Shaxsiy mas’uliyat vatanparvarlik tuyg’usining asosiy omili sifatida
Shaxsning millat oldidagi mas’uliyati: “Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon!” deb hayqirgan edi ichi kuyib ketgan shoir xalqimiz majburiy manqurtlashtirilgan bir davrda. Elat millat bo‘lishi uchun, mavhum qiyofali “olomon” asl ma’nodagi “xalq”qa (“budun”ga) aylanishi uchun, avvalo ushbu mamlakatning har bir fuqarosi Shaxsga, mustaqil ma’naviyat egasiga aylanishi kerak. Vatansiz Shaxs bo‘lmaganidek, inson Shaxs bo‘lib еtishmaguncha, elat millatga, olomon xalqqa aylanmaydi. Shu sababli millat haqida gapirishdan avval Shaxs kim degan savolga dastlabki javoblarni izlash zarur bo‘ldi.
Ma’naviyat inson ruhidagi Borliq haqiqati bilan uyg‘unlik ekan, demak, birgina Shaxs millat haqida o‘ylay boshlasa – millatning shakllana boshlagani shudir. Bilka xoqon, Kulteginlar ruhidan nimalar kechgani bugun bizga Yo‘llug‘ tigin toshga bitib qoldirgan yozuvlardan ma’lum. Millatning ulug‘ shoiri “turk buduni”ning taqdiri haqida dildan kuyunib, avlodlarga vasiyat qoldirgani millatning o‘sha davrlardan shakllanganligining ishonchli dalili emasmi?
Shaxs va millat ma’naviyati biri birini taqozo etuvchi hodisalar. Har bir shaxs “o‘zini xalqining bir zarrasi deb sezgandagina, u haqda o‘ylab, mehnat qilib yashagandagina ma’naviyat bilan tutashadi”, deydi Prezident.10 Boshqacha qilib aytganda, shaxs ma’naviyati voqelikda millat ma’naviyatidan ayru, undan tashqarida bo‘lmaydi. Har bir alohida shaxs o‘z mustaqil ma’naviy dunyosiga ega, millat ma’naviyati esa, mutlaq ma’noda ushbu millatga mansub barcha shaxslar ma’naviyati asosida asrlar, balki ming yillar davomida shakllanib boradi. Shu bilan birga, voqean har bir shaxs ma’naviyatining shakllanuvida millat ma’naviyatining ta’siri еtakchi mavqe egallaydi. Millat o‘z ma’naviy boyligini qancha unutsa, kelayotgan avlod shu darajada manqurtlashadi, o‘zligini tanimaydigan darajaga keladi. Milliy ma’naviyatning kelajak avlodlarga to‘laqonli, mukammal еtkazilishi uchun bosh omil millatning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligidir. Millatning yo‘lboshchilari - uning siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy sohadagi еtakchilari ruhiyatida uyg‘un barkamollik, Vatan va xalq oldidagi mas’uliyat hissi qay darajada ekanligi ham ko‘p narsani belgilaydi. Millatning o‘zligini tanishi uning umumbashariy miqyosda o‘z o‘rnini, maqom va mavqeini, burch va mas’uliyatini qanchalik anglab еtishi bilan bog‘liq. Har bir shaxsning, elat va millatning Haq oldida mas’uliyati bordir, umumbashariy miqyosda vazifasi va maqomi mavjuddir. Millat o‘zligini anglab еtmagan bo‘lsa, u hali millat emas, ma’naviy tanazzulga yuz tutsa, millat sifatida o‘zligini boy bera boshlaydi.
Ma’naviyat dunyosida yaratuvchilik uchun erk lozim. Qullikdan, qaramlikdan ozod bo‘lish ruh erkinligidan boshlanadi. Ruh erkinligi esa o‘zlikni anglashdan kelib chiqadi. Inson tom ma’nosi bilan shaxs atalmog‘i uchun mustaqil ma’naviyatga, ya’ni o‘zi erkin belgilab olgan mustaqil kamolot yo‘liga ega bo‘lmog‘i kerak. Ammo shu bilan birga dunyoda hech bir inson yolg‘iz o‘zi mavjud emasligi ham haqiqat. U tabiat bilan, o‘zga insonlar bilan, Borliq haqiqati bilan cheksiz bog‘lanuvchi halqalar orqali tutash. Shu sababli shaxs mustaqilligi va erkinligini burch bilan uyg‘unlashtirmay, har qanday mutlaqlashtirishga urinish gumrohlikka olib boruvchi yo‘ldir.
Har bir insonning tabiatda ham, jamiyatda ham o‘z muayyan o‘rni, shunga yarasha vazifasi bor. Faqat insonga ularni tanlashda ma’lum erkinlik berilgan. Iroda erkinligi ana shu o‘z yo‘lini o‘zi tanlay olish va o‘z ma’naviy dunyosini mustaqil yarata bilish imkonida namoyon bo‘ladi.
Har bir insonning mustaqil ma’naviy dunyosi nisbiy tushunchadir. U har bir oilaning o‘z yashash joyi, xonadoni yoki qo‘rg‘oni bo‘lgani kabidir. Bu qo‘rg‘on ichida ham hamma joydagi kabi havo, suv, insonlar, еmish va jihozlar mavjud. Ammo ularning joylashuvi, taomning tayyorlanishi, o‘zaro munosabat va boshqalarda o‘ziga xoslik, boshqa xonadonlarga o‘xshamagan joylari bor. Bir xonadonda oddiyroq, odmiroq jihozlar ko‘rsangiz, boshqasida sifatliroq, noyobroq yoki g‘aroyibrok jihozga ko‘zingiz tushadi.
Xonadon va qo‘rg‘onlar mahalla va mavzelarni, ular o‘z navbatida katta bir shaharni tashkil qilganidek, turli shaxslar ma’naviyati o‘zaro uyushib muayyan toifalar ma’naviyatini, bular oxir borib millat ma’naviy dunyosini tashkil etadi.
Davlat va millat tushunchalari bir-biri bilan bog‘liq. Buni hamma biladi. Ammo hech bir davlatda yagona millat yashamaydi. Shu sababli davlat va millatning o‘zaro bog‘liqligi doimiy nisbiydir. Shu nisbiylikda davlat mustaqilligi ko‘proq iqtisodiy omil bilan, millat mustaqilligi ma’naviy omil bilan tutashdir. Mustaqil ma’naviyat millat mustaqilligini, mustaqil iqtisod esa davlat mustaqilligini ta’min etuvchi kuchdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |