Leksemaning ongda paradigmatik va sintagmatik munosabat asosida yashashi. - Leksemaning ongda paradigmatik va sintagmatik munosabat asosida yashashi.
- Til o‘ziga xos murakkab tizim ekanligini, uning birliklari botartib tarzda “yashashi”ni yaxshi bilamiz. Avvalo, muayyan til egalari ongida o‘sha tilga mansub leksemalar o‘zaro paradigmatik (o‘xshashlik) hamda sintagmatik (qo‘shnichilik) munosabatlarda mavjud bo‘ladi. Masalan, o‘g‘il leksemasi bir tomondan ota, ona leksemalari bilan, ikkinchi tomondan qiz leksemasi bilan paradigma hosil qilib yashaydi. Paradigmadagi bir a’zoning mohiyati unga paradigmadosh boshqa a’zoning mohiyatiga qiyosan olinadi, unga munosabatda bo‘ladi. Masalan, aka leksemasi uka, singil, opa leksemalari bilan paradigma hosil qilar ekan, bunda ularning umumiy belgisi bu leksemalarni bir paradigmaga solsa, farqli belgilari mustaqilliklarini ta’minlaydi. Lisoniy birliklar orasidagi bunday bir-biriga ishora qilib, eslatib turuvchi belgilar, munosabatlar assotsiativ munosabat ham deyiladi. aka leksemasining mohiyati uka leksemasining mohiyatiga qiyosan belgilanadi. Qiyos esa eslatish, eslash, yonma-yon qo‘yish munosabatidir.
- Kitobnio’qimoq=kitobni+o’qimoq
-
- Leksemalar mohiyatida mujassam sintagmatik munosabat ham ahamiyatli. Masalan, daftar leksemasi nutqda yirtmoq, yozmoq, saqlamoq, sotib olmoq kabi o‘nlab, yuzlab leksemalar bilan bir tomondan, morfologik shakl va so‘z yasovchi qo‘shimcha bilan ikkinchi tomondan birikuv hosil qiladi. Bu voqelanish leksemada imkoniyat sifatida mavjud. Aytilgan birlik bilan yuz bergan aloqa leksema mohiyatida imkoniyat sifatida yashirin.
- So‘zlovchi nutq jarayonida zarur bo‘lgan birlikni o‘xshash va farqli belgilari asosida paradigmadan tanlab, sintagmatik imkoniyati doirasida nutqda turli-tuman kombinatsiya hosil qiladi. Nutqda leksemaning mohiyati hech qachon to‘la-to‘kis voqelanmaganligi kabi sintagmatik imkoniyatning ham faqat zaruri voqelikka aylanadi. Zero, dialektika uqtirganidek, mohiyat bir hodisada bus-butun yuzaga chiqmaydi, imkoniyat to‘la voqelanmaydi. Nutqiy voqelanish uning bir zarrasi, xolos.
- Leksema so‘zdan boyroq va kengroq. Biroq so‘z nutqda turli «begona» – bevosita leksemaga aloqador bo‘lgan lisoniy va aloqador bo‘lmagan kontekstual hodisalar bilan «boyitilgan», nutqda voqelanish uchun shakllantirilgan bo‘ladi. Leksemaning «boy»ligi «o‘ziniki»dir. So‘z esa, aytilganidek, o‘z asosidagi leksemaga tegishli bo‘lmagan boshqa nolug‘aviy omillar – fonetik, morfologik, sintaktik uslubiy mohiyatlar hamda nolisoniy hodisa zarralarini biriktirib, o‘ziga tegishli bo‘lmagan hodisalar hisobiga «boyiydi».
- Aytilganlar asosida leksema va so‘zga shunday ta’rif berish mumkin. Leksema – ma’lum bir til jamiyati a’zolari ongida tayyor, barqaror, umumiy va majburiy, shakl va ma’no birligidan iborat, yaxlitlangan, borliqdagi harakat, narsa-predmet, belgi, miqdor kabilarni bildiruvchi tushunchalar va munosabatlarni ifodalaydigan, nutqda so‘zlarni va grammatik morfemalarni biriktiradigan lisoniy birlik. Leksema va so‘z yasash qoliplarining nutqda reallashgan aniq shakl va ma’noga ega bo‘lgan muayyan ko‘rinishi – so‘z.
Topshiriq - 1. Mavzuga aloqador kamida 2 ta adabiyot bilan tanishing.
- 2. Mavzuga aloqador ilmiy jurnallarda nashr etilgan maqolalarni o’qing va tahlil qiling.
- 3. Struktural va formal tilshunoslikda leksikologiyaning o’rganilishi xususida mulohaza bildiring.
Do'stlaringiz bilan baham: |