Bog'liq 8057ef32de526df47292716c72635b17 bolalar orginal
4-bob. Tutingan oilalar va undagi bolalarni kuzatib borish hamda nazorat qilish 14. Tutingan oilaga tarbiya uchun berilgan bolalarning huquqlari
va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, uning turmush sharoitlari
va tarbiyalanishini nazorat qilish bolaning yashash joyidagi vasiylik
va homiylik organi tomonidan olib boriladi. 15. Bolaning tarbiyalash uchun oilaga berilishini rasmiylashtirgan
(yoki farzandlikka berilishida ishtirok etgan) vasiylik va homiylik organi tegishli qaror qabul qiluvchi hujjat chiqqandan keyin 7 kun muddatda tutingan
ota-onalarga oilaga qabul qilingan bolaning yashash sharoitlari va tarbiyalanishi ustidan nazoratni, tegishli kuzatuv choralarini amalga oshirishi uchun tegishli axborotni hamda ishga taalluqli barcha hujjatlar yig’ma jildini yuborishi shart. 16. Tutingan oila faoliyatini kuzatib, nazorat qilib borish maqsadida oila joylashgan hududdagi vasiylik va homiylik organi rejali va rejadan tashqari tarzda bolaning turmush sharoitini, tutingan ota-onalar tomonidan bolaning huquq va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi, shuningdek ular tomonidan o’z huquqlarining amalga oshirilishi va majburiyatlarining bajarish holati nazorat qilinib, monitoringi amalga oshiriladi. Rejali tekshiruv ishlari boshqa vakolatli organlar (ilgari bola tarbiyalangan va bolani oilaga bergan yetim bola va ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalar uchun davlat ta’lim, davolash-sog’lomlashtirish muassasasi, bola tahsil olayotgan ta’lim muassasasi, sog’liqni saqlash bo’limi yoki boshqa vakolatli organlar) tomonidan amalga oshirilishi mumkin. 17. Tutingan oilani rejali kuzatish va nazorat qilish oila xonadoniga tashrif buyurish shaklida quyidagicha amalga oshiriladi: oilaga berish haqida qonun bilan o’rnatilgan tartibda hujjat qabul qilingan kundan so’ng bola oilaga berilgach bir oy davomida 1 marotaba; oilaga berish haqida qonun bilan o’rnatilgan tartibda hujjat qabul qilingandan so’ng dastlabki birinchi yilida har uch oyda bir marotaba; oilaga berish haqida qonun bilan o’rnatilgan tartibda hujjat qabul qilingandan so’nggi ikkinchi yilida kamida ikki marotaba (har 6 oyda
1 marotaba). Bola oilaga farzandlikka berilgan taqdirda farzandlikka berish haqidagi sud qarori qabul qilingan dastlabki 3 yil mobaynida har yili o’tkaziladi. 3 yil o’tgandan keyin kuzatish va nazorat qilish zarurligi vasiylik va homiylik organi tomonidan farzandlikka oluvchi (lar) oilasida shakllanayotgan aniq vaziyatga muvofiq yakka tartibda belgilanadi. Farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini kuzatish va nazorat qilish bolaga nisbatan sir saqlangan holda o’tkaziladi. 18. Bola oilaviy bolalar uyiga joylashtirilganda vasiylik va homiylik organi joylashtirilgan har bir bolaning tinch-xotirjamligi, sog’lig’i va kamol topishi, uning xuquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini har oyda nazorat qiladilar. 19.Rejali va rejadan tashqari kuzatish va nazorat qilish amalga oshirilishida oilaga berilgan bolaning yashashi uchun ta’minlangan
maishiy-xo’jalik sharoitlar, uning oila muhitiga va oila a’zolarining bola xulqi va xarakteriga moslashganligi, bola tarbiyasi, ta’limi va aqliy rivojlanishi, sog’lig’i, tashqi ko’rinishi, gigiyenaga rioya qilinishi, bolaning xulqi, emosional hamda jismoniy rivojlanishi, uning individual qiziqish va qobiliyatlarining qo’llab-quvvatlanishi, oila a’zolarining o’zaro munosabatlari, oila va ijtimoiy muhitning bolani rivojlanishga bo’lgan ehtiyojlari qondirilishidagi imkoniyatlari majmuaviy baholash tarzida o’rganiladi. Shuningdek bolaning mulkiy va nomulkiy huquqlari ta’minlanganligiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Kuzatish va nazorat qilish ishlari “Oilada tarbiyalanayotgan bolalar uchun yaratilgan sharoitlar sifatini baholash minimal standartlari” asosida amalga oshiriladi. Kuzatish va nazorat qilish natijalari bo’yicha oilani borib ko’rgan vasiylik va homiylik organi oilaga qabul qilingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishi to’g’risida majmuaviy baholashga asoslangan hisobot aks etgan dalolatnomani tuzadi. Dalolatnomada bolaning sog’lig’i va tashqi ko’rinishi, o’qishi, uning ruhiy va xulq-atvor jihatdan kamol topishi, o’ziga o’zi xizmat ko’rsatish ko’nikmalarining rivojlanganligi, oiladagi o’zaro munosabatlar to’g’risidagi ma’lumotlar, bolaning huquq va qonuniy manfaatlari ta’minlanishi holati va tegishli xulosa, shuningdek tutingan ota-onalarning belgilangan majburiyatlarni bajarishlari bilan bog’liq muammo va qiyinchiliklar hamda ularni bartaraf etish bo’yicha tavsiyalar aks ettirilishi kerak. 20. Kuzatish va nazorat qilish davomida bolaning tarbiyasi yoki rivojlanishi, huquqlari ta’minlanishi bilan bog’liq aniqlangan muammo va qiyinchiliklarni bartaraf etishga ko’maklashish maqsadida vasiylik va homiylik organi tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari hamda boshqa vakolatli muassasalar mutaxassislarini jalb etgan holda muammoni bartaraf etishga qaratilgan konsultativ, psixologik-pedagogik, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa ijtimoiy xizmatlar tashkil etilishini ta’minlaydi. 21. Yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan tutingan ota-onalar qaramog’idagi bolani tarbiyalash, parvarishini ta’minlash bilan bog’liq majburiyatlarini yetarli darajada bajarmayotganligi yohud bola huquq va qonuniy manfaatlarining buzilishi haqidagi og’zaki yoki yozma murojaatlari kelib tushgan holda vasiylik va homiylik organi rejadan tashqari nazoratli tekshiruvni amalga oshirishga haqli. Rejadan tashqari nazoratli tekshiruv vasiylik va homiylik
(va boshqa manfaatdorlar ishtirokida) organi tomonidan amalga oshirilib, majmuaviy o’rganish natijalari asosida dalolatnoma tuziladi. 22. Tutingan oila va bolaning yashash manzili o’zgargan holda tutingan oilaning yangi manzili joylashgan hududdagi vasiylik va homiylik organi oila va bolaga tegishli shaxsiy hujjatlar jildini qabul qilgan kunidan 7 kun davomida rejadan tashqari nazoratli tekshiruvni amalga oshirishi shart. 23. O’zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiyatlar bajarilmaganligi, tutingan ota-onalar tomonidan voyaga yetmaganning huquq va qonuniy manfaatlari ta’minlanmaganligi bilan bog’liq dalillar aniqlangan taqdirda tutingan oilaning yashash sharoitlari va bola tarbiyasi holatini o’rganish yuzasidan dalolatnomada quyidagilar qo’shimcha aks ettiriladi: aniqlangan qonun buzilishlari ro’yxati va ularni bartaraf etish yuzasidan reja hamda muhlat; tutingan ota-onalarga bolaning yashashi va rivojlanishi uchun zarur bo’lgan sharoitni yaxshilash hamda yuklatilgan majburiyatlarni bajarish yuzasidan tavsiyalar; O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan majburiyatlarning yetarli darajada bajarilmaganligi yoki umuman bajarilmaganligi sababli tutingan ota-onalarni javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar (zaruriyatda). 24. Tutingan oilaning turmush sharoitlari va bola tarbiyasi holatini o’rganish dalolatnomasi nazoratli tekshiruv amalga oshirilgan kundan boshlab
5 kun ichida rasmiylashtiriladi, o’rganishda ishtirok etgan tomonlar hamda vasiylik va homiylik organi tomonidan imzolanadi va tuman (shahar) xalq ta’limi bo’limi mudiri tomonidan tasdiqlanadi. Dalolatnoma kamida 2 nusxada rasmiylashtiriladi, 1 ta nusxasi vasiylik va homiylik organida, ikkinchisi tutingan ota-onada hamda boshqa vakolatli shaxslarda saqlanadi. 25. Tutingan oilaning turmush sharoitlari va bola tarbiyasi holatini o’rganish dalolatnomasi qat’iy nazoratdagi hujjat bo’lib bolaning shaxsiy hujjatlari jildida saqlanadi. 26. Tutingan ota-onalar tomonidan harakatlar O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan talablarga zid ravishda amalga oshirilayotgan taqdirda, yohud uning harakatlari bolaning sog’lig’i, jismoniy, psixologik, ahloqiy rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazayotgan bo’lsa, shuningdek nazoratli tekshiruv mobaynida aniqlangan kamchiliklarni bolani oiladan ajratib olmay hal qilib bo’lmasligi ma’lum bo’lganda vasiylik va homiylik organi tekshiruv o’tkazilgandan so’ng uch kun ichida: tutingan ota-onalarni belgilangan majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirish hamda bolani tutingan oiladan olish haqida qaror qabul qiladi; bolani tutingan oiladan olish va uni vaqtincha joylashtirish choralarini ko’radi; bolani boshqa tutingan oilaga yoki yetim bola va ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalar uchun tarbiya va davolash-sog’lomlashtirish muassasasiga joylashtirish yuzasidan qaror qabul qiladi. 27. Bolaning hayoti va sog’lig’iga jiddiy xavf mavjud bo’lgan taqdirda vasiylik va homiylik organi O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi bilan o’rnatilgan tartibda bolani zudlik bilan tutingan oiladan olishga haqli.