoya qilish huquqi singari qadriyatlarini ta’riflab bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |