O‘rganilganlik darajasi: Kurs ishimizga aloqador adabiyotlar sharxini berib o‘tamiz. Adabiyotlar umumiy, asosiy va qo‘shimcha manbalarga bo‘linadi. Dastlabki kitob prezidentimiz Karimov I.A. qalamiga mansub “ Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” asaridir. Bu kitob umumiy manbalar sirasiga kirib, O‘zbekistonda tarix fanini o‘qitish va o‘rgatish yo‘lida barcha tarixchilarga metadalogik manba vazifasini o‘taydi. Mavzuni yoritishda N.M.Nikolskiy. Istoriya russkoy serkvi. M.,1983 g, L.S. Vasilev. Istoriya religiy vostoka. M., 1983 g, L.R. Polonskaya. Religiya Mira. Istoriya i sovremennost. M.,1984 g, S.A. Tokarev. Religiya v Istorii narodov mira. M., 1976 g, S.N. Bulgakov. Pravoslaviya. M.,1991 g, S.V. Devyatova. Sovremmenoe xristianstvo i nauka. M., 1994 g, Katolitsizm. Slovar. M., 1991 g, Xristianstvo. Ensikliopedicheskiy slovar. T. v 3 tomax. M.,1993-1995. kabi adabiyotlardan foydalandik.
“O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi” to‘plamlari Davlat Ilmiy Nashriyoti tomonidan 2000-2005- yillar mobaynida “O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi“ o‘nta tomi nashr etildi. Mavzuni yoritishda Milliy Ensiklopediyadan unumli foydalanildi. Milliy Ensiklopediya to‘plamlari qo‘shimcha manb’a vazifasini o‘taydi. Va nihoyat internet ma’lumotlari ular qisqa xronologik ma’lumotlar va sanalardan iborat. Internet ma’lumotlaridan qo‘shimcha manb’a sifatida foydalandik.
Kurs ishning amaliy ahamiyati. Kurs ishi materiallaridan maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida tashkil etilgan to‘garaklarda, fakultativ darslarda, oliy o‘quv yurtlarida jahon tarixidan seminar mashg‘ulotlari o‘tkazishda foydalanish mumkin.
Kurs ishning tuzilishi. Kurs ishi kirish, 3 ta savol, xulosa , foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati, ishning elektron varianti iborat.
Papa hokimiyati halqaro nufuzining pasayishi omillari
Evropa tarixidagi eng so‘nggi “diniy” urushga xotima bergan Vestfaliya sulhi papa Innokentiy X ning manfaati va xohishiga xilof ravishda tuzilgan edi. Papa yorlig‘ida bu sulh shartnomasi “hech qanday kuchga ega bo‘lmagan, odil-insofga zid, gunohga to‘la, e’tibordan soqit”- deb e’lon qilinib, Evropa mamlakatlaridagi katolik aholini bu sulhning “Qaysi mamlakatda tursang, o‘sha mamlakatning dinini qabul qil” degan asosiy tamoyilini tan olmaslikka chaqirdi. Lekin bu noroziliklarning hech qanday ta’siri bo‘lmadi. Vestfaliya sulhi feodal guruxining siyosiy tayanchi bo‘lgan Gabsburglar sulolasining tarixiy mag‘lubiyatini bildirardi, Gabsburglar sulolasining bu mag‘lubiyati bilan birga papa hokimiyati ham mag‘lubiyatga uchradi va shu paytdan boshlab u o‘zining avvalgi xalqaro ta’sirini yo‘qotdi.
Bir qancha mamlakatlar bilan, shular orasida protestantizm qaror topgan mamlakatlar bilangana emas, balki Fransiya va Ispaniya bilan ham papa hokimiyatining munosabatlari keskinlashib ketdi. Fransiyada Lyudovik XIV ning mutloq xokimiyatchilik rejimi Rim kuriyasining istaklarini juda cheklab qo‘yganligi sababli Fransiya bilan bo‘lgan janjallar ba’zan nihoyatda keskinlashib ketib, papa protestant mazhabidagi mamlakatlar - Gollandiya va Angliya bilan hamda Germaniyaning Lyudovik XIV ga qarshi kurash olib borayotgan protestant knyazliklari bilan ittifoq tuzar edi. Ikkinchi tomondan, “xudoning amr-farmonini bajo keltirish uchun” kurashayapman deb har qadamda takrorlagan bu “uchiga chiqqan xristian qirol” o‘ziga qaram italyan hukmdorlariga buyruqlar yuborib, ulardan imperatorning harakatlariga qarshilik ko‘rsatishni talab qilardi, holbuki papa imperatorni turklarga qarshi kurashida qo‘llab-quvvatlar edi.1 Fransuz ruhoniylarining ko‘pchiligi Lyudovik XIV ni quvvatlar edi, Lyudovik XIV shundan foydalanib, papa hokimiyatiga cherkov uchun o‘lpon yig‘ish huquqini berishdan bosh tortar va daromadning bu manbalarini o‘z qo‘liga kiritib olar edi.
“Gallikanlar cherkovining erkinligi” ni himoya qilish shiori ostida 1682 yilda chaqirilgan maxsus assambleyada cherkov-siyosiy isloxotlar dasturi tuzilib, unda “gallikanlar cherkovi”ning Rimdan haqiqiy mustaqilligi va qirol hokimiyatiga bo‘ysunganligi e’lon qilindi. Bu deklaratsiya fransuz mutloq xokimiyatining mustahkamlanishini va shu bilan birga papa hokimiyatining yana bir marta mag‘lub bo‘lganini ko‘rsatuvchi dalil edi.
Qirol hokimiyatini ilohiy hokimiyat deb va’z-nasihatlar qilib kelgan ruhoniy Bossyue boshliq “gallikanlar harakati”ga qarshi papa hokimiyati murosasiz kurash boshladi. Iezuitlar papa hokimiyatining zulmidan xoli bo‘lgan milliy cherkov tuzish, ruhoniylarni qirolga bo‘ysundirish g‘oyalariga qarshi keng miqyosda “ultramontan” hujumi olib bordilar. SHu bilan bir vaqtda ular falsafa va fandagi taraqqiyot g‘oyalarga ham qarshi chiqdilar.
Papa hokimiyatining Fransiyaga dushmanligi shu qadar kuchli ediki, hatto Lyudovik XIV ning gugenotlarga qarshi ko‘rgan choralari va uning 1685 yilda Nant farmonini bekor qilishi ham Rimning jahlini chiqardi. “Qirol – quyosh”ning bu siyosati “haqiqiy dinni himoya etish” va “ereslarni yo‘q qilish” shiorlari bilan niqoblangan bo‘lsa ham, “Mutlaq xokim” nomli risola avtori, dominikanlar ordenining generali Seno va ayniqsa Bossyue yozganidek, avvalo mutloq xokimiyatini “ilohiy hokimiyat” ni mustahkamlashga xizmat qilishini Rimdagilar yaxshi bilar edilar. Lyudovik XIV Nant farmonini bekor qilganini e’lon etganida papa Innokentiy XI unga rasmiy tabriknoma yuborgan bo‘lsa ham, papa hokimiyati Fransiyaga qarshi ittifoqqa yanada qat’iyroq qadam tashlab kirib, Augsburg ligasini quvvatlaydi va hatto “eretik” (“shakkok”) Vilgelm Oranskiy bilan yashirin bitim tuzish yo‘lini qidiradi. Ish ochiqdan-ochiq urush harakatlarigacha borib etdi. Qirol qo‘shinlari XIII asrdan boshlab “muqaddas” “taxt”ga qarashli bo‘lgan Avinonni ishg‘ol qildilar. Ammo 1690 yildr Lyudovik papa hokimiyatiga yon berish yo‘lini tutishga majbur bo‘ldi. U ko‘pgina masalalardagi da’volaridan voz kechdi, papaga Avinonni qaytarib berdi.1
1693 yilda fransuz ruhoniylari hatto “1682 yilgi assambleya deklaratsiyasi”dan voz kechish haqidagi bitimni imzolashga, “cherkov hokimiyati haqida va muqaddas taxtning ta’sir doirasi to‘g‘risida mazkur assambleyada qabul qilingan qarorlarning hammasi bekor hisoblanmog‘i lozim” deb tan olishga majbur bo‘ldilar. Bunday bayonnoma papaga qirolning o‘zi tomonidan ham yuborildi. Papa hokimiyati bilan Fransiya o‘rtasidagi uzoq kurashning bunday natija bilan tugashiga papa hokimiyatining kuchayishi sabab bo‘lgani yo‘q - uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori hamon ilgarigidek juda past edi. Ammo Lyudovik XIV ga qarshi tarkib topgan ittifoq shunchalik aniq bir narsa bo‘lib chiqdiki, qirol yon berishga majbur bo‘ldi.
Keyinchalik papani Ispaniya merosi masalasidagi fransuz talablarini quvvatlashga ko‘ndirib va papa bilan imperatorni janjallashtirib qo‘yib, Fransiya ham papa hokimiyatining siyosiy tomonlarini zaiflashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Buning oqibatida papaning Italiyadagi erlari yana urush maydoniga aylandi. Sulola qo‘shinlari Parma va Pyachensani (1706) oldilar, so‘ngra CHerkov xududidan o‘tib, Neapolga qarab yurdilar. Papa qo‘shinlari jang qilish qobiliyati yo‘qligidan birinchi to‘qnashuvlardayoq tor-mor bo‘ldi. Rim qo‘ldan ketish xavfi ostida qolganda papa qurollanish majburiyatini zimmasiga olib va Karl Gabsburgskiyning Ispaniya taxtiga vorislik huquqini tan olib, imperatorga sulh taklif qildi (1709).
Utrext sulhining tuzilishi (1713) papa hokimiyatining obro‘yi juda tushib ketganligini ko‘rsatdi. Bu sulh shartnomasiga binoan, papaga qarashli erlar (Neapol, Sitsiliya, Sardiniya, Parma, Pyachensa) papaning e’tiroz va noroziliklariga, ojizona do‘q va qarg‘ishlariga qaramay ayrim davlatlar tomonidan taqsim qilib olindi.
Papa hokimiyatining tushkunligi XVII va XVIII asrlarda katoliklarga diniy rahbarlik qilishda ham ko‘rindi. Papalar, hamon ilgarigidek, din masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini aytishni davom ettirdilar; “Muqaddas taxt” ning asosiy organlaridan biri bo‘lgan inkvizitsiya taqiq qilish, qoralash, qarg‘ish va la’natlashlarini to‘xtatmadi; yorliqnomalar chiqarilaverdi. Ammo bu sohada ham papa hokimiyati o‘zining avvalgi obro‘yini yo‘qotgan edi.
Iezuitlar qattiq qarshi chiqqan yansenizmning tez tarqalishi munosabati bilan XVII asr o‘rtalarida diniy masalalarda keskin munozaralar qizib ketdi. Gollandiya katolik dinining va’zchisi YAnseniyning «Avgustin» nomli kitobini YAnseniy vafotidan so‘ng ko‘p o‘tmay, papa taqiqlab qo‘ydi va “Taqiqlangan kitoblar ro‘yxatiga” kiritdi, chunki bu kitob katolitsizmning “ilohiy taqdir” haqidagi aqidasini qat’iy inkor qilishiga qarshi qaratilgan edi. Diniy jihatdan yansenizm kalvinizmga yaqin turar edi, ammo papaning cherkovdan ustunligini tan olib, u katolitsizm ichidagi oqimlardan biri bo‘lib qolaverdi. YAseniyning Parijdagi Por-Royal monastiriga joylashib olgan tarafdorlari va shogirdlari o‘z ustozining g‘oyalarini himoya qilib, qattiq kurash olib bordilar. Iezuitlar bilan faqat sof diniy masalalarda emas, balki axloq va falsafaga doir umumiy muammolar to‘g‘risida ham munozara qizib ketdi. Isonparvarlik va kishiga ishonch ruhi bilan sug‘orilgan g‘oyalar yanseniychilarning tanqidiy maqolalarida katta kuch bilan jaranglab eshitildi. YAnseniychilarning maslakdoshlari tobora ko‘paydi. Bular orasida mashhur olimlar va yozuvchilar bor edi; ajoyib faylasuf Blez Paskal yanseniychilarning g‘oyalari bilan sug‘orilg‘an va iezuitlarni soxta, munofiqona axloqini keskin fosh qilgan “Provinsiya maktublari” ni nashr qila boshladi. YAvseniychilar jamiyatining boshlig‘i, iezuitlarga va papaning cheklanmagan hokimiyati tarafdorlariga qarshi qaratilgan juda ko‘p tanqidiy risola va maqolalar muallifi, otashin va’zchi Antuan Arno edi. O‘sha zamondagi Fransiyaning eng buyuk mutaffakkiri Rene Dekart yansenizm ta’siri ostiga tushib qoladi, uning “Fikrlash san’ati” nomli kitobini YAnseniy mantiqi deb atashadi. YAnseniychilarning taraqqiyot g‘oyalari Rasin, Bualo va boshqalarning asarlarida ham aks etgan edi.1
Lekin yanseniychilarning dushmanlari yanseniychilarga qarshi kurashni tobora kuchaytirdilar. Ularning qutqusi bilan papa yanseniychilarning asarlarini bir necha marta qoralab chiqdi. YAnseniychilar harakatining rahbarlari Arnova boshqa bir qancha kishilar Fransiyadan ketib qolishga majbur bo‘ldilar.
YAnsenizm mavjud tartiblarga qarshi bo‘lgan siyosiy harakat tusini ola boshlagani tobora ravshanroq ko‘rinmoqda edi. U ijtimoiy munosabatlarni tubdan o‘zgartirishga undar va taraqqiyot g‘oyalarning rivojlanishiga yordam berar edi. Kirolning o‘ynashi Mentenon xonim yordami bilan iezuitlar Lyudovik XIV dan yanseniychilarni jazolashga rozilik oldilar. 1709 yilda Por-Royal yo‘q qilindi. Undagi monastir va maktablar buzib tashlandi. Qimmatli kutubxona va unda saqlanib kelgan juda ko‘p kitob va qo‘l yozmalar yo‘q qilindi. Ko‘pgina yanseniychilar chet ellarga qochib ketdilar.
YAnseniychilarni jazolash munosabati bilan butun Fransiyada, shuningdek, Italiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda ko‘tarilgan katta noroziliklarga qaramay, kirol va papa ularni ta’qib qilishni to‘xtatmadi. 1713 yilda papaning XVIII asrdagi diniy kurashda katta rol o‘ynagan farmoni- “Unigenitus” chiqdi. Sorbonna va boshqa bir qancha universitetlar, hatto ba’zi ruhoniylar bu farmonga rozi emasliklarini bildirdilar. Papa farmonini qoralovchi juda ko‘p maqolalar, pamfletlar, ko‘chma varaqalar paydo bo‘ldi. Umumcherkov yig‘inlari o‘tkazish va fransuz “milliy” cherkovi tuzish haqida talablar eshitila boshladi. Papa hokimiyati o‘z farmonidan norozi kishilarni, dindan qaytgan murtad,-deb e’lon qilajagi bilan qo‘rqitdi, yansenizmni qoralab chiqargan qarorlari hamma uchun majburiy ekanligini yana ta’kidladi. Iezuitlarga va papizmga nafrat ruhi bilan sug‘orilgan va “Unigenitus” yorliqnoma yuzasidan olib borilgan kurash tobora ko‘proq iezuitlar ordenini yo‘q qilish uchun kurashga aylandi. Iosif II singari “ma’rifatli” mutlaq xokim iezuitlarga qarshi, cherkov va maktabni davlatga bo‘ysundirish uchun kurashda yansenizm g‘oyalaridan foydalandi (“iozefinizm”).
YAnsenizm bilan bir vaqtda, kvietizm deb atalgan (kvietizm - latincha quies - osoyishtalik so‘zidan kelib chiqqan) boshqa bir diniy oqim ham tez rivojlana boshladi. CHerkovning ba’zi bir dogmatik qoidalarini yansenizm singari rad qilgan kvietizm mistik xarakterga ega edi. Bu diniy harakatning g‘oyalarini Rimda «Ruhoniy rahbar» nomli kitobini nashr qildirgan (1675) ispan popi Miguel Molinos ifodaladi. U bu kitobida, xristianning asosiy maqsadi va birdan-bir “najot” yo‘li o‘z ruhini hech bir qiynamaslikdan, cherkovning hech qanday aqidalari va talablari bilan ruhini hayajonga solmaslikdan, yaxshilik va yomonlikka, hatto o‘zining “qutulishiga”ga ham beparvo-befarq qarashdan iborat bo‘lmog‘i lozim,- degan fikrni bayon qildi. Ruh tamomila osoyishtalikka erishganidan keyin, Molinosning ta’limotiga qaraganda, “arshi a’lo”ga chiqib, sirli suratda xudo bilan birlashib ketar emish, Molinosning kitobi cherkov haqidagi iezuitlik - papachilik shartnomalariga ochiqdan-ochiq qarshi chiqishdan iborat bo‘lib, bir qancha mamlakatlarda, ayniqsa Fransiyada keng tarqaldi. Iezuitlarning talabi bilan Molinos inkvizitsiyaga topshirilib, uning zindonlarida qattiq qiynoqqa solinib o‘ldirildi. Lekin kvietizm g‘oyalari tarqalaverdi.
Bunga qirolning yuqori darajali amaldorlari, shu jumladan, episkop Fenelon himoyasi ostida bo‘lgan saroy bonusi, Gyuyon xonimning mistik asarlari yordam berdi. Fenelon ham o‘z navbatida kvietizm ruhi bilan sug‘orilgan bir qancha asarlar yozib bostirib chiqardi. Gyuyonning asarlari qoralangan bo‘lsa ham, lekin Kambrening arxiepiskopi bo‘lib qolgan Fenelon kvietizm g‘oyalari uchun kurashni davom ettiraverdi. U qirol va cherkov tomonidan qo‘llab-quvvatlangan arxiepiekop Bossyue bilan adabiy-diniy temada bahs-munozara qilishdi. Bu munozara juda ko‘p kishilarning e’tiborini o‘ziga jalb etdi va papa Innokentiy XII qirolning qistovi bilan 1699 yilda kvietizmni va Fenelon asarlarini qat’iy qoralab chiqqandan keyingina to‘xtadi.Lekin Gyuyon-Fenelon ruhidagi mistik g‘oyalar Fransiyadagina emas, balki undan tashqarida ham tobora ko‘p tarqalaverdi.
Papa hokimiyati yansenizm va kvietizmga qarshi olib borgan kurashida iezuitlarga va fransuz qiroli xonadoniga qaramligini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi, u siyosiy masalalarda o‘z manfaatlari qirol xonadoni manfaatlari bilan tez-tez to‘qnashib turishiga qaramay, qirol xonadoninikg talablariga so‘zsiz bo‘ysunar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |