I.1. Musiqa pedagogikasi.
Mustaqillikka erishilgach, Respublikamizda ma’naviyat va madaniyat masalalariga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Musiqa madaniyati darslarida san’atning bu turi bilan oshno bo’lish maktab o’quvchilarini milliy ruxda tarbiyalashda, ularning dunyoqarashi, ma’naviy ehtiyojlarini shakllantirishda katta imkoniyatlarga ega. Musiqaning keng tarbiyaviy imkoniyatlarini o’qituvchi amaliyotda tadbiq eta olsagina, u bolalarning musiqiy-ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga, ularning san’at asarlarini to’gri tushunish va baholay olishga o’rgatishi mumkin. Jamiyat tomonidan maktab oldiga qo’yilayotgan vazifalarni amalga oshirish fan oldida katta mas’uliyatni qo’yadi. Muhim vazifalarni bajarish musiqa tarbiyasini hayot bilan bog’lash, bolalar badiiy qiziqishlarini rivojlantirishni, mashg’ulotlar tarbiyaviy ta’sirini oshirish- musiqa madaniyati fani o’qituvchisidan o’z fanini chuqur bilishni va o’quvchi shaxsiga doimiy e’tibor bilan qarashni taqozo etadi.
Maktabda musiqa o’qitish metodikasi – bo’lg’usi musiqa o’qituvchisi tayyorgarligida muhim ahamiyatga ega fandir. Predmet nomlanishining o’zi uning mazmunini yaqqol izohlab turadi. Ya’ni ushbu fan musiqa vositasida bolalarning tarbiyasini amalga oshirish masalalarini o’rganadi. Musiqa tarbiyasi metodikasini egallash uchun maktab dasturida musiqaning kiritilishi, musiqa san’atining tarbiyaviy imkoniyatlarini tarbiya ob’ekti sifatida zamonaviy o’quvchi shaxsini yaqqol tushunish talab etiladi. Tarbiyaning murakkab va ko’p qirrali vazifalarini hal etish uchun metodika fani o’quv rejalaridagi boshqa ko’pgina fanlardan foydalanadi. Tarixiy-nazariy turkum fanlar o’quvchilarga musiqa san’ati o’ziga xos xususiyatlarini tushunishga, musiqiy obrazlarda hayot voqealarining aks etilishini, musiqa ifoda vositalarini anglashga yordam beradi. Musiqa tarixini bilish, uni rivojlanishining asosiy yo’nalishlarini belgilay olish, bastakorlik ijodiyoti, musiqa merosi xususidagi tushuncha va malakalar- o’quvchilar musiqiy didlarini tarbiyalashga asos bo’lib xizmat qiladi, ularning dunyoqarashlarini kengaytiradi.
Psixologik-pedagogik, metodologik fanlar esa hozirgi davrda maktabga o’qituvchi-tarbiyachiga o’quv-tarbiyaviy jarayonning printsip va shakllari tuzilishini bilishga, turli yoshdagi o’quvchilarning yosh xususiyatlari haqida ma’lumotlarga ega bo’lishda katta ahamiyat kasb etadi. Bularsiz maktabda musiqa tarbiyasi maqsad, mazmun va tuzilishini tasavvur etib bo’lmaydi. Musiqa o’qitish metodikasi fani yangi o’quv rejasiga asosan III-kursda 5-6 semestr davomida o’qitilib, u 80 soatlik ma’ruzani o’z ichiga oladi. Bu davrda olingan nazariy bilim, malaka va ko’nikmalar keyingi yilda bitiruvchi talabalarning Davlat pedagogik amaliyotida mustahkamlanadi.
Maktabda musiqa ta’lim-tarbiyasi inson ma’naviyatini shakllantirish uchun xizmat qiladi. Zero, u eng avvalo musiqiy madaniyatlilik darajasini shakllantirishi bilan ahamiyatli. Madaniyat-ma’naviyat ko’rsatgichi sifatida keng qamrovli tushuncha bo’lib, bahs-munozaraga mavzu bo’ladigan muammolardan biridir. Musiqa madaniyatini to’gri yo’lga ko’yilishi tufayli insonda muayyan musiqiy bilim, tushuncha, malaka va ko’nikmalar shakllanib, ular o’z navbatida shaxsning musiqiy –ma’naviy dunyoqarashini tarkib toptiradi. Shaxsning musiqa madaniyati- qobiliyat, bilim, malaka, ko’nikma, musiqiy asarlarini baholay olish singari sifatlar majmuida namoyon bo’ladi, ma’naviy yuksalish omili bo’lib xizmat qiladi. Shu bois, tarbiyaning ushbu turini tarkib toptirishning eng avvalo oiladan boshlamoq maqsadga muvofiqdir. Keyinchalik bu jarayon o’rta maktab, o’quv-tarbiyaning o’rta maxsus va oliy bosqichlarida takomillashtirib boriladi.
Albatta, maktabda musiqani o’qitish metodikasi fani musiqiy madaniyatni tarkib toptirishda asos bo’lib xizmat qiladi. Mazkur kurs bolalar bilan musiqiy ishlar sohasida o’ziga xos tarixiy ahamiyatga ega ekanligini ham bildiradi. Shu narsa aniqki, mustahkam ilmiy asosga ega, keng amaliyotga qo’llanib, sinab ko’rilgan va shu bilan birgalikda doimo takomillashib boradigan metodikagina samarali hisoblanadi. Demak, musiqani o’qitish metodikasi tor amaliy masalalarni yoritishga qaratilgan u yoki bu aniq o’quv vazifalarni ifodalash bo’yicha tavsiyalarni belgilash bilan chegaralanmaydi. Fanning xususiyatlari va vazifalari uning nomlanishida o’z ifodasini topgandir.
Maktabda musiqa tarbiyasi metodikasi. «Maktabda» atamasi asosida nafaqat yosh avlod haqida fikr borishi ta’kidlanadi, balki umumta’lim maktablarining 7 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan o’quvchilari tushuniladi. Musiqa o’qituvchisi har bir sinf o’quvchilarining o’ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini yaxshi bilmog’i lozim. Fan nomlanishidagi yana bir so’z «musiqa tarbiyasi», ya’ni musiqa vositasidagi tarbiya ham alohida ahamiyatga molik. Musiqachi- pedagogning butun bajariladigan ishi natijasi musiqa san’ati mohiyatini qanday tushunishi, uning xususiyati, mazmuni va tarbiyalovchi imkoniyatlarini anglashi, turli yoshdagi o’quvchilarni ongi hamda hissiyotiga ta’sirini his etishi bilan belgilanadi. Musiqa estetikasi sohasidagi asosiy yo’nalishlar o’qituvchining hamisha diqqat-e’tiborida bo’lishi kerak. Zero, musiqa o’ziga xos mazmun va ifodaga ega. Tasviriy san’at, she’riyat, raqs san’atlari ham hayotni aks ettirishi bilan izohlanadi.
Ma’lumki «metodika»- bu pedagogikaning shunday qismidirki, didaktik printsiplar asosida qanday metod, usul yordamida o’quv-tarbiyaviy jarayon maqsadga muvofiq tarzda amalga oshirilib uning umumiy hamda alohida vazifalari hal etiladi. Masalan, qanday usulda, qaysi yo’l bilan musiqaning tarbiyaviy ta’siriga erishmoq o’quvchilarning qiziqishini uyg’otish, kichik va o’rta sinf o’quvchilarida musiqa tinglashni tashkil etish, o’quvchilarni faol idrok etish malakasiga erishish masalalari hal etiladi. Shuning bilan birga metodika alohida masalalarni ham yoritadi. Masalan, turli o’quvchilar amaliyotida uchraydigan qo’shiq o’rgatish usullari, badiiy ifodali ijro malakalarini tarkib toptirish masalalari va h.k.
Musiqa o’qitish metodikasida tarbiya jarayoni har qanday ijtimoiy faoliyat singari tizimli va ilmiy boshqaruvni talab etishini alohida ta’kidlaydi.
Ta’kidlab o’tilganidek, musiqa o’qitish metodikasi pedagogik fanlar tizimiga kiradi va o’ziga nisbatan mustaqil o’ringa ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |