2.Valyuta risklarining tasnifi va ularni xedjirlash Valyuta riskini boshqarishda asosiy e'tibor valyuta kursining o'zgarishi tufayli yuzaga keladigan yo'qotishlarni oldini olishga qaratiladi va tijorat banklari, multimilliy korxonalar va boshqa xo'jalik sub'ektlari muddatli valyuta bozori bitimlarini tuzish orqali valyuta riskidan pul mablag'larini himoya qiladilar. Bunda valyuta kursining tranzaksion, iqtisodiy va translatsion kabi turlari ajratib ko'rsatiladi.(2-chizmaga qarang). Tranzaktsion riskning vujudga kelishi tijorat banklarining kelajakdagi pul o'tkazmalariga valyuta kursining ta'sir qilishi bilan tushuntiriladi. Odatda tovar va xizmatlarning sotilishi va ular bo'yicha pul to'lovlarining sotuvchi hisobraqamiga kelib tushishi bir vaqtda sodir bo'lmaydi. Xorijiy valyutada savdo qiluvchi yirik kompaniyalarning kelajakdagi pul oqimlari valyuta ayirboshlashdagi o'zgarishlar tufayli riskka duchor bo'ladi. Shu sababli kompaniyalar kelajakda qancha miqdorda milliy valyuta olishini aniq bilmaydi. Chunki suzib yuruvchi valyuta kursi rejimida valyuta kursi talab va taklif asosida shakllanadi va doimiy o'zgarib turadi.
1-chizma Valyuta risklari va ularni boshqarish usullarining tasniflanishi
Tranzaktsion risk mavjud bo'lar ekan, firmalar 3 ta yirik vazifani bajarishi lozim bo'ladi: (1) risk darajasini aniqlash; (2) riskni xedjirlash kerakligi yoki zarur emasliligi borasida qaror qabul qilish; (3) agar riskni barchasini yoki bir qismini xedjirlashga qaror qilinsa, mavjud xedjirlash vositalaridan eng maqbulini tanlash. Har bir firma xedjirlash borasida biror qaror chiqarishdan oldin barcha valyutalar (u shartnomalarda qo'llaydigan) bo'yicha o'zining sof tranzaktsion riskini aniqlashtirishi lozim. Bu yerda “sof” termini ma'lum bir vaqt va valyutada kelajakda kutiladigan barcha kirim va chiqimlarning konsolidatsiyalashtirilishini bildiradi. Kutiladigan pul kirimlari va chiqimlari borasida hisobot tuzishda har bir shahobchadagi boshqaruvchilar muhim rol o'ynaydi. Markazlashgan boshqaruvchilar guruhi turli muddatlarda va har bir valyutadagi kelajakda kutiladigan sof pozitsiyasini aniqlash uchun shahobchalarning hisobotlarini umumlashtiradi. Har bir shahobchaning sof valyuta pozitsiyasini sinchkovlik bilan ko'rib chiqish orqali multimilliy kompaniyalar o'zining umumiy sof riskini aniqlashi mumkin. Lekin amaliyotdan ma'lumki, TMKlarning shahobchalaridan bir nechtasi o'zaro qarama-qarshi valyuta pozitsiyasini egallashi mumkin. Bunda valyuta kursi qanchalik o'zgarmasin, bu ikki shahobchaning umumiy sof kutiladigan riski 0 ga teng bo'ladi, ya'ni riskka barham beriladi. Shuning uchun ko'p shahobchali TMK barcha shahobchalarnikini emas, balki bir-birini riskini qoplamaydigan shahobchalarining valyuta pozitsiyalarini tahlil qilishi lozim. Bu vaqt va iqtisodiy jihatdan korxona uchun foydali hisoblanadi. Ayrim hollarda TMK o'zining baho siyosatini tranzaktsion riskni xedjirlash uchun qayta ko'rib chiqishi mumkin, ya'ni firma eksport va import shartnomalarida bir xil valyutadan foydalanishga harakat qiladi. Lekin xorijiy valyutadagi pul kirimlari va chiqimlarining muddat jihatdan muvofiq kelishida cheklovlar mavjud. Shuning uchun odatda firmalar ma'lum darajada tranzaktsion riskka duch keladi va ular turli xedjirlash vositalari orasidan optimalini tanlashi talab etiladi. Tranzaktsion riskni xedjirlashning quyidagi vositalari amaliyotda keng tarqalgan:
Fyuchers orqali xedjirlash;
Forvard orqali xedjirlash;
Pul bozori xedjiri;
Valyuta optsioni orqali xedjirlash.
Xedjirlash vositalarini tanlashdan avval firmalar har bir vosita taqozo qiladigan pul oqimlarini batafsil taqqoslashlari lozim. Turli xedjirlash vositalarining nisbiy afzalliklari vaqt o'tgan sayin o'zgarishi tufayli eng maqbul xedjirlash vositasi ham o'zgarib turadi. Fyuchers orqali xedjirlash. Valyuta fyuchersini harid qilish. Valyuta fyuchersini sotib olgan firma belgilangan muddatda, o'rnatilgan bahoda, kelishilgan valyutada va belgilangan miqdorda valyutani sotib olish huquqiga ega bo'ladi. Kelajakdagi xorijiy valyutadagi kreditorlik qarzlari bo'yicha to'lovlarni xedjirlash uchun firma yaqin kelajakda zarur bo'lgan valyuta uchun valyuta fyuchersini sotib olishi mumkin. Forvard orqali xedjirlashda bitimlar ma'lum makonda-birjada emas, balki virtual tuzilishi ham mumkin. Bundan tashqari forvard bitimi summasi bitim ishtirokchilari talabidan kelib chiqib tuziladi, ya'ni fyuchersga o'xshab standartlashtirilmaydi. Shunday bo'lsada, bu bitim ishtirokchilariga nisbatan qat'iy majburiyat yuklaydi. Pul bozori xedjiri deyilganda o'zgarish ehtimoli mavjud valyutada ma'lum pozitsiyani egallash tushuniladi. Bunda egar korxona ma'lum muddatdan so'ng xorijiy valyutani to'lashi lozim bo'lsa va xorijiy valyuta qadri oshishi kuzatilayotgan bo'lsa, milliy valyutada bankdan kredit oladi va bu mablag'ni xorijiy valyutaga ayirboshlab, bankka belgilangan muddatga qadar depozitga joylashtiradi. Valyuta optsioni orqali xedjirlash nisbatan qimmat va o'z navbatida qulay hisoblanadi, u xaridoriga majburiyat emas, balki huquq beradi. Agar optsion bitimi kursi amaldagi kursga nisbatan noqulay bo'lsa, unda xaridor optsiondan foydalanmaydi va uni muddati o'tgandan so'ng bekor bo'lishiga yo'l qo'yib beradi va qulay bahoda bozordan zarur mablag'ni xarid qiladi. Valyuta riskining boshqarish qiyin bo'lgan turi-bu iqtisodiy riskdir. Chunki firma bozordagi mavjud kon'yunktura o'zgarishidan ham talofat ko'rishi mumkin. Kurs o'zgarishi hisobiga korxona sotib oladigan xom-ashyo tovarlari va u sotadigan tayyor mahsulot kuchli ta'sir ostida qoladi. Bunda korxonaning rejalashtirilgan tushumga erisholmay qolishi valyuta kursi iqtisodiy riskining yorqin salbiy oqibati hisoblanadi. Chunki korxona talab va taklif qonunini tartibga solish imkoniyatiga ega emas. Shu tufayli bunday riskni boshqarish usuli sifatida quyidagilarni ajratib ko'rsatish mumkin:
1. Korxona operatsion faoliyatini restrukturizatsiya qilish. Bunda korxona xarid qiladigan xom-ashyolar va sotadigan tovarlari bitimining bir-biriga nisbatan teskari korrelyatsiyada bo'lgan valyutalarda tuzishlishi maqsadga muvofiq sanaladi.
2. Sotib olinadigan va sotiladigan tovarlar bitimi muddatini birxillashtirish. Bunda korxona tovarlarini sotgan kuni xom-ashyo sotib oladi va valyuta kursi riskidan ma'lum ma'noda himoyalanadi. Lekin korxona tovarlarini qachon va qancha miqdorda sotilishini rejalashtira olmaydi.
Translatsion risk turli xorijiy valyutadagi mablag'larni konsolidallashgan moliyaviy hisobotni tuzish paytida bitta valyutaga ayirboshlashda yuzaga keladi. Bunda kurs o'zgarishi haqiqatda salbiy ta'sirni yuzaga keltirmaydi. Chunki xorijiy valyutadagi mablag' haqiqatda ayirboshlanmaydi, u hisobraqamda turadi faqat bitta valyutaga hisobot uchun translatsiya qilinadi. Lekin bunda muammo bu translatsiyaning bozor ishtirokchilariga bir aktsiyaga to'g'ri keladigan daromad sifatida signal berishida namoyon bo'ladi. Boshqacha aytganda, joriy kurs bo'yicha tarnslatsiyalangan mablag'ning kamayishi hisobiga aktsiya bahosi pasayishi mumkin. Bu esa, investorlar uchun noxush xabar hisoblanadi. Shu tufayli, korxonalar translatsion riskni ham muddatli valyuta bozori bitimlari yordamida xedjirlashga kirishadi. Buning salbiy tomoni shundaki, korxona mablag'lari haqiqiy valyuta riski yo'qotishiga duch kelmagan holda, tuzilgan bitim summasiga haqiqiy rikka uchraydi. Buning natijasida haqiqiy yo'qotishlar ham yuzaga kelishi mumkin.