Haqiqatan ham agar ob’ektlar o‘rtasidagi o‘xshashlikni bilish maqsadida ushbu ob’ektlarni xususiyatlarga ajratsak, qiyoslash xususiyatlarga nisbatan bajariladi. Aksincha, ob’ektlar yaxlit hodisa sifatida qiyoslansa, o‘xshashlik maqsadli mo‘ljal asosida aniqlanadi. Masalan, quyidagi jumlalarni olsak: «O‘g‘il otasiga o‘xshaydi», «Surat asliga o‘xshaydi», «Shogird ustoziga o‘xshaydi» kabi tasdiq jumlalari bir xil qolipga ega: «A B ga o‘xshaydi». Agarda biz o‘xshashlik munosabatlarini shaklan saqlab, A va B larning joylarini almashtirsak (B A ga o‘xshaydi), bunday o‘xshashlik tasdig‘i har qancha to‘g‘ri bo‘lsa ham, hosil bo‘ladigan jumlalar sun’iy tus
oladi hamda «Ota o‘g‘liga o‘xshaydi», «Asl suratga o‘xshaydi», «Ustoz shogirdiga o‘xshaydi» kabilar tajnis (kalambur)dek tuyuladi.
«Lisoniy geshtaltlar» tadqiqotining muallifi J.Lakoffning kuzatishicha, «it» va «stul» «sut emizuvchilar» va «mebel» turkumiga kiruvchilar uchun tayanch kategoriyadir, chunki ularda («it» va «stul») inson tasavvuridagi belgilar yuqori miqdorda to‘plangan. «Yaxshi» geshtalt negizida turadigan tayanch ob’ektni E.Rosh prototip (prototype) deb ataydi. Prototip qiyoslash gorizontal, ya’ni to‘g‘ri qatorli tartibda bajarilganda, qiyoslashning tayanch ob’ekti sifatida ajraladi.
Prototip kategoriyaga kiruvchi barcha ob’ektlar uchun umumiy, eng ko‘zga tashlanadigan xususiyat yoki belgiga ega bo‘lishi kerak va faqat shundagina u qiyoslash uchun namuna xizmatini o‘tashi mumkin. Prototip kategoriyasi ob’ektlarning xususiyatlariga nisbatan ajratiladi.
Tajribalar o‘tkazgan tadqiqotchilar ba’zan birgina kategoriyaga oidlikni aniqlash va prototip belgilarni topish uchun ob’ektlarning lug‘atlarda berilgan tavsifiga murojaat qilishadi hamda shu asnoda ajratilgan xususiyatlarni qiyoslash uchun asos qilib oladilar. Masalan, «qushlar» kategoriyasining prototip sifatlarini (belgilarini) aniqlash uchun izohli lug‘atlarga murojaat qilamiz va ulardan olingan tavsiflarni informantlardan olingan ma’lumotlar bilan to‘lg‘azamiz.
Demak, kategoriyalashtirish amalida qiyoslanayotgan va bir kategoriya doirasida to‘planishi mo‘ljallanayotgan ob’ektlar uchun umumiy bo‘lgan belgilarni izlash lozim bo‘ladi. Kategoriyani uning tarkibiga kiruvchi elementlar xususiyatlarining umumlashuvi yoki uchrashuvi sifatida ajratib bo‘lmaydi. Yaxshisi, prototip yoki markaziy elementning xususiyatlarini shu kategoriyaga kiruvchi elementlar xususiyatlari bilan eng ko‘p miqdorda mos kelishiga e’tiborni qaratish kerak. Har holda, prototip o‘z guruhidagi elementlarga qay darajada yaqin tursa, boshqa guruhdagilardan shu miqdorda uzoqlashadi.
Kategoriya markaziy elementini aniqlash oson, ammo markazdan uzoqlarini ba’zan ajratish qiyin, chunki ular boshqa kategoriyalarga xos belgilarga ega bo‘ladilar. Boshqacha aytganda, kategoriyalar chegarasi har doim ham aniq bo‘lavermaydi, ayrim hollarda ular o‘zaro
«chatishib» ketishlari hech gap emas. Demak, kategoriyalar bir xil birliklardan tarkib topadi, ular son jihatidan chegaralangan, barcha birliklarning xususiyatlari mos keladi qabilidagi an’anaviy ta’riflar tajriba tadqiqotlarida o‘z tasdig‘ini topmadi. Yaxshisi, kategoriyalar prototip namuna asosida ajratiladilar, ular tarkibida «yaxshi» va «yomon» birliklar bo‘ladi, bu birliklarning barcha xususiyatlarining mos kelishi shart emas, lekin ular «oila o‘xshashligi»ga ega bo‘ladilar, degan ma’quldir. Prototip tafakkur jarayonida hosil bo‘ladigan mental tuzilmalardan biri sifatida lisoniy faoliyat va ijodga oid hodisalarning tub mohiyatini anglash imkonini beradi. Binobarin, gap qurilishining kognitiv-semantik asoslarini o‘rganishga harakat qilgan J.Lakoff gap tarkibida yuzaga keladigan prototip munosabatlarni aniqlash muhimligini ta’kidlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |