Lingvistik pragmatikaning umumiy masalalari. Kommunikatsiya jarayonining kengayishi munosabati bilan uni tadqiq etish jarayoni ham murakkablasha bordi. Boshka fan sohalarida bo‘lgani kabi tilshunoslikda ham yangi tarmoq yangi tadkikot obyektlari yuzaga kela boshladi. Ma’lumki, aloqa-aralashuv jarayoni bilish, anglash, ifodalash, sezish, o‘qish bilan uzviy aloqador ifoda formalarining turli-tumanligi bilan ajralib turadi. Ifoda formalarining qo‘llana boshlanishining o‘zidayoq munosabat tushunchasi namoyon bo‘la boshlaydi. Shuning uchun bularga xos semantik, sintaktik, ayniqsa, pragmatik xususiyatlarni ma’lum lingvistik mezonlar vositasida ajratish bugungi tilshunoslikning asosiy masalalaridandir. Aloqa-aralashuv jarayoniga xos mana shu uch ifoda turining neytral va affektiv xususiyatlari lingvistik pragmatikaning tadqiq doirasi sifatida ajratiladi. Mashhur tilshunos T.V.Kolshanskiyning ta’kidlashicha, so‘zlovchi subyekt his-tuyg‘ulariga xos xususiyat belgilardan ajralgan ma’lum bir axborotni ifoda etishi mumkin emas. Nutq mazmuniga hamohang his-tuyg‘u va barcha baholar konkret tinglovchiga qaratilgan buladi. Ana shu tinglovchi uchun qaratilgan subyekt nutqiga xos munosabat belgilari - nutqdagi barcha buyoqlar yaxlit tarzda pragmatika deb nomlanadi. Bu ularning pragmatik tayinlanishi deb qaraladi. Pragmatik hodisalar mohiyatini o‘rganish tilshunosdan mantiqiy va falsafiy mushohadalarni ham talab qiladi. Shuning uchun lingvistik pragmatika masalalari hodisani faqat lisoniy tahlil etibgina kolmasdan, balki uning mantiqiy, falsafiy va sotsial xususiyatlarini ham o‘rganadi. Shu ma’noda L.A.Kiselevaning pragmalingvistikaning dolzarb masalalari xususidagi qarashlari diqqatga sazovordir. Jumladan, pragmalingvistika: a) nutqning yuzaga kelishi bilan bog‘liq so‘z va qurilmalarning qo‘llanishiga oid pragmatik xususiyatlarnigina emas, balki turli sathdagi yordamchi so‘z va morfemalar, so‘z birikmasi, gaplarga xos pragmatik xususiyatlar; b) til va nutqning pragmatik funksional konuniyatlari; v) nolingvistik vaziyatning tipik shakllari; g) sotsial maqsad, vazifalar; d) nutq subyekti, adresati, sotsial va ruhiy tip sifatida hamda faqat mana shularga asoslangan holda aniq nolingvistik vaziyatga muvofiq ravishda ifodada shaxsning suhbatdoshlarga qaratgan maksad, vazifalarini o‘rganadi. Bu ishda olim «rechevogo vozdeystviya» atamasi - nutqiy «ta’sir etish» tushunchasi ostida lingvistik pragmatikani nazarda tutadi. Umuman, so‘zlovchi va tinglovchi orasidagi verbal ifodada ma’lum maksad hamda vazifalarga asoslangan his-tuyg‘uga ta’sir etuvchi (perlokutiv) xususiy munosabat bayoni bu ishning asosiy mazmunini tashkil qiladi. «Semantikaning tekshirish ko‘lami g‘oyat kengayib ketganligi tufayli, uni bir oz yengillatishga, ma’noning kontekst bilan bog‘liq qismidan xalos qilishga to‘gri keldi». Keyingi paytlarda amalga oshirilgan tadkshotlar davomida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, bayon kilingan har bir ifoda tarkibidagi propozitsiyada so‘zlovchi shaxsi bilan uzviy aloqador mazmuniy strukturalar ham aks etayotganligi, bularning asosiy belgi va xususiyatlari, mohiyatiga oid tafsilotlar fanda hamon ochiq qolayotganligi lingvistik pragmatikaga ehtiyojni kuchaytirdi. Pragmatikaning tadqiqot obyekti murakkab bo‘lib, bu soha o‘rganadigan muammolarni umumlashtirilgan holda tasnif etish va o‘rganish tilshunoslik fanining bosh masalasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |