12-mavzu: O’zbekiston chorvachilik tarmoqlari geografiyasi
Ko’rib chiqiladigan asosiy savollar:
1. O’zbekiston chorvachilik tarmoqlarining rivojlanishi. Qoramolchilik. Qo’ychilik (Qorako’lchilik) mamlakat chorvachiligining etakchi tarmog’i.
2. Respublika chorvachiligining boshqa tarmoqlariga ta’rif.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Qorako’lchilik, qorako’l terisi, sut, sut-Go’sht, Go’sht chorvachiligi, Angor echkisi, tivit, pillachilik, baliqchilik xo’jaligi, darrandachilik.
1-asosiy savol bayoni: O’zbekiston-chorvachilikning qadimiy markazlaridan biri. Respublikaning qulay tabiiy va iqlimiy sharoitlari hamda hosildor tuprog’i chorvachilikni rivojlantirish uchun mos. O’zbekistonning sug’oriladigan erlari, bepoyon qir-adirlari, dashtu-cho’l hamda tog’ oldi yaylovlari chorvachilikni rivojlantirish uchun o’ta qulay. Sug’oriladigan erlarda asosan qoramolchilik, pillachilik, cho’chqachilik, parrandachilik rivojlangan bo’lsa, qir-adirlar, cho’l va tog’ oldi yaylovlarida esa qo’ychilik (qorako’lchilik), echkichilik, yilqichilik, tuyachilik, suv havzalarida esa baliqchilik rivojlangan. Chorvachilikdan keladigan daromad doimiy ravishda o’sib bormoqda.
Chorvachilikni rivojlantirishning muhim omillaridan biri uning ozuqa bazasi hisoblanadi. Shuning uchun yaylovlar holatini yaxshilash, ozuqabop ekinlar maydonini kengaytirish, omixta em ishlab chiqarishni ko’paytirishga etibor berilmoqda. Mamlakatda em-xashak ekinlari jami ekin maydonining 8,0 foizini tashkil qiladi (1995 yilda 7,7 %). Mustaqillik yillarida g’alla maydonlarining kengayishi bilan somon tayyorlash hajmi ham muttasil oshib bormoqda. Keyingi yillarda chorvachilikni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida chorva mollari tuyog’i va asosiy chorva mahsulotlarini ishlab chiqarish sezilarli darajada o’smoqda (19-jadval).
Qoramolchilik - respublika chorvachiligining etakchi tarmoqlaridan biri. U respublikada etishtiriladigan Go’shtning to’rtdan uch qismini va sutning deyarli hammasini beradi. Mamlakatda qoramolchilikning sut, sut-Go’sht, Go’sht, Go’sht-sut yo’nalishlari rivojlangan. Sut va sut-Go’sht yo’nalishidagi qoramolchilik yirik shahar atrofi xo’jaliklarida hamda yaqinda o’zlashtirilgan mintaqalarda, Go’sht-sut, Go’sht yo’nalishidagi qoramol zotlari esa tog’ va tog’oldi mintaqalarida nisbatan ko’proq boqiladi.
Hozirda Respublikamizda 6571,4 ming bosh qoramollar boqilmoqda (2006 y). Shularning 42,9 foizi yoki 2821,3 ming boshi sog’in sigirlardir. O’zbekiston mintaqalarida qoramolchilikning hududiy joylashishi bir xilda emas. Eng ko’p qoramollar Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga to’g’ri keladi. Jumladan, mamlakatdagi jami qoramollarining 14,9 foizi Samarqand, 10,7 foizi Qashqadaryo viloyatiga boqiladi. Shuningdek, qoramollar soni Xorazm (584,8 ming bosh), Buxoro (556,4 ming bosh), Farg’ona (533,9 ming bosh), Surxondaryo (531,1 ming bosh) viloyatlarida ham ko’p.
Do'stlaringiz bilan baham: |