Ishdan maqsad: o‘tkazgichlarning elektr o‘tkazuvchanligini temperaturaga bog‘liqligi haqidagi nazariy bilimlarni amalda tekshirib ko‘rish. Yuqori temperaturalarni o‘lchashning eng sodda usullarini amalda qo‘llash va kundalik hayotimizda eng ko‘p qo‘llaniladigan cho‘g‘lanma tolali lampa spiralining yonib turgan paytdagi temperaturasi haqida tushuncha hosil qilish. Laboratoriya ishi ikkita mashqdan iborat. Birinchi mashqda cho‘g‘lanma tolalning harorati qarshilikning temperaturaviy koeffitsienti orqali aniqlanadi (albatta bu o‘lchashda aniqlik yuqori bo‘lmaydi). Ikkinchi mashqda termopara o‘rganiladi. Qisqacha nazariy ma’lumotlar: Temperatura so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib “aralashma” degan ma’noni bildiradi. Bunday atalishning manosi shundaki har doim temperaturasi katta muhitdan pastroq temperaturali muhitga energiya o‘tadi va energiyaning aralashuvi oqibatida temperatura muvozanati yuzaga keladi. Shuning uchun temperatura so‘zida aralashma manosi mavjud.
Temperatura moddaning termodinamik holatini belgilovchi uchta asosiy (hajm va bosim qatorida) kattaliklardan biridir. Temperaturani o‘lchash uchun selsiy (°C) yoki Kelvin (°K) shkalalari ishlatiladi. Kelvin shkalasi T = - 273,15 °C dan boshlanadi va bu temperatura absolyut nol temperatura deb yuritiladi. Minus 273 gradus haroratgacha tabiatdagi barcha gazlar suyuq holatga o‘tadi, eng oxiri geliy gazi - 273,15 gradusda suyuladi. Ya’ni bu haroratga yetganda tabiatda gaz holatda modda qolmaydi. Shuning uchun bu temperatura absolyut nol temperatura deb qabul qilingan. Suvning muzlash haroratini t = 0 gradus deb qabul qilingan shkala selsiy shkalasi deb yuritiladi. Demak Kelvin va selsiy shkalalari orasida t = T – 273 munosabat mavjud. Temperaturaning birlik shkalasi ( bir gradus selsiy yoki bir gradus Kelvin) sifatida suvning muzlashdan to qaynashgacha bo‘lgan haroratlari oralig‘ini teng 100 ta bo‘lakka bo‘lib uning bir bo‘lagi qabul qilingan. Bugungi kunda fan va texnikada erishilgan eng past temperatura 0,000016 K ( yoki -273,14998°C), eng yuqori temperatura esa 10 8 K bo‘lib termoyadro reaksiyalarida yuzaga keladi. Lekin bu ham temperaturaning eng yuqori chegarasi emas. Koinotda 4x1031 K haroratdagi o‘ta qaynoq plazmali yulduzlar borligi fanga ma’lum.