4.7. Jaloliddin Rumiy (1207 - 1273)
Jaloliddin Rumiy Balx shahrida tug‘ilib o‘sdi. Uni ba’zan Jaloliddin Balxiy deb ham atashadi.
Rumiy she’riyatning barcha shakllarida mukammal ijod qildi. U bitgan g‘azallar, ruboiylar va masnaviylar she’riyat bo‘stonining durdonasiga aylangan. Rumiy asarlarida tashbehlarga o‘ralgan falsafiy, so‘fiyona, teran g‘oyalarga keng o‘rin berilgan.
- Ey dono odam, sen eng avvalo narsalarning mohiyatini bil, ularning aldamchi shakliga ishonma!
- So‘z – libos. Ma’no shu libos ostiga yashiringan sir.
- Ko‘zguda hamma narsa teskari ko‘rinadi. Ammo biz ko‘zgusiz o‘zimizni hech qachon ko‘raolmagan bo‘lardik. Sen menga so‘z ojiz deding. Agar o‘zingni haq deb bilsang, u holda so‘zning ojizligi haqidagi so‘zlaring ham ojizdir.
4.8. Abulqosim Firdavsiy (934 (taxminan) – 1024 yillar)
Buyuk shoir Abulqosim Firdavsiy Xuroson viloyatining Tus shahrida kambag‘al oilada dunyoga keldi.
Firdavsiy keng qamrovli va chuqur ilm egasi bo‘lib yetishdi. Shu bois uni «hakim», «donishmand» deb ulug‘laganlar. Shoir ijodining ayni gullagan davrida G‘azna shahrida (hozirgi Afg‘oniston hududi)- turk sultoni Mahmud G‘aznaviy saroyida yashab, ijod qildi.
Firdavsiy Mahmud G‘aznaviyga bag‘ishlab mashhur «Shohnoma» asarini yozdi. Lekin bu asar Mahmud G‘aznaviy tomonidan yetarli qadrlanmadi.
Rivoyat qilishlaricha, sulton G‘aznaviy Firdavsiyning yozilajak «Shohnoma» asarining har bir bayti uchun bittadan oltin tanga berishni va’da qiladi. 60.000 baytdan iborat asar tayyor bo‘lgandan keyin esa G‘aznaviy va’dasidan qaytadi. Firdavsiyga G‘aznaviy karvon orqali berib yuborgan tangalarning hammasi kumush bo‘lib chiqadi. Bundan qattiq ranjigan shoir tangalarning bir qismini karvondagilarga, boshqa qismini hamollarga ulashadi. Tangalarning qolgan hammasiga esa yaxna ichimliklar sotib oladi. Uning bu harakatlari hukmdorga qarshi norozilikning yaqqol ifodasi edi. Sulton G‘aznaviy shoirni filning oyoqlari ostiga tashlab, jazolash haqida farmon beradi. Firdavsiy tug‘ilgan yerini tashlab, musofirlikda hayot kechirishga majbur bo‘ladi.
G‘am - qaygu ham, huzur-halovat ham aqldandur. Ulug‘vorlik va buzilish ham aqldandur- deydi Firdavsiy.
Olamda eng avvalo inson aqli yaralgan. Aql qalb posbonidir. Aql yana uch qo‘riqchi: til, ko‘z, quloqning ustidan ham posbonlik qilguvchidir. Zero, ezgulik va yovuzlik aynan ana shu uch a’zo orqali qalbga kirib boradi.
Ne sababdan uzoq umr ko‘rmoq tilaysan? Bilasan-ku, baribir olam sirlarini hech qachon anglab yeta olmaysan.
Do'stlaringiz bilan baham: |