project.gov.uz 06.06.2022 53 121-modda. Tadbirkorlik subyektlari uchun noqulay boʻlgan qonunchilik hujjatlaridagi oʻzgartirishlardan kafolatlar Tadbirkorlikni amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik
subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, shuningdek ularning
javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy eʼlon qilingan
kundan eʼtiboran kamida uch oydan keyin kuchga kiradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarda ularning (yoki
ular qismlarining) kuchga kirish muddati koʻrsatilishi kerak.
Agar mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarda ularning
(yoki ular qismlarining) kuchga kirish muddati koʻrsatilmagan yoxud uch oydan kam boʻlgan muddat
kuchga kirishi belgilangan boʻlsa, bunday normativ-huquqiy hujjatlar (yoki ular qismlari) tadbirkorlik
subyektlari uchun ular rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgandan soʻng kuchga kiradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat qabul qilingandan
keyin unga bir yil davomida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taqiqlanadi, bundan ushbu sohada
yengilliklar kiritishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar mustasno.
122-modda. Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri (bundan buyon matnda Majburiy talablar
reyestri deb yuritiladi) tadbirkorlik subyektlariga qoʻyiladigan talablar, ularning amal qilish muddatlari,
davlat nazoratini amalga oshirish talablari, majburiy talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun zarur
boʻlgan hujjatlar, shuningdek ushbu talablarga rioya etmaslik uchun javobgarlik choralarini oʻz ichiga
olgan ochiq maʼlumotlar bazasi hisoblanadi.
Davlat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun normativ-huquqiy hujjatlar
hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan oʻrnatilgan barcha majburiy
talablar ularni qayta koʻrib chiqish muddatini koʻrsatgan holda Majburiy talablar reyestriga kiritiladi.
Tadbirkorlik subyektlari Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablarni bajarmaganliklari
uchun javobgar hisoblanmaydi.
Majburiy talablar reyestri Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan qoidalarga muvofiq
tuziladi va yuritiladi.