Distributiv tahlil (DT) metodi til sathlari birliklarining ularning sintagmatik xususiyatlari, ya’ni nutqiy qatorda bir-biriga nisbatan joylashuvi, o‘zaro birikuvini inobatga olgan holda tasniflanishidir. Til birliklarini DT asosida tasniflash jarayonida u yoki bu birlikning qanday lisoniy kontekst muhitida va qaysi turdagi birliklarning qurshovida uchrashi e’tiborga olinadi. Ma’lum birlikning barcha turdagi sintagmatik aloqalari va semantik - sintaktik qurshov imkoniyatlari umumlashmasi uning distributiv (lat. distributio; ing. distribution – taqsimlanish, tarqalish) qobiliyatini belgilaydi. DTning asosiy tamoyillari Amerika deskriptiv (tavsifiy) tilshunoslik maktabi vakillari g‘oyalarida nazariy jihatdan shakllandi hamda ular tomonidan amaliѐtga tadbiq etildi. Ushbu yo‘nalish namoyandalari B.Blok, J.Treyger, Z.Herris va boshqalar DTni til tizimi ilmiy tahlilining eng asosiy metodi sifatida targ‘ibot qilishga harakat qildilar. Ularning fikricha, faqatgina distributiv «o‘lchovlar» asosidagina til tizimi hodisalarini to‘liq ko‘rinishda tavsiflash mumkin. Shu sababli ular distributsiya (tarqalish, taqsimlanish) tushunchasini o‘ta keng ma’noda izohlash tarafdori bo‘ldilar. Amerika tilshunoslari distributsiya hodisasining ikki turini farqlashni taklif qiladilar: 1) qo‘shimcha ѐki to‘ldiruvchi distributsiya; 2) qiyosiy qarama-qarshilik distributsiyasi.
Differensial tahlil usuli
Differensial (farqlovchi) tahlil jarayonida til hodisalarini va birliklarini o‘zaro farqlovchi ma’noviy va shakliy xususiyatlar ajratiladi. Ushbu xususiyatlarni aniqlashda ma’lum bir sathga oid birliklarning paradigmatik munosabatlari asos bo‘ladi. Ushbu tahlil metodining asosiy mezonlari quyidagilardir: 1) alohida lisoniy birliklar ma’lum tizimlarga uyushadi; 2) ushbu tizimlar tarkibida alohida paradigmatik guruhlar ajraladi; 3) tizimdagi yagona bir birlik birinchi guruhga tobe bo‘lishi mumkin; 4) u yoki bu birlikning ayni paytda, bir necha guruhga oid bo‘lishi uning boshqa birliklardan farqlovchi xususiyatlariga nisbatan tavsiflash imkonini yaratadi. Masalan, ishlayapti shaklini fe’l grammatik shakli sifatida aniqlash uchun biz uning mazmunidagi prosessuallik (harakat) ma’nosini substansionallikka (qiyoslang: ish) zid qo‘yamiz.
Differensial tahlil metodining umumiy tamoyillarining shakllanishi Praga tilshunoslik maktabi namoyandalari: N.S.Trubetskoy, R.Yakobson, V.Skalichkalarning faoliyati bilan bog‘liq. Ular til tizimining barcha sathlariga nisbatan qo‘llanilgan «paradigma» tushunchasi bilan bir qatorda «oppozitsiya» (qarama-qarshilik) tushunchasi ham joriy etishadi.