rejalashtiruvchi – investitsiya strategiyasi va siyosatini ishlab chiqishni amalga oshirishdagi boshqaruv jarayoni stadiyasi. Investitsiya strategiyasi xo’jalik sub’ektining ishlab chiqarish-xo’jalik faoliyati siyosati bilan bevosita bog’liqdir va uning barqarorligi va joriy va istiqbolli davrdagi ishonchliginini ta’minlashga yo’naltirilgan;
tashkiliy – ishlab chiqilgan investitsiya strategiyasi va siyosatini amalga oshirish uchun moliyaviy resurslarga bo’lgan talab, o’zlik va jalb etilgan mablag’lar nisbatini, mablag’larni jalb etish shakllarini aniqlashni talab etadi. Strategik investorlarni, birmuncha foydali investitsiya loyihalarini va portfellarni, investitsiya jarayonining maqsadga muvofiq boshqarilishini tashkil jtish algoritmini izlab topish muhim hisoblanadi;
muvofiqlashtiruvchi – investitsiya faoliyatidan samarali natijani olish uchun investitsiya jarayonining har bir bosqichida monitoring va investitsiya siyosatida ko’zda tutilgan maqsad va vazifalarga erishishga yo’naltirilgan barcha harakat va chora-tadbirlarni amalga oshirish, investitsiya bozoridagi kon’yunktura o’zgarishi bilan bog’liq qabul qilingan qarorlarni moslashtirish zarur hisoblanadi.
Investitsiya menejmenti quyidagi vazifalarni bajarishga qaratilgan bo’ladi:
xo’jalik sub’ektining ishlab chiqarish salohiyati va iqtisodiy o’sishini ta’minlashga;
investitsiya loyihasi, ob’ektining daromadliligini maksimallashtirish;
investitsiya faoliyati, loyihasi risklarini minimallashtirish;
investitsiya ob’ekti, loyihasining risk va daromadliligini hisobga olgan holda tahlil qilish, tanlash va baholash (yana bir bor).
Shunga ko’ra, investitsiya menejmentining maqsadi ko’proq foyda (daromad) keltiruvchi va kamroq riskka ega bo’lgan investitsiyalarni, investitsiya loyihalarini tanlashdan iboratdir. Investitsiya menejmentining o’zi – bu bir san’atdir. Uning ahamiyati shunda namoyon bo’ladiki, u sabab investorda boshqa investorlarga nisbatan ko’proq daromad olish va nisbatan kamroq riskka duchor bo’lishga imkon beruvchi investitsiya ob’ektlari, loyihalarini izlab topish va tanlash imkoniyati yaratiladi va o’z maqsadi va ustunligiga erishadi.
Loyihalarni boshqarish amaliy va sintetik fan hisobanadi. Loyihalarni boshqarishning alohida fan sifatida yuzaga kelishi loyihalarni boshqarishga bo’lgan talab va boshqarish usullarini ishlab chiqish va tanlashga bo’lgan zaruriyatning ortishi bilan bevosita bog’liq hisoblanadi. Bu, ayniqsa, 1970-yillarda G’arb mamlakatlaridagi yirik kompaniyalarning aksariyat qismida faoliyat sohalarining kengayishi va murakkablashib borishi, raqobat sharoitlarining kuchayishi sabab loyihalarni boshqarish usullarining rivojlanishi va keng foydalanilishiga katta ta’sir ko’rsatdi. Mazkur jarayonning faollashuvi axborotlarni qayta ishlashning kompyuterlashtirilgan tizimini keng joriy etish imkonini keltirib chiqardi va buni quyidagi 1.1-jadval orqali ham ko’rish mumkin.
Loyihalarni boshqarish loyihaning mohiyatiga ko’ra amal qilinishi maqsadga muvofiq sanaladi. Bunda loyihaning quyidagi alohida belgilariga e’tiborni qaratish muhimdir:
- bir qator texnik, iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy va boshqa talablarning bir vaqtning o’zida bajarilishi bilan erishilishi zarur bo’lgan aniq maqsadlar;
- loyihani amalga oshirish jarayonida muvofiqlashtirilishi talab etiluvchi vazifalar, operatsiyalar va resurslarning tashqi va ichki o’zaro bog’liqligi;
- loyihaning boshlanish va yakunlanish muddatini aniqlash;
- resurslarning cheklanganligi;
- loyiha maqsadlarining betakrorlik darajasi va amalga oshirilish shartsharoitlarini aniqlash;
- turli xil kelishmovchiliklardan qocha bilmaslik.
Iqtisodiyot transformatsiyasi va xalqaro integratsiyalashuvi, iqtisodiyotda tarkibiy va tuzilmaviy o’zgarishlar tobora kuchayib borgan sari yangi xo’jalik sub’ektlarining paydo bo’lishi, ularning va mavjudlarining kuchli raqobat va turli omillari ta’siri yuqori bo’lgan sharoitda yashab qolishi va rivojlanishi tobora murakkablashib boraveradi. Bu holat investitsiya loyihalarini boshqarishga nisbatan bo’lgan talab va mas’uliyatni ham yanada oshirishga olib keladi, o’z navbatida, yangidan-yangi usullarning paydo bo’lishiga ham sabab bo’ladi.
Ta’sir etishi kuchaygan omillar qatorida quyidagilarni keltirish mumkin:
Buyurtmachilarning talablar va ularning mas’uliyati oshishi.
Loyihalarning yakuniy mahsulotlarining xususiy murakkabligi.
Loyihalarning tashqi atrof bilan o’zaro bog’liqligi va o’zaro ta’siri (iqtisodiy, siyosiy, ekologik, ijtimoiy, madaniy muhit).
Risk va noaniqlik darajasi.
Tashkiliy qayta qurish.
Texnologiyalar almashuvi chastotasi.
Rejalashtirish va narxni shakllantirishdagi xatoliklar va boshqalar.
Yuqoridagi omillarning ta’siri loyihalarning bajarilish muddati buzilishiga, ortiqcha mablag’lar sarfiga, talablarning bajarilmasligiga, oxir-oqibat, foydaning kamayishi va zararlarning ko’payishiga olib keladi. Bunga misol qilib, Sidneydagi opera binosi qurilishini keltirish mumkin. Bunda mazkur bino qurilishi xarajatlari boshlang’ich stema qiymatiga nisbatan 16 martaga oshib ketishi yuz bergan. Amaliyotda minglab loyihalarning rejalashtirilgan xarajatlar va muddatlari bo’yicha buzilishi natijalari va sabablari yuzasidan ko’plab tadqiqotlar olib borilgan. Bunga quyidagi jadvalda keltirilgan tadqiqotlar natijalarini misol qilib keltirish mumkin.
Loyihada ko’zlangan maqsadlarga erishilmaslik va unga sabab bo’lgan omillar ta’siri oqibatini bartaraf etishda, odatda, an’anaviy usullardan, jumladan, rahbariyatni almashtirish, buyruqbozlikni kuchaytirish asosida boshqaruvni yo’lga qo’yish kabi usullardan foydalanilganlik holatlari amaliyotdan bizga ma’lum. Biroq, bunday boshqaruv usullari loyihalarning samarali amalga oshirilishi, yakunlanishida maqbul usullardan emasligi amalda o’z isbotini ko’rsatdi. Shu sababdan loyihalarni boshqarishda yangicha, loyiha samaradorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi oldindan tanlangan, o’z ustuvorligiga ega usullardan foydalanishga bo’lgan talab orta bordi.
Umuman olganda, investitsiya loyihalarini boshqarishning zarurligi va uni qo’llashning dolzarbligini quyidagi sabablar bilan izohlash mumkin:
Investitsiya loyihalarini boshqarish usullarining paydo bo’lish sabablari:
- loyiha tushunchasi;
- jamiyatda, korxona va tashkilotlarda faoliyatning loyihaviy shakllari kengayishi;
- hajmi, tuzilishi, qiymati, vaqti, atrof-muhit va jamiyatga ta’siri, risklarning ortishi bo’yicha investitsiya loyihalarining murakkablashishi;
- an’anaviy tashkiliy shakllarning qanoatlantirmasligi; - turli kelishmovchilik va muammolar sonining ortishi;
- samarasiz, omadsiz loyihalarning qo’llanilish holatlari.
Investitsiya loyihalarini boshqarishni qo’llashning dolzarblik kasb etishi va uning ortib borishi.
Investitsiya loyihalarini boshqarishning muqobillari yuzaga kelishi.
Investitsiya loyihalarini boshqarishning mohiyatini o’rganishga bo’lgan talabning ortib borishi:
- maqsadning natijaga qaratilganligi. Huquq va majburiyatlarning
Ravshanlashib borishi;
- matritsali tashkil etish;
- kelishmovchilik va muammolardan ogohlantirish;
- investitsiya loyihalarini boshqarishni omadli qo’llashga misollarning mavjudligi.
Shunga muvofiq, investitsiya loyihalarini boshqarish usullari quyidagilarni ta’minlashi lozimligi muhim hisoblanadi:
- loyiha maqsadini aniqlash va uning asoslanishini amalga oshirish;
- loyihaning tarkibiy tuzilishini aniqlash (maqsad yo’nalishlari, bajariladigan ishlarning asosiy bosqichlari);
- loyihani moliyalashtirishning zaruriy hajmi va manbalarini aniqlash;
- ijrochilarni aniqlash, jumladan, konkurs va tender jarayonlari orqali aniqlash;
- shartnomalarni tayyorlash va rasmiylashtirish;
- loyihani bajarish muddatini aniqlash, uni amalga oshirish garfigini ishlab chiqish, zaruriy resurslarni hisoblab chiqish;
- loyiha smetasi va kapital byudjetini hisoblab chiqish;
- risklarni rejalashtirish va hisoblash;
- loyihaning bajarilishi ustidan muntazam nazoratni ta’minlash va boshqa ishlar.
Yuqoridagilarga asoslanib, investitsiya loyihalarini boshqarishning quyidagi mazmunini keltirib o’rinlidir: “investitsiya loyihalarini boshqarish – bu investitsiya loyihasida belgilangan natijalarga bajariladigan ishlar tarkibi, hajmi, qiymati, sifati va loyiha ishtirokchilari manfaatlari ta’minlanishi bo’yicha erishish uchun boshqaruvning zamonaviy usullari, texnika va texnologiyasidan foydalanish yo’li bilan loyiha maqsadlariga samarali erishishga yo’naltirilgan loyiha tsikli oralig’ida mehnat, moliyaviy va moddiy-texnikaviy resurslarni rejalashtirish, tashkil etish, boshqarish va muvofiqlashtirish san’ati.
Qisqacha qilib aytganda, investitsiya loyihalarini boshqarish – bu investitsiya loyiha bo’yicha kapital qiymatini saqlash va uni ko’paytirishga qaratilgan samarali tadbirlar tizimi.
Investitsiya loyihalarini boshqarishda asosiy vazifani bajaruvchi investitsion menejerning asosiy funktsiyalari quyidagilardan iborat bo’ladi:
- xo’jalik sub’ektining investitsiya faoliyatini ta’minlash;
- investitsiya strategiyasi va taktikasini belgilab olish, aniqlash va tanlash;
- investitsiya loyihasi biznes-rejasini tuzish;
- risklarni pasaytirish va turli qo’yilmalar daromadliligini oshirish;
- investitsiya maqsadlariga muvofiq holda xo’jalik sub’ektining moliyaviy holatini baholash;
- investitsion qimmatli qog’ozlarning miqdori va sifatini aniqlash;
- investitsion portfelni optimallashtirishga erishish;
- investitsion portfelning to’g’riligini ta’minlash;
- aniq loyihlarning investitsion jozibadorligini baholash va tanlash olishni prognozash;
- investitsiya loyihalari samaradorligini baholashni amalga oshirish;
- aniq investitsiya loyihasining rejalashtirilishi va operativ boshqarilishini amalga oshirish;
- investitsiya jarayoni muvofiqligini ta’minlash.
Bu esa, o’z navbatida, investitsion menejerning o’ta tajribali, yuqori malakali, kuchli bilimga ega mutaxassis bo’lishini talab etadi. Shunga ko’ra, u investitsiya menejmenti nazariyasi, buxgalteriya hisobi, mikro va makroiqtisodiyot, texnik va fundamental tahlillar tamoyillari, matematik modellashtirish, asosiy qonunchilik va me’yoriy hujjatlar, shu jumladan, soliqqa tortishga oid qonunchilikni juda yaxshi bilishi lozimdir. Bu menejer loyihaga taalluqli axborotlarni izlab topish, to’plash, guruhlash, ularni tahlil qilish va shu asosda biznes-reja tuzish tajribasi va amaliyotiga ham ega bo’lishi zarur.
Investitsiya loyihalarini boshqarishning zarurligi quyidagilarga asoslanadi:
Moliyaviy nobarqarorlik sharoitida loyiha bo’yicha investitsiyalashning amalga oshirilishi uning samaradorligini pasaytirib yuborish xavfini kuchaytiradi. Bu esa, loyihadan kutiladigan samarani ta’minlashda uni boshqarishga bo’lgan ehtiyojni kuchaytiradi.
Loyiha samaradorligi uni baholashning bir qancha zamonaviy usullarini qo’llash asosida aniqlanadi. Bu loyiha boshqaruvida muhim o’rin egallaydi va uning natijalariga asolanib loyiha rahbari, ta’sischilar, investorlar va boshqa ishtirokchilarda loyihaga tegishli o’zgartirishlar kiritish yoki, pirovardida, undan o’z vaqtida voz kechish yuzasidan qarorlar qabul qilish imkoniyatini tug’diradi.
(debitorlik va kreditorlik qarzdorliklarning oshib ketishi, xom ashyo va materiallar bahosidagi o’zgarishlar, aylanma kapital etishmovchiligi, xaridorlar moliyaviy ahvolining yomonlashishi kabilar)
Investitsiya loyihalarini boshqarish vaqt jarayoni bilan amalga oshiriladi. Bu, o’z navbatida, vaqtning loyiha natijalariga ta’sirini maqbullashtirishda muhim o’rin egallaydi. Pulning vaqt mobaynida o’z qiymatini yo’qotib borishi investitsiya jarayonida kapitalning investor loyihadan kutgan samarani hosil qilishini ta’minlash yo’lida to’g’ri va optimal ishlatilishini ta’minlash zaruriyatini keltirib chiqaradi va oshiradi.
Investitsiyalash bo’sh pul mablag’larini jalb qilish evaziga yuz beradi (foydalanishdagi kapitalni bir vaqtning o’zida boshqa investitsiya maqsadlarida ishlatib bo’lmaydi, jumladan, uchinchi shaxs kafolatidagi mulkni ham). Harakatda bo’lmagan pul resurslari o’z qiymatini yo’qotib boraveradi. Bu yo’qotish aniq maqsadga ega bo’lmagan va samarasi tahlil qilinmagan investitsiyalashda ko’proq yuz beradi. Biroq, turli omillar ta’siri sharoitida vaqt o’tishi bilan puxta ishlab chiqilgan investitsiya loyihasiga yo’naltirilgan investitsiyalashda ham kapital qiymati o’zgarishi yoki o’zgarishsiz qolishi mumkin.
Loyihani amalga oshirishning yakuniy natijasiga ta’sir ko’rsatuvchi muhim omillardan biri inflyatsiya hisoblanadi. Bu, o’z navbatida, foiz stavkasining surunkali o’zgarib borishi, valyuta kursining o’zgarishi, talab va taklifning o’zgarishi, qonunchilikdagi nobarqarorlik (depozit va kreditlar bo’yicha foiz stavkalari, majburiy zaxira, qayta moliyalashtirish stavkasi, valyuta siyosati, bojxona siyosati (ichki bozorni ixotalash) va sh.k.) kabilar natijasida yuzaga keladi.
Turli noaniqliklarning mavjudligi va ta’siri sabab. Noaniqlik omillarini hisobga olgan holda investitsiya loyihalarini, jarayonlarini samarali boshqarishning zamonaviy tamoyillari, mexanizmlari va usullarini bilish hamda ulardan optimal foydalanish iqtisodiyot, iqtisodiy tizimning iqtisodiyo rivojlanishning yangi sifatiga o’tish imkonini beradi.
Har qanday loyihaning kuchli va ojiz tomonlari bo’lishini hisobga olgan holda ularnin moliyaviy tahlil qilish va diagnostika qilish orqali loyihani amalga oshirish jarayonida duch kelinadigan risklar, krizisli vaziyatdan chiqib ketish yuzasidan qarorlar qabul qilish, chora-tadbirlarni ishlab chiqish lozim bo’ladi. Bunda ko’riladigan zararlardan o’zini-o’zi sug’urtalash amaliyotini kuchaytirishga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Investitsiya loyihalarini boshqarishda risklar muhim o’rin tutganligi bois, ularni bartaraf etishda o’zini-o’zi sug’urtalash katta ahamiyat kasb etadi. Mazkur sug’urtalashda korxona 2 turdagi zararni ko’rishi mumkin: bevosita va bilvosita. Bevosita zarar kutilayotgan yillik yo’qotishda aks etadi. Bu kutilayotgan yo’qotishda tashqari korxonada kutilayotgan yo’qotishni qoplash maqsadida rezerv fondiga mablag’lar yo’naltirilgan bo’lishi lozim. O’zini-o’zi sug’urtalashda korxona xususiy risklarni saqlab qoladi va uning uchun rezerv fondini tashkil etadi. Faraz qilaylik, rezerv fondida ishlab chiqarishga investitsiyalangan aktivlarga nisbatan birmuncha likvidli shakldagi aktivlar saqlanadi va shuning uchun ular kamroq daromad keltiradi. Rezerv fondida saqlangan aktivlar investitsiyalanmaganligi sababli ular hisobidan olinadigan foyda (daromad) boy beriladi.
Shunngdek, korxona tomonidan risklarni sug’urtalashda sug’urta kompaniyalariga murojaat qilish ham mumkin. Ushbu va o’zini-o’zi sug’urtalashda ham ko’riladigan zararni bir xil darajada qoplash imkoniyati mavjud.
Risklar sug’urta kompaniyasi tomonidan sug’urtalanganida ko’riladigan zarar korxona qiymatiga ta’sir ko’rsatmaydi, sababi, uning o’rni to’lanadigan sug’urta qoplamasi hisobiga to’ldiriladi. Agarda korxonaning o’rtacha daromadligigi sug’urta xarajatlarini qoplay olmasa, u holda korxona qiymati pasayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |