www.ziyouz.com kutubxonasi
215
xonadonlaridan chiqqan bu bolalar endi go‘daklarcha bir ma’sumlik bilan ta-
nishayotganlari qahraton qish ketidan kelgan bahordek behad yoqimli edi.
Xonzoda begim keliniga yana bir qarab oldi-da, keyin Boburga sho‘x nazar tashladi:
— Tole sizga endi kulib boqibdi, amirzodam! O‘zingizga bunchalik munosib malikani
qanday uchratdingiz! Mohim begim, qayerliksiz?
— Xurosonlik, hazrat begim.
Mohim begim Boburga: «Bog‘ko‘cha devoridan gul tashlaganimni aytib meni uyaltirib
qo‘ymang yana!» degandek iltimoskorona qarab oldi. Bobur uning bu qarashidagi
ma’noni sezib, zavqli jilmaydi. So‘ng Mohim begimning Husayn Boyqaroga qarindoshligi
borligini, otalari bundan to‘rt yil burun Badiuzzamon mirzo bilan chiqisholmay G‘aznaga
kelib qolishganini opasiga aytib berdi. Bobur Mohimning ota va og‘alarini G‘aznadan
Kobulga taklif qilgan, keyin bu yerda Mohim bilan yana ko‘rishib unga uylangan edi.
— Hirot bilan Murg‘ob oralig‘ida Hazrati Jom degan shahar bor, ko‘rganmisiz? — so‘radi
Bobur opasidan.
— Ko‘rganmen! Ulug‘ shoir Ahmad Jomiyning nomlariga qo‘yilgan.
— Begimning ona avlodlari ana o‘shal Hazrat Jomiyga xesh ekanlar. Ustod Abdurahmon
Jomiyga hamshahar ekanlar.
Bobur hazilomuz kulib qo‘shib qo‘ydi:
— Begimning o‘zlari ham shunday shoirparvaru she’rshunoslarki, Jomiy bilan Navoiyning
barcha g‘azallarini yod bilurlar. Ammo biz she’r yozsak, munaqqidlik* qilib, nuqsini
ko‘rsaturlar.
Mohim erining haziliga hazil bilan javob berdi:
— Munaqqid bo‘lmay ilojim yo‘q, chunki hazratim mening ta’rifimda ko‘p mubolag‘a
qilurlar!
Xonzoda begim er-xotinning hazilkashligidan zavqlanib kuldi:
— Lekin ta’rifingizda qancha mubolag‘a qilsalar ham oz!
— Minnatdormen, hazrat begim! — Mohim endi hayajonli tovush bilan gapirdi: — Men
sizning jasoratingizni, fidoyiligingizni hazratimdan eshitib, o‘zingizni ko‘rish orzusida
edim. Tangrimga shukr, bugun shu orzuyim ro‘yobga chiqdi. Hazrat begim, men sizni af-
sonaviy bir malika deb o‘ylar edim. Biroq o‘zingizni ko‘rdimu sizdagi mehrigiyo afsonaviy
malikalarda ham bo‘lmas, deb o‘yladim! Endi uyimizning peshgohi ham, ko‘nglimizning
to‘ri ham sizniki!
Mohim begim bu gaplarni samimiy bir ixlos bilan aytganini sezgan Xonzoda begim:
— Bizga sizdek kelin bergan tangrimga shukr! — deb qo‘ydi.
Xonzoda begim birdan Oyisha begimni esladi va uni Mohim begimga taqqoslab ko‘rdi.
«Bir hisobda, Boburjon avvalgi xotini bilan ajrashib ketgani ham yaxshi bo‘lgan ekan»,
deb qo‘ydi o‘zicha. So‘ng xon haramida o‘zining tortgan azoblarini eslab ketdi.
Bobur o‘ttiz to‘rt yoshli Xonzoda begimning sochlariga bitta-yarimta oq oralab qolganini
endi ko‘rdi. Shu turishda opasi Boburga onasining endi beva qolgan o‘ttiz yetti-o‘ttiz
sakkiz yasharli paytlarini eslatdi. Xonzoda begim ham endi beva edi. Bobur shuni
o‘yladi-yu:
— Siz meni deb ko‘p azob tortgansiz! — dedi. — Sizni eson-omon dargohimizga
yetkazdirgan Shoh Ismoilning yaxshiligini hech vaqt unutmasmen!
Shoh Ismoil tilga olinishi bilan Xonzoda begimning chehrasi yana ochildi.
— Shohning Tojli xonim degan yoshgina, ko‘hlikkina xotini bor ekan, — deb hikoya qila
boshladi. — Shu juvon meni shohning huzuriga boshlab kirdi. «Shoh Ismoil sunniy
mazhabidagilarni o‘ldirib, terisiga somon tiqdirarmish» degan vahimali gaplarni ko‘p
eshitgan edim. «Bahaybat bir odam bo‘lsa kerak», deb titrab-qaltirab bordim. Qarasam,
yigirma to‘rt-yigirma besh yoshli xushsurat bir yigit taxtda o‘ltiribdi. Soqol qo‘ygan
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |