19-mavzu: Farg’ona iqtisodiy rayoni
Ko’rib chiqiladigan asosiy savollar:
1.Farg’ona iqtisodiy rayoni iqtisodiy geografik o’rni.
2. Andijon viloyati to’g’risida tushuncha.
3. Namangan viloyati to’g’risida tushuncha.
4. Farg’ona viloyati to’g’risida tushuncha.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Iqtisodiy-geografik o’rin, aholi, mehnat resurslari, xo’jalik, ixtisoslashuv, tashqi aloqalar, ma’muriy birliklar.
1-asosiy savol bayoni: Farg’ona iqtisodiy rayoni tarkibiga O’zbekiston Respublikasining Andijon, Namangan va Farg’ona viloyatlari kiradi. Maydoni 18,4 ming km2 yoki mamlakat hududining 4,1 foizini tashkil qiladi. Aholisi, 1 yanvar 2002 yil ma’lumotlariga ko’ra, 6965 ming kishi, bu esa O’zbekiston aholisining 27,7 foiziga teng.
Iqtisodiy rayon Farg’ona vodiysi (cho’kmasi)ning O’zbekiston qismida joylashgan ma’muriy birliklarni o’z ichiga oladi. U Respublikamizning sharqiy qismida o’rnashgan, shimol, sharq va janubda Qirg’iziston Respublikasining Jalolobod, O’sh va Botkon viloyatlari bilan, janub va janubi-g’arbda Tojikiston Respublikasining Surd (Leninobod) viloyati bilan chegaradosh, bevosita O’zbekistonda esa u Toshkent viloyatiga tutash.
Rayon deyarli to’rt tomondan tog’lar bilan o’ralgan: shimol, shimoli-g’arb va sharqda Tyan-Shan (Tangri tog’)ga qarashli Qurama, Chotqol va Farg’ona, janubda Turkiston va Oloy tog’ tizmalari joylashgan. Iqtisodiy rayon hududidan o’tuvchi Sirdaryo (u Namangan shaxri yaqinida Norin va Qashqadaryoning quyilishidan hosil bo’lgan) vodiyni nisbatan kattaroq va tekisrok shimol va asosan tog’oldi (adir) rayonlardan iborat janubiy qismlarga ajratadi. Farg’ona cho’kmasini vodiy deb atalishi ham aynan ana shu Sirdaryoga bog’liq. Biroq, vodiyning «O’rta Osiyo durdonasi» bo’lishiga ko’p jihatdan Sirdaryo emas, balki o’tgan ko’p sonli irmoqlari sababchi bo’lgan. Ushbu irmoqlar soylarning quyi qismida qadimdan voxa hamda voxachalar va ularga mos holda shaxarlar vujudga kelgan, ularning keyinchalik sug’orish inshootlari bilan birlashtirilishi natijasida butun Farg’ona voxasi tashkil topgan. Shunday qilib, mazkur rayon hududini bir vaqtning o’zida tog’lararo cho’kma (kotlovina), vodiy va voxa sifatida qarash mumkin.
Vodiyning markaziy qismlarida balanddik dengiz satxidan 200-300 metrdan oshmaydi va chekka tomon esa er usti ko’tarilib boradi. Bu ko’tarilish shimolda keskinrok, binobarin, hududning eng baland qismlari uning shimol, shimoli-g’arbiga to’g’ri keladi (taxminan 2200 m).
Maydoni ancha kichik lekin aholi soni ko’p va nixoyatda zich joylashgan ushbu hududning iqtisodiy rayon shaklida ajratilishi, eng avvalo, uning geografik o’rni va demografik salohiyati bilan tavsiflanadi. Bu erda rayon hosil qiluvchi ishlab chiqarish tarmoqlari bo’lib esa asosan paxta va pilla etishtirish, bog’dorchilik, engil va oziq-ovqat sanoatlari xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, mintaqa iqtisodiyotini rivojlangan agrosanoat majmuasi tashkil qiladi. Unga qo’shimcha ravishda kimyo, neft va neft kimyosi hamda mashinasozlik, ayniqsa avtomobilsozlik rivojlanib bormoqda.
Farg’ona iqtisodiy rayoni mamlakat yalpi ichki maxsulotini 23,7, sanoat ishlab chiqarishini 1G’5 va qishloq xo’jaligi mahsulotini 30 foiziga yaqinini beradi. Vodiyda qadimdan paxtachilik va pillachilik bilan shug’ullanib kelishgan, bunga uning geografik o’rni, ya’ni Buyuk Ipak yo’lida joylashganligi ham o’z ta’sirini ko’rsatgan. Xududning aynan ana shunday tranzitlik (o’tuvchanlik) xususiyati o’tmishda bu erda xo’jalik va madaniyatning rivojlanish yo’nalishlarini qisman belgilab bergan.
Shu o’rinda ta’kidlash lozimki, Buyuk Ipak yo’lining tiklanishi, Transkontinental Evropa-Osiyo magistralining ochilishi vodiy iqtisodiy geografik o’rnini tubdan o’zgartirdi, uning berk holatini yo’qotadi va yana sharqqa tomon «ochadi». Shubxasiz, mazkur omil mintaqa ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanishini yanada tezlashtiradi.
Vodiy qazilma resurslarga boy emas va, binobarin, bu omil rayon hosil qiluvchi bo’la olmaydi. Bu erda yoqilg’i (neft) va rangdor metallarning kichik konlari bor, holos. Asosiy mineral boyliklar vodiyning tog’ qismida — tutash respublikalar hududida joylashgan.
Suv resurslari ham aynan ana shu hududlarda tashkil topadi, biroq ulardan sug’orma dexqonchilikda foydalanish vodiyning ichki, ya’ni O’zbekiston qismida vujudga kelgan. Bu erda biz tog’ va tekislik tabiiy-xo’jalik tizimlarining geojuftlik holatini, ularning o’zaro aloqadorlikda rivojlanish zaruriyatini, hududiy iqtisodiy integratsiya jarayonlarining zarurligini ko’rib turibmiz. Shu bois, mintaqada qo’shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni yo’lga qo’yish, yagona mamlakatlararo iqtisodiy makon yaratish muxim ahamiyatga ega.
Iqtisodiy rayonni shakllantiruvchi asosiy omil bu erda yashovchi ko’p sonli aholi va mehnat resurslari hisoblanadi. Binobarin, vodiy, voxa tushunchalari aholi zich joylashgan, mehnatni ko’p talab qiluvchi xo’jalik tarmoqlari, aholi manzilgoxlarining yo’l va soylar, kanallar buylarida zanjirsimon hududiy tashkil etilganlik va boshqa o’ziga xos, betakror xususiyatlari bilan uyg’unlashib ketadi. Vodiyda aholi ko’p, er-suv manbalari esa cheklangan. Aynan ana shunday nomuvofiqlik mintaqaning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini keltirib chiqaradi. Eng muhimi—bu erda aholi bandligini yaxshilash, mintaqaviy mehnat bozorini shakllantirish, qo’shimcha ish o’rinlarini yaratish, iqtisodiyotni yuksaltirish negizida ijtimoiy rivojlanishni ta’minlash zarur.
Iqtisodiy rayonga kiruvchi viloyatlar maydoni, demografik va ishlab chiqarish salohiyati o’zaro biroz farq qiladi. Hududi jihatdan nisbatan katta bo’lgan Namangan viloyatida qo’shni hududlarga qaraganda aholi zichligi kamroq iqtisodiyot ko’rsatkichlari ham pastroq. Ushbu viloyat iqtisodiy rayonning 22,2 foiz yalpi ichki, 15,0 foiz sanoat hamda 27,6 foiz qishloq xo’jaligi mahsulotini beradi. Bu jihatdan Farg’ona viloyatining iqtisodiy qudrati katta, u iqtisodiy rayon yalpi ichki mahsulotining 41,3 va sanoat ishlab chiqarishining yarmidan ko’prog’ini ta’minlaydi.
Keyingi, xususan mustaqillik yillarida Andijon viloyati iqtisodiyoti tez rivojlanib bormoqda. Bu erda ishlab chiqarish ko’rsatkichlari aholi sonining nisbiy ulushlaridan ziyod. Viloyatda nafaqat sanoat (avtomobilsozlik), balki qishloq xo’jaligi, paxtachilik («Andijon usuli») ham yaxshi taraqqiy etgan. Iqtisodiy rayonning shunga o’xshash ichki xususiyatlari viloyatlar xo’jaligining alohida ta’riflarida yanada yaqqolroq namoyon bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |