Abbreviatsiya usuli (so’zlarni qisqartirish) rus tilidan qabul qilingan: Tosh MI, MDH, BMT. Qisqartirib yangi so’z hosil qilishning bir necha ko’rinishlari bor: bosh harflarni qisqartirib olish (AQSh); birinchi so’zning dastlabki bo’g’ini va keyingi so’zlarning bosh harfini olish (SamDU) kabi.
MORFEMIKA
Morfemika-so’zning ma’noli qismlari haqidagi ta’limot. Morfemika-morfemalar haqidagi bo’lim. So’zning ma’noli qismlari morfemalar deyiladi. Morfema so’zning bo’linmas, eng kichik ma’noli qismidir. Morfemalar ikki xil bo’ladi: o’zak morfema va affiksal morfema.
1. O’zak morfema: so’zda albatta ishtirok etadigan, leksik (lug’aviy) ma’no ifodalay oladigan morfemadir. O’zak morfema so’z yasalishi uchun ham, shakl (forma) yasalishi uchun ham asos bo’ladi: gulchilarimizni: o’zak morfema-gul
2. Affiksal morfema: (qo’shimcha morfema) mustaqil leksik (lug’aviy) ma’no ifodalay olmaydigan, so’zning leksik yoki grammatik ma’nolari shakllanishida xizmat qiladigan morfemadir. Affiksal morfema so’z tarkibida hamma vaqt ham ishtirok etavermaydi. Affiksal morfemalar (qo’shimchalar) vazifasiga ko’ra 3 xil bo’ladi:
1. So’z yasovchi affikslar yangi so’z hosil qiladi, so’zning leksik (lug’aviy) ma’nosi shakllanishida ishtirok etadi. Ot, sifat, fe’l, ravish yasovchi barcha affikslar so’z yasovchi hisoblanadi: gulla
2. So’z shaklini hosil qiluvchi (forma yasovchi) affikslar so’z ma’nosiga ta’sir etib, uni bir oz o’zgartiradigan, ammo yangi so’z hosil qilmaydigan qo’shimchalardir. Sonlardagi -ta, -tacha, otlardagi kichraytish-erkalash qo’shimchalari (-cha, -jon, -xon, -loq...); qarashlilikni bildiruvchi qo’shimcha (-niki); -dek, -day qo’shimchalari, ko’plik qo’shimchasi (-lar), fe’l nisbatlari, fe’l mayllari qo’shimchalari, sifat darajalari qo’shimchalari shakl yasovchi hisoblanadi.
3. So’z o’zgartiruvchi qo’shimchalar so’zning ma’nosiga umuman ta’sir etmaydi. So’z o’zgartiruvchi qo’shimchalar sintaktik munosabat (so’zlarni o’zaro biriktirish) uchun xizmat qiladi.So’z o’zgartiruvchi qo’shimchalarga kelishik, egalik, shaxs-son qo’shimchalari kiradi.
Ba’zi adabiyotlarda qo’shimchalarning vazifasiga ko’ra turlari ikki xil deb ko’rsatiladi. Bunda so’z o’zgartiruvchi qo’shimchalar shakl yasovchi qo’shimchalar guruhida beriladi.
Qo’shimchalar tuzilishiga ko’ra sodda va murakkab (qo’shma) bo’ladi.
1. Sodda affikslar: -chi,-la,-lik,-lar...
2. Murakkab (qo’shma) affikslar:-chilik,-garchilik,-lan,-lash, larcha: yo’qchilik, yog’ingarchilik, otlan, salomlash, o’rtoqlarcha.
Quloqchin, yuksal, yuksak, qattiq, kunda,chindan so’zlari ma’noli qismlarga ajralmaydi.
Demak, o’zak va qo’shimchalar so’zning ma’noli qismlari hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |