Bog'liq Kutubxonashunoslik fanining ilmiy va o’quv predmeti sifatida pay333
Kutubxonashunoslik fanining ilmiy va o’quv predmeti sifatida paydo bo’lishi va rivojlanish davri (XIX asr)
Kutubxonashunosik g’oyalari deganda, kutubxona va kutubxonachilik ishlari haqidagi dastlabki, eng oddiy g’oyalar tushuniladi. Bu oddiy tushunchalar bo’lib, hali ilmiy bilimlar, tushunchalar darajasiga chiqmagan fikrlardir. Kutubxonashunoslik g’oyalari va kutubxonashunoslik fani o’rtasidagi aloqalar, kutubxonashunoslik fanini ilmiy va o’quv predmeti sifatida paydo bo’lishi, shakllanishi va rivojlanishi uchun asos sifatida xizmat qildi. Xronologik jihatdan kutubxonashunoslik g’oyalar tarixi ikki ming yildan ortiqroq davrni o’z ichiga oladi.
Kutubxonashunoslik tarixi ikkita davrga bo’linadi.
I. Kutubxonashunoslik g’oyalari davri.
II. Kutubxonashunoslik fanining ilmiy va o’quv predmeti sifatida paydo bo’lishi va rivojlanish davri.
Ular o’z navbatida bir qancha davrlarni o’z ichiga oladi.
1. Kutubxonashunoslik g’oyalari davri
1.1. Qadimgi davr kutubxonashunoslik g’oyalari davri
1.2. O’rta asrlar davri kutubxonashunoslik g’oyalari davri
2. Kutubxonashunoslik fanining ilmiy va o’quv predmeti sifatida paydo bo’lishi va rivojlanish davri.
2.1. Kutubxonashunoslik fanining paydo bo’lishi va shakllanishi (XIX)
2.2. XX asrda kutubxonashunoslik fanining rivojlanishi
2.3. Kutubxonashunoslik fanining rivojlanish istiqboli davri (XXI asr) - umuminsoniy qadriyatlarni metodologik asoslari sifatidagi fan.
Kutubxonashunoslik g’oyalari kompleks ravishdagi obyektiv sabab va sharoitlar natijasida paydo bo’ldi. Ular bevosita eramizdan avvalgi II minginchi yillarda paydo bo’lgan birinchi kutubxonalar bilan bevosita bog’liqdir.
Qadimgi dunyoda kutubxonalarni sonini ko’payishi natijasida sekin - asta ularni faoliyati haqidagi ma’lumotlar to’plana boshlandi. Keyinchalik ular haqidagi ma’lumotlarni to’plab tahlil qilish, kutubxonalar ishini tashkil qilish haqidagi eng yaxshi usullarni aniqlash va boshqalar haqida obyektiv talablar paydo bo’la boshladi. Bu vazifalar kutubxonashunoslik g’oyalari sifatida qarala boshlandi.
Qadimgi dunyo kutubxonashunoslik g’oyalarida - hozirgi vaqtda kutubxona deb ataluvchi muassasalar haqidagi eng oddiy, elementar tushunchalar: tashkil etish, saqlash, tavsiflash, kataloglashtirish va boshqalar haqida fikrlar berilgan.
O’rta asrlar davrida kutubxonashunoslik g’oyalari o’ziga xos qarashlar bilan boyidi. Ushbu davrda G’arb mamlakatlari kutubxonachilik ishida cherkovning to’liq hukmronligi ostida bo’lsa, Sharq mamlakatlarida ayrim hukmdorlar saroyida va diniy muassasalar qoshida kutubxonalarninh shakllanishi, ularni diniy yo’analiishda faoliyat yuritishga olib keldi.
Kutubxonalar “Diniy - klerikal madaniyat”ni tarqatish o’chog’i sifatida qaraldi va bunday yondoshish ularni ish mazmunini va shaklini belgilab berdi. Asosiy e’tibor kitob boyliklarini saqlash va ularni asrash, hisobini olib borish, joylashtirish, kataloglashtirishga qaratildi. Undan foydalanishga e’tibor kam qaratildi.1 Markaziy Osiyo mintaqasida dastlabki kutubxonalar IV-VI asrlarda paydo bo’lgan. Markaziy Osiyo mintaqasida kutubxonalarning rivojlanishiga VIII asrdan boshlab Samarqandda yuqori sifatli qog’oz ishlab chiqarishni yo’lga qo’yilishi muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu davrlarda Sharqning buyuk allomalari Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad al Farg’oniy, Mahammad al-Xorazmiy va boshqalar faoliyat yuritdilar.
Abu Ali ibn Sinoning Buxoro amirining saroy kutubxonasi haqidagi estaliklari judda ham qiziq manba sanaladi: “Men, - deydi olim, kitoblar saqlanadigan joyga kirdim. Ular bir qancha xonalardan iborat bo’lib, har bir xonada sandiqlarda kitoblar saqlanar edi. Bir xonada arab tilidagi kitoblar va she’riy kitoblar, boshqasida huquqshunoslikka oid kitoblar va shu tariqasida har bir xonada fanning qaysidir sohasiga oid kitoblar saqlanar edi. Men u yerda mendan oldin o’tgan ilm ahli tomonidan yozilgan va bu erda saqlanayotgan kitoblarni ro’yxatini o’qib chiqdim”.
X asrlarda saroy kutubxonalarida adabiyotlarni klassifikatsiyalashning ba’zi bir usullari qo’llanila boshlandi va kutubxonalarda mavjud bo’lgan kitoblarning ro’yxatlari tuzilgan, kutubxona ichida esa mehnat taqsimoti yo’lga qo’yilgan.
G’arb mamlakatlarida ushbu davrlarda “bid’atga oid” adabiyotlarni o’qishni ta’qiqlash ishlari keng avj oldi. O’qish man etilgan “voz kechilgan”, “yolg’on yozuvli” adabiyotlarni ro’yxatlari tuzildi.
Bu davrlarda kutubxonachilik g’oyalari, kitobsaqlovchilar uchun yaratilgan turli xil yo’riqnomalar, eslatmalar va nasihatlarda aks eta boshladi. O’rta asr kutubxonachilik g’oyalarini o’ziga xos xarakterli tomoni shundan iborat ediki, kutubxonalarga faqat tor doiradagi odamlar uchungina kitoblar to’planadigan joy sifatida qarash xos edi.
Kitob bosishni kashf etilishidan keyin kutubxonachilik ishini boshqarish bo’yicha dastlabki bosma asarlar paydo bo’la boshladi. Ulardan dastlabkisi Frantsiya kardinali Djuli Mazarini tomonidan kutubxona tashkil etish uchun taklif qilingan teolog va publitsist Gabrielya Node (1627 y.) ning “Kutubxona tashkil etish bo’yicha maslahat” asari edi.
Kutubxonachilik g’oyalarini rivojlanishidagi sezilarli burilishlar Buyuk frantsuz revolyutsiyasi (1789-1794 yillar) davrida paydo bo’la boshladi. Kutubxonalarga “fuqoralar uchun maktab” sifatida qaraldi va ular maktab, maktabdan tashqari ta’lim tizimini tashkil etishda muhim rol o’ynashi zarurligi qayd etila boshlandi.
XVIII asrning oxiri - XIX asrning boshlarida jahonda kutubxonashunoslikni fan sifatida shakllanishiga asosiy shart-sharoitlar paydo bo’ldi: yetarli darajada boy emperik bazalar yig’ildi, bir qancha muhim g’oyalar tasdiqlandi. Bularning barchasi yangi fanni asosini tashkil etishi mumkin edi.