Sut bezlari hamma sutemizuvchilarning urg’ochilarida bo`ladi, sut bezlari shakli o`zgargan oddiy naysimon ter bezlari hisoblanadi. Sutemizuvchilarda sut bezlarining joylashishi va ulardagi so`rg’ichlari soni har xil bo`ladi.
Kloakalilarning (o`rdakburun va yexidnalarda) sut bezi nayga o`xshab tuzilgan va guruh bo`lib joylashgan. Sut bezlari o`rdakburunning qornida, yexidnaning chotida xaltachada joylashadi, so`rg’ichlari bo`lmaydi va sut bezining chiqarish yo`li qornidagi maydonchaga yoki xaltachaga ochiladi. Bolalari bu sutni yalab oladi. Qolgan sutemizuvchilarda sut bezlari murakkab tuzilgan, uzum boshiga o`xshash shaklga ega va chiqarish yo`llari so`rg’ichlarga ochiladi. So`rg’ichlari ba`zi tur sutemizuvchilarda ikki qator bo`lib, ko`kragidan to chotigacha joylashadi (hasharotxo`rlar, yirtqichlar, kemiruvchilar), boshqalarida ko`krak qismida (primatlar, ko`rshapalaklar) joylashgan.
Sutemizuvchilarda so`rg’ichlar soni har xil, eng kami bir juft. Bunday so`rg’ichlar maymunlarda va ko`rshapalaklarda ko`krak qismida, qo`ylarda, echkilarda va fillarda esa chotida joylashgan bo`ladi. Ayrim sutemizuvchilarda so`rg’ichlarning soni 5 juftdan 12 juftgacha boradi va bunday so`rg’ichlar, asosan sichqonsimonlar, hasharotxo`rlar va ayrim tur xaltalilarda bo`ladi. So`rg’ichlar chin va soxta so`rg’ichlarga bo`linadi. Chin so`rg’ichda sut bezlarining yo`llari talaygina teshiklar bilan so`rg’ich uchiga ochiladi. Chin so`rg’ichlar maymunlar va kemiruvchilarga xos.
Soxta so`rg’ichlarda sut bezlarining yo`llari so`rg’ichni teshib o`tadigan ancha uzun umumiy kanal tubiga ochiladi (yirtqichlar, tuyoqlilar).
Sut organizmdan chiqadigan boshqa sekretlardan farq qiladi. Sut asosiy ovqat bo`lib, oson hazm bo`ladi va bola uchun zarur ozuqa hisoblanadi. Sut tarkibida oqsil, sut shakari, yog’, mineral tuzlar va 90% suv bo`ladi.
Shunday qilib, sutemizuvchilarning teri qoplami juda ko`p vazifalarni bajaradi. Ter bezlarining sekretlari terini yupqa parda kabi qoplab olib, uning elastikligini ta`minlaydi, ho`llanishdan va infektsiya kirishidan saqlaydi; sekretlarning o`tkir hidi tur ichidagi munosabatlarda muhim ahamiyatga ega. Epidermisning shox qavati terini mexanik shikastlanishlardan himoya qiladi va suv yo`qolishini kamaytiradi. Jun qoplami va teri osti yog’ kletchatkasi issiqlik yo`qotishni kamaytiradi, tana haroratining doimiy bo`lishini ushlab turadi. Bundan tashqari, teri osti yog’ kletchatkasi energiya zahirasi bo`lib xizmat qiladi. Ter bezlarining faoliyati terini suv-tuz almashinuvida va termoregulyatsiyada ishtirokini aniqlaydi. Suvda yashovchi sutemizuvchilarning ter va jun qoplami ularning gavdasi gidrodinamik sifatini oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |