«Маҳалла посбони» нинг вазифаси нимадан иборат?
Fuqarolar yig‘inining “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi ichki ishlar organlari tayanch punktining profilaktika inspektori,fuqarolar yig‘ini raisi, boshqa davlat organlari va jamoatchilik tashkilotlari bilan hamkorlikda quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
tegishli hududda xavfsizlikni va jamoat tartibini saqlash, fuqarolar ogohligini oshirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash;
fuqarolar yig‘inida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, bu borada aholi o‘rtasida profilaktik targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish;
fuqarolarda, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolar yig‘inlarida huquqiy targ‘ibot ishlarini tizimli amalga oshirish;
voyaga yetmaganlar hamda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoiylik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etish;
ichki ishlar organlari hisobida turuvchi voyaga yetmagan hamda yoshlar bilan aniq va maqsadli profilaktik tadbirlarni tashkillashtirish va o‘tkazishda ishtirok etish;
mamlakatimizda qaror topgan tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik natijasida aholi farovonligi ta’minlanayotganligi, bu borada o‘zining faol ishtiroki bilan munosib hissa qo‘shish har bir fuqaroning vatanparvarlik va fuqarolik burchi ekanligini tushuntirish;
fuqarolar yig‘ini hududidagi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlari talablari, umumdavlat hamda hududiy dasturlarda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash va ushbu jarayonda keng jamoatchilik ko‘magini shakllantirish ishlarini tashkil etish va amalga oshirish;
fuqarolar tomonidan pasport tizimi, sanitariya, ekologiya, yong‘in va harakat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, elektrenergiya, tabiiy gaz va ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarda ishtirok etish;
ichkilikbozlik va giyohvandlikka ruju qo‘yganlarni, notinch oilalarni, farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi yoki ular tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydigan ota-onalarni, voyaga yetmaganlarni huquqbuzarliklar sodir etishga undovchi shaxslarni, yoshlar ongini zaharlab, ularni diniy ekstremistik g‘oyalar ta’siriga olish maqsadida bunday tashkilotlarga a’zo bo‘lishga da’vat etuvchi, noqonuniy targ‘ibot va tashviqot ishlari olib boruvchi, o‘smirlarga qonunga xilof ravishda diniy ta’lim beruvchi, mamlakat xavfsizligiga qarshi axborotlarni tarqatuvchi shaxslar yuzasidan ma’lumotlar to‘plash hamda ularga tegishli qonuniy choralar ko‘rish uchun profilaktika inspektoriga ushbu ma’lumotlarni taqdim qilish, ushbu sohada profilaktik-tarbiyaviy ishlarni jadallashtirish;
muqaddam sudlangan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirishda qatnashish;
jismoniy shaxslarning huquqbuzarlik jabrlanuvchisiga aylanishi xavfini kamaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
uzoq muddatga xorijiy davlatlarga ketgan hamda uzoq muddat davomida xorijiy davlatda bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasiga qaytgan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ish bilan ta’minlash, ta’lim muassasalariga qaytarish maqsadida hisobini yuritishda qatnashish;
tabiiy ofatlar, ommaviy tartibbuzarliklar va boshqa favqulodda vaziyatlarda jamoat tartibini saqlash, favqulodda vaziyat xavfi tug‘ilganda aholini o‘z vaqtida xabardor qilish, aholi o‘rtasida bunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishni targ‘ib etish va ushbu holatlarni bartaraf etishda ko‘maklashish;
ish faoliyatida asosan tungi vaqtlarda hududlardagi jamoat joylari, mahalla ko‘chalari, qarovsiz joylarda navbatchilik asosida jamoatchilik nazoratini olib borish.
“Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasining rahbari va a’zolari qonun hujjatlariga muvofiq davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlik qiladilar.
Quyidagilar “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasining rahbari va a’zolarining majburiyatlari hisoblanadi:
fuqarolar bilan muloqotda vazmin va xushmuomala bo‘lish;
shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash qoidalariga rioya etish;
o‘zining ijtimoiy-siyosiy, huquqiy bilimlarini oshirib borish;
jinoyat va huquqbuzarliklar yoki baxtsiz hodisalar sodir etilganda bu haqda zudlik bilan Jamoatchilik tuzilmasi rahbariga, ichki ishlar organlariga va boshqa tegishli tashkilotlarga xabar berish, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari kelgunga qadar jinoyat sodir etilgan joylarga boshqa shaxslarning kirmasligi, jinoyat izlari va jinoyatga aloqador bo‘lgan barcha ashyoviy dalillarning yo‘qolmasligi choralarini ko‘rish;
huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga ushbu Nizomda ko‘rsatilgan vazifalarni bajarishda ko‘maklashish va ularning qonuniy talablarini bajarish.
“Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari va a’zolariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |