Masalan, turli ko‘rinishdagi uy binolari suratini solishtirsak, ularning barchasida umumiy elementlar bor (deraza, eshik, devor, tom va hokazo). Biz bu suratlarni birinchi ko‘rganimizda binolarni alohida qismlarga ajratmaymiz, aksincha, faqatgina bino sifatida ko‘ramiz. Bunda yaxlitlik idroki, geshtalt tamoyillari amal qiladi: Binoning barcha qismlari birbiriga yaqin, bog‘liq («yaqinlik tamoyili»); binoning eshiklari bir xil («o‘xshashlik tamoyili»); binoning barcha elementlari bir-birini davom ettiradi, o‘zaro aloqada («davomiylik tamoyili»).
Yaxlitlik va bo‘lakning bu turdagi munosabati bevosita bo‘laknnig yaxlitga «tobe» bo‘lishida namoyon bo‘ladi hamda ushbu tobelik quyidagi qonuniyatlarda o‘z aksini topadi: 1) yagona bir element turli yaxlit tuzilmalar tarkibida turlicha idrok qilinadi; 2) obrazning ayrim elementlari almashtirilsa-yu, lekin ular o‘rtasidagi munosabatlar o‘rami saqlansa, obrazning umumiy strukturasi o‘zgarmaydi; 3) ayrim hollarda ma’lum bir bo‘laklar tushib qolganda ham yaxlitlik saqlanadi (Alafirenko 2005: 193).
Yaxlitlik tarkibidagi elemntlarning joylashuvi qanchalik muntazam bo‘lsa hamda ularning o‘zaro munosabatlari uzviy bo‘lsa, ushbu yaxlitlikning tafakkurdagi obrazi ham shunchalik aniq va yaqqol ko‘rinish oladi. Bunday to‘liqlilik barkamollik «pregnantlik» (olmoncha Pragnanz “aniqlik, moslik”) nomini olgan qonuniyatga amal qilish natijasida yuzaga keladi va «yaxshi»
geshtalt hosil qilishga undaydi (Vertxaymer 1987: 274).
Geshtalt tushunchasini tilshunoslikda birinchilardan bo‘lib tadbiq etgan J.Lakoff (1981: 360) ham uni lisoniy, mantiqiy, pertseptual (idrokiy) va boshqa turdagi jarayonilarni aks ettiruvchi struktura sifatida ta’riflovchilar tarafdori. Haqiqatdan ham geshtalt tabiatan bir paytning o‘zida ikki tomonga, ya’ni tafakkur va lisonga, intiluvchi mantiqiy strukturadir. Bu struktura yaxlit tuzilma sifatida matnni mazmuniy qismlarga bo‘lish hamda ushbu mazmun doirasida matn va qismlarni kengaytirish imkonini beradi. Geshtaltning kognitiv tilshunoslikdagi ahamiyati, ayniqsa, matn tuzilishini o‘rganishda muhimdir.
Prototip va kategoriyalashtirish.
Kognitiv tilshunoslikning asosiy vazifasi inson ongida kechadigan mental jarayonlarni lisoniy faoliyat bilan bog‘liq holda o‘rganishdir. Shunga nisbatan ushbu fanning erishgan asosiy yutuqlaridan biri insonning bilish faoliyati natijasida xotirada hosil bo‘ladigan oldingi tajribaning
«iz»lari, ya’ni kategorial tushuncha hamda turli ko‘rinishdagi yuqori darajadagi tarkibli tuzilmalarning mantiqiy va lisoniy tizimlari haqidagi ma’lumotlar majmuasining to‘planishidir.
Bu ikki tizim o‘rtasidagi aloqaning uzviyligi kategoriyalashtirish hodisasida yaqqol o‘z aksini topadi. Ma’lumki, «kategoriya» tushunchasi o‘ta keng ma’noda talqin qilinadi va unda voqelik predmet – hodisalarining eng umumiy va muhim sifatlari, xususiyatlari, aloqalari va munosabatlari o‘z aksini topadi. Predmet-hodisalarni kategoriyalarga ajratish va ularni guruhlar bo‘yicha tasniflash amaliyoti qadimdan mavjud.
Kategoriyalashtirish – murakkab aqliy mental va lisoniy jarayondir. Ushbu jarayon ma’lum turdagi harakat bosqichlarini qamrab oladi: A) stimul (qo‘zg‘atuvchi sabab) tanlovi. Sezgi tizimiga kiruvchi (ko‘rish, eshitish, hid bilish kabi) stimullardan faqatgina diqqatni jalb qiladiganlari tanlanadi; B) ajratish va tasniflash. Bu harakat tanlangan stimulni xotiradagi bilim bilan qiyoslash, moslashtirish yo‘li bilan bajariladi; V) nomlash. Hosil bo‘lgan kognitiv kategoriya (kontsept) nom oladi.
An’anaga ko‘ra, ma’lum turdagi ob’ektlarni bir guruhga kiritishning sababi ular o‘rtasida biror bir o‘xshashlikning mavjudligidir. O‘xshashlik esa har doir ham bir xil uslubda aniqlanmaydi. O‘xshashlik munosabatlari ikki ko‘rinishda bo‘lishi mumkin: a) refleksiv – har qanday ob’ekt har doim o‘ziga o‘xshaydi; b) simmetrik – ikkita ob’ektning o‘xshashligidagi davomiylik qatori tartibi o‘zgarishidan qat’iy nazar bir xilda saqlanadi. Masalan, A va B qiyoslanadimi yoki B va A, natija bir xil. Refleksivlik munosabati doimo bir xil va u izohtalab emas. Simmetrik munosabatlar esa murakkab jarayon.
Do'stlaringiz bilan baham: |