3-§. Saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish
Saylov jarayonlarini boshlanishini jahon tajribasida asosan ikki usuli mavjud.
Birinchisi, saylovni tayinlash, ikkinchisi saylov kampaniyasini boshlanganligini e’lon
qilish. Har ikkala holda ham saylov kuni belgilanadi. Bu esa fuqarolarning saylov
huquqlarini ro’yobga chiqishiga sharoit tug’diradi.
Saylovlar tayinlash bilan belgilanadigan mamlakatlarda, Konstitusiya yoki
saylov to’g’risidagi qonunlarda qaysi saylovni qaysi organ tayinlashi belgilab
qo’yilgan.
Hokimiyat bo’linishi prinsipi, hokimiyat tarmoqlarining bir-birini tiyib turish
mexanizmlarini ishlashi natijasida bir organ (hokimiyat tuzilmasini) saylovini boshqa
organ tayinlashi tajribaga kiritilgan.
Masalan, Rossiya Konstitusiyasiga binoan, Rossiya Prezidenti saylovini Federasiya
Kengashi (Совет Федерации) tayinlaydi, ya’ni Federal Majlisning yuqori palatasi Prezident
saylovini tayinlaydi. Federal Majlisning quyi palatasi Davlat Dumasiga saylovni (Государственная
Дума) Rossiya Prezidenti tayinlaydi.
O’zbekiston Respublikasida ham dastlab saylovlarni oliy davlat organlari
tayinlaganlar.
Saylov belgilashning yana bir turi saylov kampaniyasining boshlanganligini
e’lon qilish hisoblanadi. 2003-yil 24-aprelda Konstitusiyaga kiritilgan o’zgarishga
binoan, ya`ni, saylov tegishincha saylanadigan davlat organlarining konstitusiyaviy
vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o’n kunligining birinchi
yakshanbasida o’tkazilishiga oid normalarning kiritilishi asosida O’zbekistonda
Prezident saylovi, Qonunchilik palatasiga, mahalliy Kengashlarga saylov saylov
kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish orqali belgilanadigan bo’ldi.
Saylov kuni qaysi usul bilan belgilanmasin, davlatlar tajribasida saylov kunini
belgilashni (muddatni aniqlashni) ham ikki xil usulidan foydalaniladi.
Birinchisi tegishli organlarning vakolat muddati tugaydigan yilda, vakolat
tugashidan oldin vakolatli organ o’z xohishiga ko’ra saylov kunini belgilaydi.
Ikkinchi usulda esa saylov o’tkazishning vaqtini oldindan konstitusiya va
qonunlarda belgilab qo’yiladi. Masalan, Amerika Qo’shma Shtatlarining Prezidentlik
saylovi har to’rt yilda noyabr oyining birinchi dushanbasidan keyingi birinchi
seshanbasida o’tkaziladi. Senator va Kongressmenlar saylovi esa toq yilda xuddi shu
kuni o’tkaziladi
1
.
O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida ham saylov o’tkazish muddati
oldindan belgilab qo’yildi. Konstitusiyaning 117-moddasiga binoan “O’zbekiston
Respublikasi Prezidenti saylovi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga,
1
Qarang: Алебастрова И.A. Конституционное право зарубежных стран. M.: «Проспект», 2009, стр. 266
131
viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov
tegishincha ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi
uchinchi o’n kunligining birinchi yakshanbasida o’tkaziladi”. Saylov o’tkazishning
bunday muddatlarining belgilab o’tkazilishi, saylovlarni har safar deyarli bir vaqtda
barqaror o’tishini ta’minlaydi. Shuningdek, avvaldan muddati belgilab qo’yilgan
saylovlarni hеch qanday kuch o’z manfaati yo’lida, o’ziga qulay vaqtda o’tkazishi,
saylov muddatlarini cho’zish, qisqartirish imkoniyatiga ega bo’lmaydi.
2014-yilgi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpog’iston Respublikasi
Jo’qorg’i Kengesi, mahalliy vakillik organlariga saylovlar 21-dekabrga to’g’ri keldi.
O’zbekiston saylov kunini belgilashni demokratik asosda amalga oshirish
maqsadida, saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish vakolatini, barcha
hokimiyat tuzilmalaridan holi, mustaqil, maxsus organ – Markaziy saylov
komissiyasiga berilgan.
O’zbekiston Respublikasi “Markaziy saylov komissiyasi to’g’risida”gi
Qonunning 5-moddasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi O’zbekiston
Respublikasi Prezidentligiga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik
palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylovlar yuzasidan
saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qiladi. Prezident saylovi bo’yicha saylov
kampaniyasining boshlanganligini e’lon qilish “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
saylovi to’g’risida”gi Qonunning 8-moddasida berilgan bo’lib, unga ko’ra:
“O’zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddati tugashidan kamida uch oy
oldin saylov kampaniyasi boshlanganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan
ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
“O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida”gi Qonunning 19-
moddasi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov
to’g’risida”gi Qonunning 19-moddasi Qonunchilik palatasi deputatlarining vakolat
muddati va mahalliy Kengash deputatlarining vakolat muddati tugashidan kamida
uch oy oldin Markaziy saylov komissiyasi shu vakillik organlariga saylov
kampaniyasi boshlanganligini ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi, xalq
deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo’yicha saylov
kampaniyasi 2014-yil 15-sentyabrdan, O’zbekiston Prezidenti saylovi bo’yicha
saylov kampaniyasi 2014-yil 26-dekabrdan boshlanishini e’lon qilish haqida qarorlar
qabul qilgan hamda Prezident saylovi bo’yicha saylov kampaniyasi boshlanganligini
e’lon qilgan qarorida 2015-yil 29-martni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi
kuni deb belgilagan.
Demak, saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish shartlari, birinchidan,
tegishli organlar vakolat muddatining tugashi, ikkinchidan, saylov kampaniyasi
boshlanganligi haqidagi e’lonni albatta saylovdan kamida uch oy oldin berilishi
hisoblanadi. Bunday muddatning belgilanishi (uch oylik) barcha saylov jarayoni
bosqichidagi tadbirlarni bemalol, shoshma-shosharliksiz belgilangan muddatda
o’tkazilishini ko’zlaydi. Bu muddat barcha tadbirlarni sifatli o’tkazish uchun еtarli
hisoblanadi. Saylov kampaniyasi boshlanganidan so’ng, belgilangan muddatlarda
saylov jarayonining boshqa bosqichlari, ularning tadbirlari boshlanadi.
132
Do'stlaringiz bilan baham: |