O'simtalarni sindirish. Kechki qilib yozda ekishgacha saqlangan urug'lik tuganaklar haddan tashqari ko'karib ketadi. Uzun o'simtali tuganaklarni ekish qiyin va bunday urug'liklar hosili ko'pincha kam bo'ladi. Shuning uchun o'simtalar uzunligi 8-12 sm ga etganda 1-2 marta sindiriladi. Oxirgi marta o'simtalarni sindirish ekishga 10-12 kun qolganda o'tkaziladi. Natijada ekilgan tuganaklarning ancha erta va qiyg'os unib chiqishi ta'minlanadi. Bu tadbirga keyingi yillarda alohida qaralib, urug'lik tuganaklar iloji boricha 1-o'simta sindirilmasdan pastki 2-3 sm qoldirilib, kaltartirilib ekiladi yoki umuman o'sib ketishiga yo'l qo'yilmay, salqin shamollab turadigan joylarda 1-2 qavat to'kilib 2-3, hatto 5 santimetrgacha nishlatilib ekilmoqda, chunki tuganak birinchi o'simtasi baquvvat bo'lib keyingilariga nisbatan 15-25% ko'p hosilni ta'minlaydi.
Urug'ni ekishga tayyorlash va ekish. Ekish uchun urug'lik tuganaklarning shakli, rangi va o'simtalarining yo'g'onligiga qarab e'tibor bilan saralash mo'l hosil garovidir. Urug'lik tuganaklarni ekishga tayyorlash vazni 30-80 grammlik tuganaklar butun, yiriklari esa kesib ekiladi. Kesilgan va butun tuganaklar har 3-3,5 tonnasi 100 litr suvga 5-6 kg TMTD yoki Roslin, 2-3 gramm qahrabo kislotasi va 4-5 kg ammofos aralashtirilgan eritmaga ivitilib, so'ngra ekiladi. Kesilgan urug'lik tuganaklarni kul bilan ishlab ekish ham samarali bo'lib, uni chirishdan saqlaydi, hosildorlikka ijobiy ta'sir etadi. Ekish dastlab (20-30 iyunlarda) o'rtapishar, o'rtatezpishar navlar va oxirgi (30 iyun-10 iyul) kunlari tezpishar navlar urug'lik materiallari 10-12 santimetr chuqurlikda, har gektarda 57-70 ming tup, 70x20-25 yoki 90x15-20 santimetr tartiblarda qo'lda yoki maxsus sajalkalar bilan amalga oshiriladi.
.
Parvarishlash. Kechki kartoshka paykallarida 14-18 kun o'tgach, o'simliklar ko'karib chiqadi. Shuning uchun maydonlar o'simlik ko'karguncha 1-2 marta engil (400-500 m3 ) normada sug'oriladi. Natijada har bir gektarda etarli tup soni ta'minlanib, siyraklanib qolishiga yo'l qo'yilmaydi. Kechki kartoshka ham o'sish davrida ikki marta oziqlantiriladi. Birinchi marta unib chiqish boshlanishi bilan birinchi qator orasiga ishlov berish chog'ida mochevina yoki ammoniy selitrasi bilan (200-250 kg), ikkinchi oziqlantirish esa shonalash davrida ikkinchi marta qator orasiga ishlov berishda gektariga 300-350 kilogramm mochevina yoki ammoniy selitrasi bilan amalga oshiriladi. Oxirgi, ya'ni ikkinchi oziqlantirishda kartoshka sug'orish egatlari chuqurligi va o'simlik Bo'g'zining tuproq bilan to'ldirilganligi albatta, hisobga olinishi kerak. Chunki bu tadbir mo'l va sifatli hosil shakllanishiga, begona o'tlar bo'lmasligiga va hosilning kartoshka kuyasi bilan zararlanmasligini ta'minlaydi. Zarur hollarda o'simlik bo'g'zini tuproq bilan to'ldirish qo'lda ketmon yordamida amalga oshiriladi.
Yozda eski (o'tgan yilgi) tuganagi bilan ekilgan kartoshka tuproq namligini dala nam sig'imiga nisbatan 75-85% darajada ushlash uchun 10-12 marta (ekilgandan ko'karguncha 1-2, ko'karishdan g'unchalashgacha ham 1-2, g'unchalashdan pishishgacha 6-7 marta) sug'oriladi.
Sug'orish har 8-14 kunda, gektariga 500-800 m3 hisobida beriladi. Yuqorida bayon etilgan tartibdan tashqari dehqonlar tomonidan tomorqalarda kechki kartoshka katta jo'yakli pushta (Gura)larda ham etishtiriladi. Buning uchun asosiy boshoqli, ertaki ekinlardan bo'shagan erlar o'simlik qoldiqlaridan tozalanadi, so'ngra sug'oriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |