Otlarga ishora qiluvchi so`roq olmoshlariga (kim, nima) –lar qo`shimchasi qo`shilganda ko`plik va bir shaxsga hurmatni bildiradi. Bunday so`roq olmoshlari takrorlanib ham ko`plikni ifodalashi mumkin: Kim-kim keldi? Nima-nima olding? Ba`zan takrorlangan bunday olmoshlardan keyin ham –lar qo`shimchasi qo`shilib kela oladi: Kim-kimlar keldi? Nima-nimalar olding? –lar qo`shimchasi ayrim so`roq olmoshlariga qo`shilganda taxmin, chama kabi ma`nolar anglashadi: Soat nechlar bo`ldi? Yoshi nechalarda? Qachon so`roq olmoshi –lar qo`shimchasini olib “ko`p vaqt” degan ma`noni ham ifodalay oladi: Kelganim qachonlar edi.
SINTAKTIK XUSUSIYATI:
Olmosh hech vaqt o`zidan oldin aniqlovchi olmaydi. Masalan, men, sen, biz, shu, necha, kim, nima kabi olmoshlar birorta aniqlovchi bilan birga qo`llnmaydi.
Olmoshlarni gapda bajargan sintatik vazifasiga ko`ra quyidagi turlarga ajratish mumkin:
ot toifasidagi olmoshlar (men, sen, u, biz, siz, ular, kim, nima kabi). Bunday olmoshlar otlarga ishora qiluvchi olmoshlar bo`lib, otga xos egalik, kelishik qo`shimchalarini qabul qiladi va gapda ot bajargan sintatik vazifalarni bajaradi, ya`ni ega , qaratqich aniqlovchi, to`ldiruvchi kabi: Biz (ega) shonli yo`lni bosib o`tdik. Kimning (qaratqich aniqlovchi) xati chiroyli? Sizdan (to`ldiruvchi) ugina, bizdan (to`ldiruvchi) bugina.
sifat toifasidagi olmoshlar (qanday, qaysi, shunday, bunday, bu, shu kabi). Bunday olmoshlar sifatlarga ishora qiluvchi olmoshlar bo`lib, ular sifatlarga o`xshab, sifatlovchi aniqlovchi, kesim, hol vazifalarini bajaradi: O`sha (sifatlovchi aniqlovchi) qizni taniyman. Shunday (ravish hol) yashar odatda inson. Maqsadim –shu (kesim).
son toifasidagi olmoshlar (qancha, nechta, necha, nechanchi kabi). Bunday olmoshlar miqdorni ifodalash uchun qo`llanadi va gapda sifatlovchi aniqlovchi, daraja-miqdor holi, kesim vazifalarini bajaradi: Nechanchi (sifatlovchi aniqlovchi) uyda turasiz? Yoshingiz nechada (kesim)? Qancha (daraja-miqdor holi) o`qisangiz, shuncha (daraja-miqdor holi) ko`p bilasiz.
Ravish toifasidagi olmoshlar (qachon, qayerda, qani, nega, qanday kabi). Harakat belgisini yoki voqea-hodisaning bajarilishi o`rni, payti, sababi, maqsadini bildiradi. Ular gapda hol va kesim vazifasini bajaradi: Nega (sabab holi) kulasiz? Qachon (payt holi)kutubxonaga borasiz? Qani (o`rin holi) o`sha xayolchan kuychi? Oyim qayerdalar (kesim)
So`roq olmoshlari va ko`rsatish olmoshlari ergashgan qo`shma gaplarda nisbiy so`z vazifasini bajaradi va ularni bog`lovchi vosita sifatida qatnashadi: Qayerda bilim bo`lsa, o`sha yerda yuksalish bo`ladi. Uyda nima bo`lmasa, dadam o`shani bozordan keltirardilar.
KO`RSATISH OLMOSHLARI
Ko`rsatish olmoshlari narsa-buyumni, shaxsni ko`rsatish uchun ishlatiladigan olmoshlardir: u, bu, o`sha, ushbu, ana, mana, anabu, mana bu kabi. Ko`rsatish olmoshi –oldingi gap, gapdagi biron-bir so`z, so`z birikmasi o`rnida qo`llanilib, unga ishora qiluvchi yoki biror so`zni aniqlab keluvchi olmoshlar.
Ko`rsatish olmoshlari:
So`zga ishora qiladi: Salim o`nta tosh ko`tara oladi. Men ham shuncha tosh ko`tarishga harakat qilyaman.
So`z birikmasiga ishora qiladi: Mening so`zlagan gaplarim ayni haqiqatdir. Bunga siz, albatta, ishonishingiz kerak.
Gapda ishora qiladi: Kim nayzani uzukdan o`tkazsa, o`sha g`olib bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |