3. “Lison ut-tayr” da obrazlar talqini
Alisher Navoiyning falsafiy-ta`limiy va tasavvufiy ruhda yozilgan 6-dostoni “Lison ut-tayr”dir.Bu doston 1499-yilda yozilgan bo`lib, 3598 baytdan iborat.
Asarning asosiy voqealari qushlarning o`z joylarini to`g`ri aniqlolmagani va Hudhudning afsonaviy Semurg` degan adolatli qush haqida so`zlab berishi bilan boshlanadi.So`ngra Hudhud boshchiligida qushlar Semurg`ni izlab yo`lga tushadilar.Asarda 7 vodiy tasavvufda haqiqatga eltuvchi 7 bosqichning majoziy tavsifi sifatida namoyon bo`ladi.Bu vodiylar Talab, Ishq, Ma`rifat, Istig`no, Tavhid, Hayrat, Fano kabilardir.”Lison ut-tayr” dostonida ko`plab hikoyatlar keltiriladi.Ularda turli obrazlar uchraydi.Ularni quyidagicha guruhlab o`rganishni ma`qul topdik:
1.Payg`ambarlar obrazi.
2.Diniy –tasavvufiy obrazlar.
3.Tarixiy shaxslar timsollari.
4.Mifologik obrazlar.
5.Ishq-muhabbat bilan bog`liq an`anaviy obrazlar.
Yusuf payg`ambar o`zbek mumtoz adabiyotida, qolaversa, Alisher Navoiy asarlarida o`ziga xos go`zallik timsoli sifatida ta`riflanadi.”Lison ut-tayr” dostonida ham bir necha bor Yusuf payg`ambar obrazi keltirib o`tiladi:
Dard-u g`am erdi anga yor-u nadim,
Hajr zindonida Yusufdek muqim5
Misrlik bir oliy himmatli kishi hamma narsaga ega bo`lsa-da,hajr zindonida qolgan Yusuf kabi unga ham doimo dard va g`am chekish yor edi. “ Quroni karim” da Yusuf haqida 2 ta oyati kalima hamda Yusuf nomli 111 oyati kalimalik bir sura mavjud”6
Bundan tashqari, “Qissasi Rabg`uziy” da: “Yusuf 11-o`g`il erdi, Mavlo taolo anga o`n karomat qildi:ko`rk, qiliq, kechurmak, yalovochlik, tush ta`biri, ko`ni so`z, uz, avoqibat umur, ta’vili suhuf…”7 ta`rifi berilgan.
“Lison ut-tayr” dostonida Sulaymon payg`ambar obrazi ham bir necha bor tilga olinadi.Afsonalardan ma`lumki, Sulaymonning butun salohiyati, podsholigi qudrati uning uzugi bilan bog`liq edi:
Fahmig`a maxfiy zabone kerak,
Yo`q zabondonkim-Sulaymone kerak. (32-bet)
Sulaymon payg`ambar haqida Navoiy o`zining “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida ham keltirib o`tadi:
Olamni Sulaymong`a haq etmish ma`mur,
Hukmi soldi jin-u bashar xayliga sho`r.
Oxir chu ajal anga maqom ayladi go`r,
Tufroq ichida qildi vatan o`ylaki mo`r.8
“Sulaymon xotami, Jamshid jomi mumtoz adabiyotda ko`p tilga olinadigan,juda noyob afsonaviy ashyolar.Bularga ega bo`lish qudrat va buyuklik ramzi.”Farhod va Shirin”da shunday bayt bor:
Adadsiz javharu naqdi kiromi,
Sulaymon xotami, Jamshid jomi.9
Asarda Hudhud tomonidan aytilgan Sulaymon haqidagi hikoyatda Azroil bilan bo`lgan suhbati ko`rsatilgan.
Diniy-tasavvufiy obrazlar ham asarda ko`plab uchraydi.Masalan:Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali kabi xalifalar; Najmiddin Kubro, Abu Turob Naxshabiy, Abulhasan Xaraqoniy, Ibrohim Adham, Porso, Abdulla Ansoriy, Bistomiy, Shayx Abul Abbos va boshqa so`fiylar haqida hikoyatlar keltiriladi.”Lison ut-tayr” dostoni hamd, munojot, na`t bilan boshlanadi va so`ngra xalifalar haqida fikr yuritiladi.
“Xalifa (arab.-o`rinbosar,noib)- musulmon jamoasi va musulmon davlatining diniy hamda dunyoviy boshlig`i. Xalifa Muhammad payg`ambarning o`rinbosari.”10 Navoiy Abu Bakr xalifa haqida fikr yuritib shunday deydi:
Kim qila olg`oy bu ishni oshkor
Juz Abu Bakr ulki erdi yori g`or.(27-bet.)
Umar-ikkinchi xalifa. 616-yil islomni qabul qiladi va keng targ`ib etadi.Asarda xalifa haqida shunday so`z boradi:
Ulki payg`ambarg`a hamdam erdi ul,
Shubhasiz foruqi a`zam erdi ul.(27-bet.)
Qolaversa, asarda ko`plab tasavvuf vakillari tilga olinadi.Masalan, Najmiddin Kubroni oladigan bo`lsak, asl ismi Ahmad binni Umar al Xivaqiy xorazmlik mashhur shayxdir:
Shayx Najmiddin Kubro- qutbi dahr,
Bir nazardin kimgakim yetkursa bahr. (128-bet)
Ya`ni: Najmiddin Kubro o`z zamonasining peshvosi hisoblanar edi. Agar u biron kishiga qarasa ko`zi valilik nuri bilan yorishib ketar va shu ondayoq o`zligidan ajralardi.Asarda keltirilgan hikoyada itga shayxning nazari tushganligi keltiriladi.
Ibrohim Adham haqida ko`p eshitganmiz.U shohlikdan voz kechib, tasavvuf yo`lini tanlagan mashhur shaxs. 777-yilda vafot etgan.Dostonda shunday bayt bor:
Ulki bu yo`lda ishi taslim edi,
Ibn Adham shoh Ibrohim edi.(163-bet.)
Navoiy “Nasoyim ul- muhabbat” asarida quyidagi fikrlarni yozadi:”Avvalg`i tabaqadindur.Kuniyati Abu Is’hoq oti va nasabi Ibrohim Adham binni Sulaymon,binni Mansur al-Balxiy”11 deya tilga olinadi.
Tarixiy shaxslar obrazi ham asarda o`ziga xos o`ringa ega. Bularga: Iskandar, Shayx Sa’non, Arastu va boshqa ko`plab tarixiy shaxslarni ko`rsatish mumkin.
Iskandar- mashhur tarixiy shaxslardan biridir.”Lison ut-tayr” dostonida Iskandarning elchilikka borgani haqida hikoyat keltiriladi:
Dedi elga budur Iskandar so`zi,
Turfa bukim, erdi Iskandar o`zi. (86-bet)
Shayx Sa`non- XI-XII asrlarda yashagan tarixiy shaxs bo`lib, uning otashin sevgisi haqida mashhur hikoyat beriladi.Unda ilohiy ishq talqin etiladi:
Tushti joni pok farjomiga ishq,
Kirdi qondek etdi andomiga ishq.(121-bet)
Arastu- qadimgi yunon faylasufi Aristotel nomining sharqcha atalishi.U eramizdan oldingi 384-322- yillarda yashagan.Asarda bir shogirdi bilan bo`lgan munosabatlar ko`rsatilgan hikoya keltiriladi:
Bor edi shaxse Arastug`a murid
Halqai darsida ul erdi mu`id. (151-bet)
Xullas, asarni o`qir ekanmiz, unda rang-barang obrazlarga duch kelamiz.Bu asarni chuqur o`rganish uchun ko`plab tasavvufiy bilimlarga ega bo`lish zarur.
XULOSA
Alisher Navoiy jahon adabiyoti tarixida asarlari chuqur donishmandlik va ijtimoiy-falsafiy mazmun bilan sug`orilgan buyuk so`z san`atkorlaridan biri sanaladi. Mutafakkir shoirning hayot va Inson haqidagi qarashlari asosan badiiy ijodiyotida murakkab allegoriyalar, simvollar, muayyan nazariy tushunchalarni ifodalovchi obraz-istilohlar vositasida yuksak darajadagi shoirona til bilan ifoda etilgan. Bu sohada ayniqsa uning «Lison ut-tayr» dostoni o`ziga xos alohida o`rin egallaydi. Navoiy bu dostonni yozishda Yaqin va O`rta Sharq xalqlari adabiyoti tarixida keng qo`llanib kelingan qush tili bilan asar yozish an`anasiga murojaat qiladi va bu borada katta mahorat ko`rsatib, shu tipdagi asarlarning g`oyaviy-badiiy yuksak namunalaridan birini yaratadi. Majoziy usul orqali, xususan, qush tili vositasida badiiy asar yozish Sharq xalqlari adabiyotida qadimiy va murakkab tarixga ega bo`lib, bu xildagi asarlarning dastlabki namunalarini xalq og`zaki ijodida uchratish mumkin. O`rta osiyolik qomusiy olim Abu Ali ibn Sino qalamiga mansub «Risolat ut-tayr» asari yozma adabiyotda qush tili vositasida yozilgan falsafiy asarlarning ilk namunasi hisoblanadi. Mazkur asarning maydonga kelishi Sharq xalqlari badiiy tafakkuri taraqqiyotida chuqur iz qoldirib, ularda yangi bir an`anani-qush tili orqali falsafiy asar yozish an`anasini boshlab berdi. Bu usuldan foydalanib yozilgan asarlarni tadqiq etish ularda asar yaratilgan davrlarning aktual falsafiy va ijtimoiy-siyosiy masalalari hamda bu sohadagi o`zaro ideologik kurashlar o`ziga xos badiiy shaklda ifoda etilganligini ko`rsatadi. Jumladan, Ibn Sino risolasida muallifning islom aqidalariga zid keluvchi ruh va moddaning o`zaro aloqadorligi haqidagi qarashlari majoziy tarzda o`rtaga tashlangan va o`sha davr nuqtai nazaridan ijobiy hal etilgan. Muhammad G`azzoliyning «Risolat ut-tayr» asari esa o`z g`oyaviy mazmuniga ko`ra Ibn Sino risolasiga raddiya sifatida maydonga kelib, unda muallifning so`fizmni islom mafkurasi bilan moslashtirish kabi tarixiy ko`z qarashi o`zining badiiy in`ikosini topgan.
Navoiyning «Lison ut-tayr» dostoni genezis jihatdan yuqoridagi asarlar bilan bevosita (Attor «Mantiq ut-tayr»i) va bilvosita (Attor dostoni orqali Gulshahriy, G`azzoliy va Ibn Sino asarlari) aloqaga kirishadi. Alisher Navoiy tomonidan jasorat bilan ilgari surilgan ushbu g`oyalar real ijtimoiy-tarixiy zaminga ega bo`lib, XV asr O`rta Osiyo Uyg`onish davri bilan uzviy bog`liq holda jamiyat va inson tafakkuridagi ma`naviy o`zgarishlarni badiiy shaklda o`zida mujassam ettiradi. Binobarin, Navoiy an`anaviy qissaga real hayot talablari asosida yondashib, uni o`z dunyoqarashiga mos holda talqin etgan, undan o`zining ilg`or g`oyalarini ifoda etish uchun o`ziga xos badiiy vosita «libosi mavzun» sifatida foydalangan. Bu esa shoir tomonidan an`anaviy syujetning falsafiy mohiyati yuksak badiiy mahorat bilan butunlay o`zgartirilib, yangicha, navoiyona talqin etilganligi, unga chuqur zamonaviylik va ijtimoiy ruh baxsh etilganligini tasdiq etadi. Navoiy mazkur mavzuning g`oyaviy-tematik diapazoni va obrazlar sistemasini kengaytirib, uning doirasiga o`z zamonasining muammoli masalalarini olib kirdi, davrning ma`naviy-axloqiy qiyofasini badiiy gavdalantiruvchi obrazlarning butun bir tizimini yaratdi. Bu borada ayniqsa qoliplovchi qissaga illyustratsiya sifatida keltirilgan hikoyalar alohida ahamiyatga ega
Do'stlaringiz bilan baham: |